Jamiyat 06.09.2019 26

"LADA LARGUS" JAVOBGARLIKKA SABAB BO‘LDI

Nazorat va natija

Amaldagi tartibga ko‘ra, mamlakatimizga chet el fuqarolari tomonidan chet davlatda ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalarini imtiyozli vaqtincha olib kirish belgilangan. Albatta, bu ma’lum muddatga (1 kalendar yil muddat ichida 90 kungacha) bojxona tomonidan rasmiylashtirilgan majburiyatnomalar asosida amalga oshiriladi. Bu borada belgilangan tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan esa tegishli jazo choralari ko‘riladi.

Kuni kecha viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan mana shunday huquqbuzarlik holati kuzatildi. Aniqlanishicha, fuqaro Javlon Ashirov (ism-familiya o‘zgartirilgan) Rossiyada chet el fuqarosi nomiga rasmiylashtirilgan "Lada Largus" rusumli avtotransport vositasini 2019-yil 14-avgust kunida qaytarib olib chiqish majburiyati bilan vaqtincha olib kirgan. Biroq muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramay mashinani olib chiqish choralarini ko‘rmagan. Shu sababli unga nisbatan belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Aytish joiz, viloyat bojxonachilari tomonidan o‘z vaqtida olib chiqilmagan hamda chet davlatida ro‘yxatdan o‘tgan qidiruvdagi avtotransport vositalari bo‘yicha 4 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan.

N.XO‘JAYEV