Tibbiyot 04.10.2019 25

KONSERVALANGAN MAHSULOTLAR NIMASI BILAN XAVFLI?

Mutaxassis maslahati

Sir emas, ko‘pchiligimiz meva-sabzavotlarni pishiqchilik mavsumida konservalab, qish va bahor oylarida iste’mol qilishga odatlanganmiz. Qolaversa, bu organizmning kerakli oqsil, yog‘, uglevodlar, turli vitamin va minerallarga bo‘lgan talabini qondirish uchun ham zarur. Chunki qish oylari iste’mol qilayotgan oziq-ovqatlarimiz retseptida meva-sabzavotlarning kam bo‘lishi, asosan qaynatilgan, qovurilgan, dimlangan mahsulotlarni tanovul qilishimiz natijasida organizmda zarur biologik faol moddalar miqdori kamayib ketadi. Yozda konservalab qo‘yilgan meva-sabzavot mahsulotlari esa bu borada ayni muddao.

Biroq masalaning boshqa bir tomoni borki, bu so‘nggi vaqtlarda tez-tez qulog‘imizga chalinib qolayotgan botulizm (ovqatdan zaharlanish) kasalligi bilan bog‘liq. Boisi, konservalangan mahsulotlarda bakteriyalar tez va oson ko‘payadi. Uni iste’mol qilish natijasida esa botulizm kelib chiqishi mumkin.

Mazkur kasallik belgilari bir necha soatdan 2 kungacha bo‘lgan muddat ichida namoyon bo‘lib, bemorda ko‘zning xiralashishi, qovoqlarning osilib qolishi, og‘iz qurishi, qusish, alahsirash, qovurg‘alar orasi mushaklari va diafragma mushagining falajlanishi natijasida nafas olish qiyinlashishi va yuzda ko‘karish paydo bo‘lishi kuzatiladi. Nerv va yurakning nerv tugunlari zararlanishi natijasida qon bosimi tushib ketadi va shoshilinch davo choralari ko‘rilmasa, bemor hatto vafot etishi ham mumkin.

Xo‘sh, bunday ko‘ngilsiz holatlarga yo‘liqmaslik uchun nima qilish kerak: konservalangan mahsulotlarni umuman iste’mol qilmaslik joizmi yoki konservalash jarayonida belgilangan talablarga amal qilish?

Albatta, konservalangan mahsulotlar iste’molini butunlay cheklash imkonsiz, shunday ekan, uni tayyorlashda quyidagi talablarga qat’iy amal qilish lozim.

Sifatsiz mahsulotlardan foydalanilsa...

Odatda biz konservalash uchun meva-sabzavot tanlayotganimizda uning sifatiga ko‘pam e’tibor qaratmaymiz. Po‘stlari shilingan, ezilgan, sifati buzilgan meva-chevalar, poliz ekinlari va sabzavotlarni ham bemalol sotib olib, konservalab tashlayveramiz. Chunki bizda konservalash uchun mahsulotning sifati unchalik ahamiyatsiz, ularni qaynatganimizda zararli moddalari yo‘q bo‘lib ketadi, degan tushuncha mavjud.

Ammo ezilgan, shilingan va chiriy boshlagan mahsulotlarda mikroblar ko‘payib, o‘zidan tegishli zahar (mikotoksinlar) ishlab chiqaradi. Bunday mahsulotlar yuvilib, qancha qayta ishlanmasin, tarkibidagi zahar batamom yo‘q bo‘lib ketmaydi, hatto konservalangan holatda ham saqlanib qoladi. Uni iste’mol qilishimiz bilan zaharning ko‘p yoki kamligiga qarab organizmda botulizm belgilari yuzaga chiqa boshlaydi.

Shu bois konserva tayyorlashda faqat yangi uzilgan, sifati buzilmagan mahsulotlardan foydalanish zarur.

Mevasidan danagi shirinmi?

O‘rik, shaftoli, olcha yoki shu kabi mevalarni konservalashda danagini ajratmaymiz. Hatto bir qancha mevalar, masalan, o‘rik danagini chaqib, uni mevasi bilan birga konservalaydigan  xonadonlar ham ko‘p.

Bu narsa umuman noto‘g‘ri. Boisi, danak mag‘zi tarkibida amigdalin moddasi bo‘lib, u iste’mol qilinganidan keyin oshqozon-ichak tizimida kuchli zahar (sianistiy vodorod)ga aylanadi. Fanda ushbu modda vitamin V17 deb ham yuritiladi. Uning foydasi va zarari haqida hali olimlar aniq fikrga kelishmagan.

Amigdalin eng ko‘p achchiq bodom danagida uchraydi, undan 30-40 dona iste’mol qilinsa, hatto o‘limgacha olib keladi.

Danakli mevalardan tayyorlangan konservalar bir yildan ko‘p saqlansa, xavfli mahsulotga aylanib qolishi ehtimoli yuqori. Danakni chaqib, mag‘zi bilan birga konservalash esa uning xavfini yanada oshiradi. Shuning uchun bunday mevalarni danagidan ajratib alohida konservalash maqsadga muvofiq.

Foydasidan zarari ko‘p

Ko‘pgina kishilar turli sabzavotlarni konservalashda bir qator kimyoviy moddalar, jumladan, spirt, uksus, aspirin yoki salitsil kislotasidan foydalanadi. Chunki ushbu moddalar aralashmada kislotali muhit hosil qilib, mikroblar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ammo bunday moddalar belgilangan miqdordan ortiq ishlatilsa, u organizmga juda katta zarar keltiradi. Xususan, me’da shilliq qavatini kuchli zararlaydi va oshqozon-ichak tizimi faoliyatini buzadi. Haddan oshiq ko‘pi esa darhol organizmni zaharlashi ham aniq.

Demakki, biror mahsulotni konservalashdan oldin unga nimani qancha miqdorda qo‘shish mumkin yoki mumkin emasligini aniq bilish lozim.

Iste’mol qilishdan avval yaxshilab tekshirish kerak

Murabbo yoki boshqa konservalangan mahsulotlarni ochish, iste’mol qilishdan oldin ularni yaxshilab tekshirish kerak. Agar konservalangan bankalar qopqog‘i bo‘rtib chiqqan bo‘lsa, bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslik lozim.

Shuningdek, konservalangan mahsulotlar mog‘orlasa, ularni aslo iste’mol qilmang, chunki bunday mikroskopik zamburug‘lar mikotoksinlarni ishlab chiqaradi. Bunday mahsulotlarni zararsizlantirib bo‘lmaydi. Eng yaxshisi, ularning bahridan kechgan ma’qul.

Yuqorida keltirilgan tavsiyalarga amal qilib borilsa, sog‘lom turmush tarzi talablarining ma’lum qismini bajargan, shu orqali sihat-salomatligimizni saqlab qolish va muhofaza qilishda muhim ish qilgan bo‘lamiz.

Shoniyoz QURBONOV,

biologiya fanlari doktori, professor

Gulnoza BURANOVA, fiziolog