Jarayon 23.08.2019 35

KOLLEJ O‘QUVCHISI RESPUBLIKADA ENG YAXSHI OSHPAZ SIFATIDA E’TIROF ETILDI

Tanlov

Qarshi tumani servis va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi  Jamshid Murodov "Eng faol yosh ishchi kasb egasi" tanlovining respublika bosqichida "Oshpazlik" nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, diplom va qimmatbaho  sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu tanlovdan  yoshlarning xalqaro standartlar asosida kasblar egallashi, kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, qobiliyatlilarni rag‘batlantirish maqsadi ko‘zlangan.

Unda  16 yoshdan  25 yoshgacha bo‘lgan xodimlar hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari ishtiroki ko‘zda tutilgan.

- Tanlovda bizning yo‘nalishda hududiy bosqichlarda 1-o‘rinni egallagan 13 nafar ishtirokchi qatnashdi, - deydi Jamshid Murodov. - Dastlabki bosqich nazariy qismdan iborat bo‘ldi. Bunda o‘zimiz tanlagan biletlar bo‘yicha berilgan savollarga javob berdik. So‘ngra barcha ishtirokchilarga bir xil amaliy mashg‘ulot — milliy taomimiz - osh pishirish vazifasi yuklatildi. Jarayonni malakali mutaxassislar kuzatib bordi. Hakamlar hay’ati tomonidan men tayyorlagan osh  yuqori baholanganida o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada ortdi.

SH.BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan surat.