Jarayon 30.07.2019 60

"LOCHIN" BOLALAR OROMGOHI: 45 YILLIK ULUG‘VOR PARVOZ

Bolalarga bering dunyoni

So‘lim tabiat, zilol buloq suvi, musaffo havo - bularning barchasi dengiz sathidan 1000 metr balandlikda, Hisor tog‘lari bag‘rida joylashgan Shahrisabz tumani Miroqi shaharchasidagi "Sho‘rtan gaz - kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli "Lochin" oromgohida mujassam.

Joriy yil uning tashkil etilganiga 45 yil to‘ldi. Qariyb yarim asrdan buyon bolajonlarni o‘z bag‘riga chorlab kelayotgan bu ajoyib maskanda ayni damda ham maktab o‘quvchilari yozgi ta’tilni sarguzashtlarga boy taassurotlar bilan o‘tkazib, miriqib dam olishmoqda. 

Soat 20:00. Barcha dam oluvchilar oromgoh maydonida jam bo‘lishgan. Mardonavor ruhda davlatimiz madhiyasi yangradi. O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Katta ekranda oromgoh o‘tmishi aks ettirilgan videorolik namoyish etilgach, sahnada zamonaviy va milliy raqslar shousi boshlanib ketdi. Bolajonlarning shodon kulgisi butun Miroqi bo‘ylab yangradi... Bu yilgi mavsumning 4-navbati ochilishi hamda "Lochin"ning 45 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim mana shunday ko‘tarinki ruhda boshlandi.

Oromgohda dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlardan nafaqat qashqadaryolik yoshlar, balki Orolbo‘yi mintaqasidan kelgan bolajonlar ham bahramand bo‘lishmoqda. Yubiley tadbirida maroqli hordiq chiqarish uchun ushbu maskanga joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kelgan 500 nafar bolajon ham ishtirok etdi.

- Bu oromgohga ilk bor kelgan bo‘lsam-da, taassurotlarim olam-olam, - deydi Qoraqalpog‘iston   Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanilik 12 yoshli Feruza Baxtiyorova. - Xuddi mo‘jizalar mamlakatiga tushib qolgandayman. Tojmahal, Kolizey, Eyfel minorasi, Artemida ibodatxonasi, Registon maydoni, Shahrisabzdagi Oqsaroy kabi obidalarni faqat televizorda ko‘rganman. Bugun bu jahon mo‘jizalarining haqiqiysini ko‘rgandek bo‘ldim. Kichraytirilgan ko‘rinishdagi nusxalari bo‘lsa ham, juda chiroyli yasalgan va oromgohga zeb berib turibdi. Kelganimizga bir kun bo‘ldi. Uzoq yo‘l bosib o‘tgan bo‘lsak-da, charchaganimiz umuman sezilmadi. Konsert dasturi ham ajoyib.

"Lochin" oromgohi 1974-yilda "Qarshiqurilish" ("Qarshistroy") birlashmasi tomonidan barpo etilib, keyinchalik "Paxtasanoat" AJ tasarrufiga o‘tgan. 2004-yilda esa "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy tipda qayta qurilib, hozirgi kunga qadar ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Oromgohda bir qancha to‘garaklar va sport seksiyalari faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy futbol, voleybol va basketbol maydonchalari, tennis stollari bolajonlar ixtiyorida. Muntazam ravishda shaxmat va shashka, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashuvlarning o‘tkazib turilishi yosh avlod vakillarining ularga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

- Oromgohda mohir qo‘llar, yosh musavvirlar, haykaltaroshlik, milliy va zamonaviy raqs, gilam to‘qish, yosh ixtirochilar to‘garaklari faoliyati menga juda ma’qul bo‘ldi, - deydi xorazmlik 14 yoshli Gulbadan Sobirova. - Bo‘sh vaqtlarimda ulardagi mashg‘ulotlarga albatta qatnashaman. Mana shunday xushmanzara tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohda ko‘p do‘stlar orttirib, mazza qilib dam olayotganimdan, biz uchun yaratilgan sharoitlardan benihoya xursandman.

Darhaqiqat, oromgohda bolajonlarni maroqli hordiq chiqarishi va bilimini mustahkamlashi uchun amalga oshirilgan qulayliklar tahsinga loyiq.

- Bu yerda turli ko‘rinishdagi 11 ta suv havzasi mavjud bo‘lib, suzish sportiga qiziquvchilar uchun ayni muddao, - deydi to‘garak rahbari Maqsudjon Meyliyev.  - Har bir navbat davomida spartakiada o‘tkaziladi va eng chaqqon, epchil g‘oliblar faxriy yorliq va medallar bilan mukofotlanadi. Bundan tashqari, dam oluvchilar 3,5 ming kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonaga istalgan vaqtlarida kelib, mutolaa qilish uchun o‘zbek va jahon adabiyoti durdonlari, ilmiy-ma’rifiy nashrlarni olishlari mumkin. Ular uchun mo‘ljallangan shinam yotoqxonalarimiz zamonaviy yuvinish va sanitariya xonalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, malakali shifokorlar faoliyat ko‘rsatadigan, barcha qulayliklarga ega tibbiyot markazi ham mavjud. Xullas, oromgohga yozgi mavsumning 5 navbati davomida dam olishga keluvchi 5 ming nafar bola qiziqishi va yoshidan qat’iy nazar o‘z sevgan mashg‘uloti bilan bemalol shug‘ullana olish imkoniyati yaratilgan.

Ochilish marosimi va yubiley oqshomi yuqori ruhda davom etdi. Zamonaviy va milliy raqslar, osmon uzra yaraqlagan mushaklar uchquni, maydon markazida lovullab alanga olgan gulxan barchaga o‘zgacha zavq ulashdi.

45 yil. Shu davr davomida qanchadan-qancha bolajonlar dam olib, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishgan bu yerda. Vaqt o‘tadi, bolalar bir kun ulg‘ayadi, lekin oromgohda o‘tkazilgan sarguzashtlarga boy lahzalar inson xotirasida bir umrga muhrlanib qoladi. "Lochin" bolajonlar qalbida mana shunday o‘chmas iz qoldirishda davom etadi.

O‘lmas BAROTOV

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.