Jamiyat 02.07.2019 44

KO‘ZING QAYERDA EDI, ISTE’MOLCHI?

Munosabatga munosabat

KO‘ZING QAYERDA EDI, ISTE’MOLCHI?

Yoxud muammoga faqat bir yoqlama qaraydigan "O‘ztransgaz" javobi xususida

Xabaringiz bor, biroz avval gazetamizning 4-iyun sonida, O‘zA rasmiy saytida "Tuya go‘shti yegan penya yoxud Qarshida tabiiy gaz iste’molchilarini nima sarosimaga solayapti?" sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda shu kunlarda aksariyat abonentlarga kechikkan qarzdorlik bo‘yicha yoppasiga penya hisoblanayotgani, 4-5 yilligi ko‘tarilgani bois ayrimlarga hatto 1-2 million so‘mgacha jarima solingani haqida aytilgandi. Ahamiyatlisi, ushbu maqolaga "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati munosabat bildirdi. Jamiyat rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida mazkur tanqidga javob berildi.

Unda jumladan shunday deyiladi: "Iste’molchi bilan ta’minotchi tashkilot o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatilganidek, gaz iste’molchiga belgilangan muddatlarda uzluksiz holda (ayrim texnik nosozlik ro‘y bergan holatlar bundan mustasno) yetkazib beriladi.

Iste’molchilar bilan tuzilgan tipovoy shartnomada, har oyning birinchi o‘n kunligida, ya’ni 10-sanasigacha avvalgi oyda sarflangan gaz haqini to‘lash majburiyligi qat’iy belgilangan. Binobarin, oyning 11-sanasidan boshlab, muddatida to‘lanmagan haq uchun kuniga 0,1 koeffitsent miqdorida avtomatik ravishda penya hisoblash jarayoni boshlanadi. Shartnomada, shuningdek, 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya hisoblanishi, 50 foizdan oshgan holatda, iste’molchi to‘lovni amalga oshirmagunga qadar, gazdan foydalanish huquqiga ega emasligi belgilab qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, maqolada nomlari ko‘rsatilgan Qarshi shahar Chaqar mahallasida yashovchi fuqaro G.X.ning xonadoni 2008-yil 1-yanvarida "Qarshishahargaz" filialida abonent sifatida ro‘yxatga olingan. Ushbu xonadon, shuningdek, "Billingaz" dasturida ham 2011-yil 1-yanvarda "Qarshishahargaz" filialida abonent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Xonadonning abonent kartasi o‘rganib chiqilganda, mulkdorga gaz iste’moli uchun 2019-yil aprel holatida pulni kechiktirib to‘laganligi natijasida  1 million 857 ming 801 so‘m penya hisoblangan.

Joriy yilning may oyida penya qarzdorligi uchun 150 ming so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa-da, fuqaro G.X. yuzaga kelgan qarzdorlikka va penya miqdoriga qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda e’tiroz bildirmagan.

Shu o‘rinda, bu fuqaro qarzdorlikni va yuzaga kelgan penya miqdorini qayta hisoblash, kamaytirish, olib tashlash kabi masalalarda hududiy gaz ta’minoti filialiga murojaat qilishi, murojaatga berilgan javobdan qoniqmagan taqdirda, o‘z manfaatlarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega ekanligini tushuntirish lozim.

Shuningdek, maqolada nomlari zikr etilgan boshqa fuqarolar ham o‘zlarining huquqlari bilan birga burchlari nimadan iboratligini   bilib qo‘ysalar, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Zero, gaz, suv, elektr manbalari - xalq boyligidir.

Umuman olganda, qonunchilikda keng imkoniyat yaratilganiga qaramasdan, hech bir sababsiz to‘lovni vaqtida amalga oshirmagan, qarzdorlikka ko‘z yumgan, jarimadan qochgan fuqaro borki, qonun oldida javob beradi. Shundan kelib chiqib, iste’molchilarning foydalanilgan tabiiy gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi oqibatida kelib chiqqan qarzdorlik va penya undirish xususida sudlarga da’vo arizalari kiritilib, tegishli  fuqarolarga nisbatan sud qarorlari chiqarilayotgani, ulardan qarz va penyadan tashqari davlat boji bilan birga sud xarajatlari ham undirilayotganini ta’kidlamasdan ilojimiz yo‘q.

Shu o‘rinda Qashqadaryo viloyati hududiy gaz ta’minoti filialining faoliyati yuzasidan muallifning jurnalistik surishtiruvi, holatni o‘rganishda xolislikka tayanmaganligi, havola qilingan faktlarda noaniqliklar mavjudligini ham ta’kidlash lozim. Jumladan, maqolada nomlari keltirilgan Qarshi shahar Gulshan mahallasida yashovchi fuqaro N.Hamidova hamda Qarshi tumanida yashovchi fuqaro A.Xudoyqulov "Billingaz" dasturidagi ro‘yxatda mutlaqo yo‘qligi, bunday fuqarolar haqidagi ma’lumotlarning o‘zi mavjud emasligi ham fikrimizning tasdig‘idir.

Kezi kelganda tan olishni ham bilish kerak... Maqolada tilga olingan Qarshi shahar gaz uchastkasida 2 nafar "O‘ztransgaz" AJ operatori shtati mavjud bo‘lib, ulardan biri ulgurji iste’molchilarning hisob-kitobi bilan shug‘ullanadi, biri esa aholi iste’molchilarining hisob-kitob ishlarini yuritadi. Muallif to‘g‘ri ta’kidlaganidek, "Qarshishahargaz" uchastkasida to‘lovning bu holatda amalga oshirilishi tirbandliklarni keltirib chiqarib, fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layapti. Bu yerda bir kunda taxminan 300 dan ziyod fuqaro tabiiy gaz to‘lovini amalga oshirishni niyat qilib keladi. Afsuski, operatorlar shtati kamligi tufayli, ularning 50-60 nafarigina penya qarzdorligini to‘lay olayapti, xolos. Ayni paytda tizimda mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qilamiz..."

*  *  *

Mazkur javobdan shunday sha’mani tushunish mumkin: 4-5 yilligi bo‘ladimi, penya aholiga to‘g‘ri hisoblangan, hammasiga iste’molchining o‘zi aybdor. E’tiborsizlik qilgan, vaqtida qarzini to‘lamagan. Bu yerda gaz ta’minoti korxonasi haq. Boshqa chorangiz yo‘q, to‘lamay qayerga ham borasiz.

Xullas, shunday deyishmoqchi mutasaddilar. Munosabatdan ham barchasi bilinib turibdi. Har holda yondashuv iste’molchi manfaatini ko‘zlab qilinmagani ochiq ko‘rinib qoldi. "O‘ztransgaz" AJ axborot xizmati buning uchun talay vajlarni ham qalab tashlagan, axir. Go‘yoki shu bilan muammo hal bo‘lgandek, tanqidga javob berilgandek.

Xo‘sh, aslida bu vajlarning qanchasi asosli? Rostdan ham  tanqid o‘rinsizmidi? Barcha aybni faqat iste’molchiga ag‘darish qay darajada to‘g‘ri?

Endi shu xususda so‘z yuritsak. Mutasaddilar o‘z munosabatining avvalidayoq "tipovoy" shartnomani dastak qilishgan, abonent majburiyatlarini eslatishgan. Haqiqatan ham shunday, shartnoma - barchasi belgilab qo‘yiladigan hujjat. Ammo shartnoma umuman bo‘lmasa-chi? Muammo shunda. Hududiy ta’minot korxonasi bugungi kunda qancha iste’molchi bilan shartnomaviy munosabat yuritayapti o‘zi? Mijozlarning qanchasiga rasmiy "dogovor" berilgan? Bu haqda lom-mim deyilmagan. Afsuski, amaliyot ko‘rsatishicha, hozirda aksar hollarda shartnoma tuzmasdan, faqat abonent daftarchasi yuritish bilan kifoyalanishmoqda. Xuddiki bu asosiy hujjat sifatida o‘tadigandek. Maqolada shu jihatga ham alohida to‘xtalib o‘tilgandi. Qonuniy shartnoma bo‘lmagach, birovdan majburiyat talab qilish mantiqdanmi?

Ikkinchi holat "O‘ztransgaz" AJ mutasaddilarining muammoni o‘rganishi bilan bog‘liq. Qizig‘i, maqolada nomlari aytilgan iste’molchilargina ularning o‘rganishi nishoniga aylangan. Biroq penyadan jabr ko‘rgan faqat bular emas-ku? Surishtiruv o‘tkazilayotgan kuni ayni masalada 50 nafardan ziyod kishi e’tiroz bildirgandi. Boshog‘riq ko‘paytirishni istamaganlari esa to‘lab qutulishni ma’qul ko‘rayotgandi (Qashqadaryo bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali ma’muriyati esa o‘sha paytda qancha fuqaroga penya hisoblangani haqida rasmiy ma’lumot taqdim etishdan bosh tortgandi - tahririyat). Axir maqolada hamma norozi iste’molchidan intervyu keltirish imkonsiz. Borlari ham misol tariqasida edi.

Mutasaddilar esa oson yo‘ldan borishibdi. Jurnalistga intervyu bergan bir-ikki iste’molchi bilan joyiga chiqib uchrashib, go‘yoki muammoni "bosdi-bosdi" qilishibdi-qo‘yishibdi. Lekin shuni unutishibdiki, bu masala ko‘pchilikni qiynayapti. Shuning o‘ziyoq gaz idorasidagilarning ish uslubi qanday ekanini ko‘rsatmaydimi?!

Boshqa bir o‘rinda maqola muallifini "noxolisligidan" yozg‘irishibdi. Muxbirga dardihol qilgan ikki iste’molchi gaz ta’minoti korxonasi dasturida yo‘q emish, o‘ylab topilgan, deyishmoqchi. Vaholanki, penya masalasida shikoyat qilgan o‘qituvchi yashab turgan xonadoni turmush o‘rtog‘i nomida ekanini bildirgandi. Keyingi abonent bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshash. Nega endi ulardan tabiiy gaz iste’molchisi sifatida fikr olish  mumkin emas? Hech bir isbotsiz, aniqlamay turib, kishini noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlikda ayblash qanchalik to‘g‘ri? Chunki maqoladagi barcha faktlar o‘rganilib tekshirilgach, keyin  nashrga berilgan.

Xo‘p, endi o‘zingiz ayting, kim bu yerda noxolis? Muammo keng qamrovli bo‘lgani holda faqat bir-ikki iste’molchini "tinchlantirish" payiga tushgan "O‘ztransgaz" AJ mutasaddilari shu savolni o‘zlariga berishsa yaxshiroq bo‘lardi.

Munosabatda to‘lov intizomi, iste’molchi burchi haqida ham fikr bildirilibdi. Mayli, abonentlar mavjud qonun-qoidani pisand qilmayapti, deylik.  Gaz idorasi-chi, o‘z majburiyatini ado etmoqdami? Maqolada ham Vazirlar Mahkamasining o‘sha 22-sonli  qarorida "maishiy iste’molchilarga tabiiy gaz iste’molini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi", degan meyor ijrosi shu paytgacha qay darajada ta’minlandi, deya so‘ragandik. Qonun ustuvorligini pesh qilayotgan "O‘ztransgaz" AJ axborot xizmati negadir shunga kelganda biror so‘z aytishga ojiz qolibdi yo buni atay nazardan  qochirgan.

Bir joyda mard ketishibdi: aholidan to‘lovni qabul qilishda tirbandlik bo‘layotgani, bu esa "gazchilardan  boshqa hech kim ko‘rmagan" shartnomada qayd etilgani kabi to‘lovlarni oyning 10-sanasiga qadar amalga oshirishga imkon bermayotganini tan olishibdi. Shu sabab iste’molchining qarzdorligi kechikayotgani, faqat buning natijasida bu  "siylov" sifatida ularga penya solinayotganiga ro‘yi-rost iqror bo‘lishmabdi, xolos. Ularning mantig‘iga tayansak, shu joyda ham baribir abonent nohaq.

Ammo bu iqrorlardan hech kimga naf yo‘q. Qaytanga, shu vaziyatni izga, tartibga    solishsa, intizomli bo‘lishga harakat qilayotgan iste’molchiga yengillik, qulaylik yaratib berishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Tanqidiy maqolaga rasmiylarning munosabati shu bilan yakun topgan. Biroq unda ko‘tarilgan asosiy savollar ochiq qolgan. Birinchidan, aholi e’tirozining bosh sababi - eski qarzlarga hisoblangan penya nega endi dolzarblik kasb etdi? O‘sha 4-5 yil oldin qayerda edi shu gaplar? Yoki odamlar tusmol qilganidek, bunda boshqa bir qing‘irlik bormi? Shunday bo‘lsa, nima uchun jabri iste’molchilar zimmasiga tushishi kerak?

Ikkinchidan, mayli, penyasi "tug‘ib" yotgan ekan, nega vaqtida xabar berilmagan? Na to‘lov kvitansiyasida aks etgan bu. Jarimasi bo‘lgani holda ko‘pchilikka "tabiiy gazdan qarzi yo‘q" degan ma’lumotnoma berilganini qanday tushunish kerak? "O‘ztransgaz" AJ saytida ham penya qarz sifatida ko‘rilishi bildirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, maqola keng omma e’tiboriga havola etilgach, Qarshi shahar gaz uchastkasi darhol etagini yopishga tushibdi.  Penyadan so‘z ochgan iste’molchilarning og‘ziga sanasi kechiktirilgan ogohlantirish xatlari bilan urayotgan emish. "Bir balosi bo‘lmasa...", dermidi?

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan da’vo muddati uch yil deb belgilangan. Asoslantiruvchi hujjatlarni saqlash, isbot-dalil keltirishning qiyinligi e’tiborga olinib shunday qilingan.

Xo‘sh, gaz idorasi qay asosga ko‘ra 4-5 yillik penyani ko‘tarayapti? Yana bir gap. Oxirgi 2-3 yilda to‘lov intizomi bir qadar yaxshilanib, aholi foydalangan gaz, elektr energiyasi uchun to‘lovni kechiktirish o‘z zarariga ishlashini tushunib ulgurgan. 10-20 kun farq qilishi mumkin, biroq to‘lovni bir oydan o‘tkazib yuborayotgan kishi kam hozir. Chunki majburiy ijro byurosi otliq idora bor e’tiborini shunga qaratgan, jazo qattiq. Tarmoqdan shartta uzib qo‘yishadi. 100 ming so‘m qarzdorlikka arzimagan 100 so‘m penya hisoblanishini, bu borada kodeks asosida ish yuritish zarurligini e’tiborga olsak, deyarli hech kimga 1 million so‘mgacha penya chiqmasdi. Boisi, paysalga solingan qarzdorliklarning asosiy qismi 4-5 yil ilgari shakllangan. Mana nega katta davr olingan? Gaz idoralarida ham hisob-kitobni yaxshi biladigan kishilar ishlaydi axir.

Indallosi, "O‘ztransgaz" AJ muammoga faqat bir tomonlama qaraganiga shubha yo‘q. Aks holda, masalani kengroq ko‘ra olishgan, muammoga javobni uzoqdan emas, balki yaqindan, tizim ichidan axtarishgan bo‘lardi. Shunda hamma aybni aholiga to‘nkashga hojat qolmasdi. Ammo "Ko‘zing qayerda edi, iste’molchi?" deyishdan nariga o‘ta olishmayapti. Bu ogohlantirish ham to‘g‘ridek nazarimizda. Fuqarolar ham ko‘zini ochsin-da endi. Axir bu birinchi marta emasku. Kamomad chiqib qolsa, ta’minot korxonasi abonentlarga, hatto marhumga noreal qarzdorlik yozib, hunar ko‘rsatgani hali unut bo‘lgani yo‘q. Shu taxlit ishlaydigan tashkilotdan esa ehtiyot-shart har narsa kutish mumkin.

TAHRIRIYAT