Qishloq xo'jaligi 02.07.2019 122

KO‘P TARMOQNING DAROMADI HAM KO‘P

Qishloq xo‘jaligi

Kechagi fermer bir yoki ikkita tarmoq bilan cheklangan bo‘lsa, bugun o‘nlab yo‘nalishlarda samarali ish yuritayotgan xo‘jaliklar soni ko‘p. Endilikda qishloq taraqqiyotini ularning ishtirokisiz tasavvur etish qiyin.

Koson tumanidagi "Shermat Saidov" fermer xo‘jaligi ham hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlaridan biri hisoblanadi. Bir necha yil muqaddam paxta va g‘alla yetishtirish bilan faoliyat boshlagan fermer o‘zining tashabbuskorligi, tadbirkorligi evaziga yana 10 dan ortiq qo‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirdi. Natijada daromad keluvchi manbalar soni oshib, xo‘jalikning iqtisodiy salohiyati yuksalib bormoqda. Bu esa yana yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkonini berayapti.

- Ayni paytda 152 gektar suvli hamda 21 gektar lalmi yer maydonimiz bor, - deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Ikrom Suyarov. - Bu yerda paxta, g‘alla va chorva ozuqasi yetishtiramiz. Chunki so‘nggi yillarda chorvachilik ham asosiy tarmoqlarimizdan biriga aylanib ulgurdi. Hozir 80 ga yaqin yirik shoxli mollarimiz bor. Ularning 30 tasi xorijdan olib kelingan zotdor sigirdir. Bundan tashqari, 500 boshdan ortiq mahalliy zotga mansub qo‘y, 50 bosh ot hamda 20 ga yaqin tuya boqayapmiz. Hududdagi ko‘plab tadbirkorlik subyektlari bilan chorva mahsulotlari yetkazib berish borasida shartnomalarimiz mavjud.

Shu bilan bir qatorda, xo‘jalikda boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlari va aholi tomorqalariga shartnoma asosida texnika xizmatlarini ko‘rsatish ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.

- Ish boshlagan dastlabki yillarimizdanoq xo‘jalikning moddiy texnika bazasini shakllantirishga, faoliyatimiz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilganmiz, - deydi Ikrom Suyarov. - Bugunga kelib "Keys", "Magnum" kabi zamonaviy o‘rim va haydov texnikasi, 5 ta yangi "MTZ" rusumidagi traktor, shuningdek, barcha turdagi qishloq xo‘jaligi uchun zarur agregatlarimiz mavjud. 

Albatta, daromadning oshishi fermerga boshqa sohalarga ham sarmoya kiritish imkonini bermoqda. Masalan, bir necha yil avval u tumanda 600 o‘rinli zamonaviy to‘yxona qurib, foydalanishga topshirgan edi. So‘ng yoniga yana ko‘plab xizmat ko‘rsatish va savdo do‘konlari tarmog‘i qo‘shildi.

Xo‘jalik vakilining ta’kidlashicha, ayni paytga kelib xo‘jalikda 130 dan ortiq kishi doimiy ish o‘rniga ega. Yil davomida yana ko‘plab mavsumiy ishchi kuchidan ham foydalaniladi. Daromad ham shunga yarasha. O‘tgan yili xo‘jalikda faqat sof foydaning o‘zi qariyb 400 million so‘mni tashkil etgan. Bu yil esa kamida yarim milliardni ko‘zlab mehnat qilishmoqda. Shu bilan birgalikda, yana yangi tarmoqlarni tashkil etish, eng avvalo o‘zi yetishtirayotgan mahsulotlarni shu yerning o‘zida qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot holida chiqarish fermerning navbatdagi rejalaridan biriga aylangan.

Albatta, faqat bitta tarmoqni ushlab, kelayotgan daromadga qanoat qilish bugungi davr uchun begona. Buni to‘g‘ri anglab, shunga monand harakat qilayotgan, yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarayotgan fermer borki, sohada yanada katta yutuqlarga erishmoqda. Shu asnoda el-yurt farovonligiga, qishloqlar obodligiga hissa qo‘shayapti. Aslida fermerlik harakatidan ko‘zlangan maqsad ham ana shu: har bir fermer aholining farovon hayoti, qishloq taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetakchi kuchga aylanishiga erishishdir.

J.BOYMURODOV