Jamiyat 17.09.2019 44

KOMPYUTER NURI KO‘Z UCHUN QANCHALIK ZARARLI?

Tibbiyot va islohot

Ko‘z inson sezgi a’zolari ichida eng muhimidir. Chunki dunyo go‘zalliklarini ko‘z orqali ko‘rib, idrok etamiz. O‘qib bilim olish, kasb-hunar o‘rganish, hatto yaxshi-yomonni ajratish uchun ham ko‘zlarimizning ko‘magi cheksiz. Dunyo miqyosida doimiy ravishda ko‘z kasalliklarining oldini olish, samarali davolash usullarini joriy etishga katta ahamiyat qaratilayotgani ham bu a’zoning inson hayoti uchun naqadar zarur ekanligiga asoslanadi.

Mamlakatimizda ham oftalmologiya sohasida qator yangiliklar hayotga tatbiq etilmoqda. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar viloyatimizda nimalarda aks etayotir? Ayni paytda viloyatda ko‘z kasalliklarining qaysi turlari ko‘p uchraydi? Ularni davolashda qanday usullardan foydalanilmoqda? Ushbu savollar bilan viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi mikroxirurgiya bo‘limi shifokori Baxtiyor TO‘RAYEVga murojaat qildik.

Milliard so‘mga zamonaviy apparatlar

- Kishi ko‘zi bilan atrof-olamga faqat qaraydi, miyasi orqali esa uni ko‘radi. Axborotning to‘qson foizi ko‘z orqali qabul qilinishining o‘ziyoq ko‘zning qanchalik ahamiyatli ekanligini anglashimizga yordam beradi. Yurtimizda ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va samarali davolashda jahonning ilg‘or tajribalari keng qo‘llanilmoqda. Viloyatimizda ham aholiga oftalmologiya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy-profilaktika yordami sifatini yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda shifoxonamizga 1 milliard 100 million so‘mlik mablag‘ hisobidan kompyuter tomograf, fakoemulsifikator va lazer apparatlari olib kelingani juda katta imkoniyat bo‘ldi. Ushbu apparatlar yordamida endi o‘zimizda jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

Qaysi kasalliklar ko‘p uchraydi?

- Ko‘zning optik qismi bor. U tashqaridan tushadigan nurni qabul qiluvchi - gavhar, shox parda va shishasimon tana. Ular tashqaridan tushadigan nurni sindirib, ko‘z orqasidagi to‘r pardaga tushirib beradi va ko‘zimiz 100 foiz ko‘ra boshlaydi. Agarda ulardan bittasida zo‘riqish yoki tug‘ma nuqson kuzatilsa, ko‘rish qobiliyati past bo‘ladi.

30 foiz holatda odamlarda tug‘ma yoki nasliy kasalliklar, shuningdek, keyingi davrlarda katarakta, tomir tizimi kasalliklari, diabetik retinopatiya kabi ko‘z nuqsonlari ko‘p uchramoqda. Shu bilan birga, ko‘z kasalliklari yasharishi kuzatilmoqda.

Shifoxonamizda ayni paytda kuniga 120 qatnovga mo‘ljallangan konsultativ-diagnostika poliklinikasi, 85 o‘rinli statsionar, jarrohlik, zamonaviy laboratoriya va markazlashgan sterilizatsiya bo‘limlari  faoliyat yuritmoqda.

Yana bir gap. Keyingi yillarda ko‘z qurishi sindromi ko‘paymoqda. Bunga sabab, telefon yoki kompyuterda ko‘p ishlaymiz. Ba’zida diqqatimiz oshib ketganidan ko‘zlarimizni pirpiratish ham esimizdan chiqadi. Aslida qovoq bir daqiqada 100 marta ochilib, yopilish kerak. Qattiq tikilganda bu vazifa 50 marta bajariladi. Ko‘z ochiq qolgandan keyin shilliq qavatni kompyuter nuri kuydiradi. Buning oldini olish uchun kishi har 20 daqiqada ko‘z mashqlarini bajarishi lozim.

E’tiborsizlik - og‘ir xastaliklarga sabab bo‘ladi

- Glaukoma (ko‘z ichida bosim oshishi) o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rish qobiliyatining tiklanmaydigan darajada pasayishi, hattoki ko‘rlikka olib keladi. Unga hech qanday davo yo‘q. Gemoftalm (ko‘zga qon quyilishi) kasalligida ham bemorlarni davolash orqali bir necha foizgina ko‘rishiga erishish mumkin, xolos. Retinoblastoma (ko‘z ichida o‘sma) kam tarqalgan bo‘lsa-da, batamom xavf solmaydi, deyolmaymiz. Ba’zida xastalik chaqaloqlik davridan boshlanib, 2-3 yoshga kelibgina seziladi. U ko‘proq 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Asosiy belgilari - ko‘z qorachig‘ining g‘ayrioddiy ravishda yaltirab-yonishi, ko‘rish qobiliyati pasayishi natijasida g‘ilaylik paydo bo‘lishidir. Retinoblastomaning bu tarzdagi dastlabki simptomlari namoyon bo‘ldi  deguncha, bolani zudlik bilan shifokor ko‘rigidan o‘tkazish lozim.

Raqobat - izlanish va intilish demakdir

- Bugun barcha sohalar qatori tibbiyotda ham raqobat muhiti yuzaga kelmoqda. YA’ni sohada xususiy sektor rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, viloyatimizda ham ko‘z kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan bir qator xususiy muassasalar faoliyat ko‘rsatayapti. Buning aholi uchun ham, shifokorlar uchun ham afzal jihatlari ko‘p. Chunki raqobat muhiti  doimiy izlanishga, intilishga undaydi. Zero, har birimizning salomatligimiz o‘z qo‘limizda ekan, bizni olam bilan birlashtirayotgan ko‘zlarimizni asraylik.

47 yillik mehnatning e’tirofi

- Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan mukofotlanganim 47 yillik  mehnatimning e’tirofi, qadrlanishi, rag‘bati bo‘ldi. Insonlarning ko‘z nurini asrashga qaratilgan faoliyatimizni yanada mas’uliyat va shijoat bilan davom ettiramiz. Mukofot nafaqat meni, balki butun jamoamizni shunga undadi.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Muallif olgan surat.