Jamiyat 24.05.2019 151

KO‘KNORGA O‘G‘IT BERIB PARVARISHLABDI

Bojxona nazorati

Mamlakatimizda giyohvand moddalar savdosi va iste’moliga qarshi keskin choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, hayotga yengil qarovchi ayrim shaxslarning hamon bu og‘u komiga tushib qolayotgani achinarli. Bu salbiy illatning avj olishida ushbu moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi hamda yetishtiruvchi shaxslarning alohida "hissa"si bor.

Bir necha kun muqaddam viloyatda giyohvandlik o‘simligini xufyona tarzda yetishtirib kelayotgan xonadon fosh etildi. Viloyat bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan Kasbi tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Fuqaro I.Z.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, hovlida alohida toshlar bilan ajratilib, hosili yaxshi bo‘lishi uchun o‘g‘itlanib ishlov berilgan yerda 68 tup ko‘knor giyohvandlik o‘simligi yashirin tarzda yetishtirilayotgani aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

DORILANGAN CHIGITDAN - ISTE’MOL YOG‘I?!

Viloyat bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari tomonidan viloyatda yana bir qonunbuzarlik holatiga chek qo‘yildi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi X.S. yashash xonadonida sifatsiz yog‘ ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, kimyoviy ishlov berilgan zaharli paxta chigitidan qo‘lbola usulda noqonuniy ravishda standart talablariga javob bermaydigan, sifatsiz iste’mol yog‘i ishlab chiqarilgan.

Viloyat bojxona boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, hozirda huquqbuzarning qilmishiga qonuniy baho berish choralari ko‘rilmoqda.

"LASETTI"GA YUKLANGAN 620 LITR DIZEL YONILG‘ISI

Viloyat bojxonachilari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida dizel yonilg‘isi noqonuniy aylanishining oldi olindi.

Ma’lumki, neft va yonilg‘i-moylash mahsulotlari mamlakatimizning strategik ahamiyatga ega boyliklari sirasiga kiradi. Ularni talon-toroj qilish milliy iqtisodiyotga putur yetkazadi. Shuning uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida neft mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali yashirincha olib o‘tilishi va ichki hududda noqonuniy aylanishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rib boriladi.

Biroq tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan qulay imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish o‘rniga soliq va bojxonadan qochib, mo‘may daromad orttirish ilinjida joriy tartib-qoidalarni qo‘pol ravishda buzadiganlar ham yo‘q emas.

Tezkor ma’lumot natijasida o‘tkazilgan tadbir davomida ma’lum bo‘lishicha, Qarshi-Shahrisabz yo‘li yoqasida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida to‘xtab turgan Sh.K.ga tegishli "Lasetti" rusumli avtomashina shubha ostiga olinib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasi hamda salonida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 31 dona 20 litr hajmdagi yelim idishlarga joylangan jami 620 litr dizel yonilg‘isi borligi aniqlandi.

Tegishli hujjatlar taqdim qilinmadimi, demak, faoliyat - noqonuniy. Ammo qilmishni qonuniy malakalash imkoni mavjud.

N.XO‘JAYEV