Ma'naviyat 23.08.2019 4

LANGAR OTA - SIRU SINOATLAR MAKONI

Kitobingizni o‘qidim

Yon-atrofimizda qadim o‘tmishga ega obidalar, qadamjolar juda ko‘p. Ularning har biri ulkan tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega, siru sinoatlarga juda boy. Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohi ham ana shunday maskanlardan biridir.

Langar ota ziyoratgohi haqida ilk bor 1987-yilning yozida rahmatli ustozim, professor To‘ra Nafasovdan eshitgandim.

O‘sha yili hozirgi Qarshi davlat universiteti tomonidan xalq shevalarini o‘rganish maqsadida ekspeditsiyaga chiqib, Qamashi tumanining Ko‘kbuloq qishlog‘idagi bir maktabga joylashdik. Ishimiz har kuni mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashish asnosida ularning tilidagi o‘ziga xos atamalarni to‘plash, yangi rivoyat va ertaklarni yozib olish, joy nomlarining mazmuni, kelib chiqish tarixini o‘rganish edi. Qishloq odamlari orasida bizni o‘ziga yaqin olib, dardu tashvishlarini baham ko‘radigan, ko‘nglidagilarni to‘kib soladiganlar ham bo‘lardi.

Shu qishloqlik bir kishining aytishicha, uzoq yillar kasal bo‘lib, bormagan shifokoru tabibi  qolmabdi. Umidlari so‘nib, taqdirga  tan bergan bir paytda, otasi "Bolam, chiqmagan jondan umid. O‘zimizning Langar otani ham bir ziyorat qilib kelaylik", debdi.

Ular Langar ota maskaniga bir necha marta borib, u yerni ziyorat qilishibdi. Oradan ko‘p o‘tmay, bemor yigit sog‘ayib, oyoqqa turib ketibdi.

Amaliyot oxirlab, hisobotlarni topshirayotgan vaqtimizda mana shu hikoyani ham domlaga aytib berdim. Ustoz har doimgidek miyig‘ida kulib qo‘ygach, "Ertaga tongda sizlarni bir joyga olib boraman, barvaqt turib tayyorlaninglar", deb qoldi.

Ustoz aytgan joy Langar ota ziyoratgohi ekan. Bizni olib borgan mashina tepalikka chiqa olmagani sababli yo‘l boshida tushirib qoldirdi. Piyoda tepalikka chiqib, tabiatning go‘zal tarovatidan bahra olarkanmiz, hayrat va quvonchdan dilimiz shunday yayrardiki, buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi.

Langar ota maqbarasi esa eng baland tepalikda bo‘lib, atrofini pistazor o‘rab turar, bu ham unga o‘zgacha salobat bag‘ishlardi. Naqadar go‘zal! O‘zimizni shunchalar yengil, ruhiyatimizda ham o‘zimiz tushuna olmaydigan ajib bir o‘zgarish sezardik.

Maqbaraga kirdik. Duodan so‘ng domlamiz maqbara kim tomonidan qurilgani, bu yerda mangu orom topgan shayxlarning karomatlari haqida maroq bilan so‘zlab, devorlardagi arab imlosida yozilgan bitiklarning  ma’nosini tushuntirib berdi. Bu ziyoratgoh tarixini o‘rganish va asramoq lozimligini uqtirarkan, "Ko‘rdinglarmi, ana shunday ulug‘ joylarimiz bor. Faqat boshqalarga aytib yurmanglar-a", deb qo‘ygan edi. Bu gapning ma’nosini barchamiz birdek tushundik. Chunki o‘sha yillari milliy tariximiz, qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan bunday obidalar, ziyoratgohlarga mustabid tuzum tomonidan eskilik sarqiti deb qaralar, uni targ‘ib etishning oxiri yaxshilik bilan tugamasligi ham mumkin edi. Shunday qilib biz amaliyotdan bir olam taassurot bilan qaytdik, domla tayinlaganidek,  Langar ota haqida hech kimga hech narsa demadik. So‘raganlarga "Toqqa chiqdik, maza qilib dam oldik", deb qo‘yaqoldik.

Mana, mustaqilligimiz sharofati bilan xalqimiz tarixi, muqaddas qadamjolar, milliy qadriyatlarimizni o‘rganish yangi pog‘onaga ko‘tarilib, asrlar mobaynida yashirinib yotgan, berkitilgan siru asrorlar, afsonayu asotirlar haqida yangi-yangi ma’lumotlar ommaga taqdim etilayapti.

Yaqinda qo‘limga qamashilik ijodkorlar - Tursunboy Boymirov, Shuhrat Rustamov hamda Temirpo‘lat Tillayev hammuallifligidagi "Langar ota - tarix ko‘zgusida" deb nomlangan kitob tushib qoldi.

Asarda Langar ota maqbarasi va masjidini obodonlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda, ziyoratgoh atrofidagi qishloqlar, daralar, buloqlarning tarixi, nomlanishi, ular  haqida xalq tilida yashab kelayotgan afsona va rivoyatlar bayon etilgan. Bu yerda mangu qo‘nim topgan ulug‘ zotlar, muborak xirqa, Katta Langar Qur’oni haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, kitobni o‘qigan o‘quvchining Langar ota ziyoratgohini borib ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada oshishi tabiiy. Chunki kitob ziyoratchi va sayyohlar uchun ajoyib qo‘llanma vazifasini bajarishi bilan birga kishida Vatanimiz tarixining ildizlariga borib tutashgan tabarruk qadamjolarni ziyorat qilishga qiziqish va havas uyg‘otadi.

Risolat  JUMANAZAROVA,

Qamashi tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi