Tibbiyot 06.08.2019 40

KO‘Z KASALLIKLARINI DAVOLASH TUBDAN YAXSHILANADI

Tibbiyot va islohot

Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida ilk bor bemorlar asoslangan tomografik ko‘rikdan o‘tkazila boshlandi.

Viloyat hokimi tashabbusi bilan shifoxona moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 1 milliard 100 million so‘m ajratilib, kompyuter tomografiya, fakoemulsifikator va lazer apparatlari sotib olish rejalashtirilgan edi. Kuni kecha 403 million 200 ming so‘mga ko‘z kasalliklarini davolashda foydalaniladigan tomografiya apparati olib kelinib, hindistonlik hamkorlar tomonidan o‘rnatildi.

- Bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish maqsadida tomografik ko‘rikdan o‘tish uchun ularni Samarqanddagi xususiy klinikalarga yuborardik, - deydi shifoxona bosh shifokori Bahriddin Eshdavlatov. - Endi bemorlarga o‘zimizda aniq tashxis qo‘yiladi. Bu hindistonlik malakali mutaxassislar ishtirokida viloyatimiz oftalmologlari tomonidan amalga oshirildi. Ushbu apparat bilan ishlashda shifokorlarimiz malakasini oshirish uchun mutaxassislarimizni respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasiga bir haftalik amaliyotga yuborayapmiz. O‘ylaymanki, fakoemulsifikator va lazer apparatlari olib kelingandan so‘ng bemorlar tashxis va davo uchun Toshkent shahriga yoki xorijga borishlariga hojat qolmaydi. Barcha zarur jarrohlik amaliyotlari o‘zimizda bajariladi.

Davlat tibbiyot muassasalari ichida mazkur tomografiya apparati faqat Toshkent shahrida va viloyatimizda mavjud bo‘lib, bemorlarni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish va asosli tashxislash, ayniqsa, ko‘z kasalliklari bo‘yicha nogironlik guruhlarini aniqlashda asqatadi.

Shohista BOZOROVA