KORRUPSIYA - ADOLAT KUSHANDASI

Insholar tanlovi

Qarshi qurilish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida "Biz, yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart!" shiori ostida "Korrupsiya - adolat kushandasi" mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.

Respublika o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimidagi barcha o‘quv muassasalarida Kasb-hunar ta’limi markazining buyrug‘iga binoan tashkil etilgan bu tanlov yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini mustahkamlash, huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun jazo muqarrar ekanligini chuqur anglatish kabi maqsadlarga qaratilgan.

- Katta hayotga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilar kelajakda korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelishlari mumkin, - deydi kollejning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor  o‘rinbosari Dilnoza Salomova. - Shundan kelib chiqib, yoshlar insholarda korrupsiyaning jamiyat ravnaqiga ta’siri haqida o‘z fikrlarini bayon etib, yana bir karra  mahalliychilik, tanish-bilishlik, poraxo‘rlik kabi korrupsion illatlarga munosabatlarini bildirishdi.

Yakunda kollejning 567 nafar bitiruvchisi orasidan eng yaxshi insho yozgan Madina Xoliqova, Kumush Xoshimjonova, Maftuna Omonova tanlov tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tanlov doirasida o‘quvchi-yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi ijodiy ishlari ham namoyish etildi.

SOJIDA