Jarayon 20.09.2019 40

LOYIHALARNI MOLIYALASHTIRISH MASALASI IJOBIY HAL QILINDI

Ochiq muloqot

Kuni kecha Dehqonobod tumanida respublika Markaziy banki va tijorat banklari rahbariyati tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda hududda faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari, xususan, “Hunarmand” uyushmasi bir nechta a’zosining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish masalasi ijobiy hal qilindi.

Uyushmaning tuman bo‘limi rahbari Choriyor Rajaboyev tahririyatimizga ma’lum qilganidek, aholi va tadbirkorlar ishtirok etgan bu uchrashuvda qishloq joylarida hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar imtiyozli kredit olish uchun bankka hujjatlar topshirganligi, ammo mablag‘ ajratish masalasi noma’lum sabablarga ko‘ra cho‘zilib kelayotganligini ta’kidlashgan. “Hunarmand” uyushmasi a’zolarining bu e’tirozlari asosli ekanligi aniqlangach, tegishli bank filiali rahbariga topshiriq berildi va shu kunning o‘zida tadbirkor ayollar hisob raqamlariga kredit mablag‘lari o‘tkazib berildi.

-Milliy liboslar va boshqa hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan  yakka tartibdagi tadbirkorlarimiz Halima Do‘lanova 22 million so‘m, Nargiza Shohdorova 35 million so‘m, Rayxon Xo‘jaqulova esa 60 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar olishdi, - deydi “Hunarmand” uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Ch.Rajaboyev. – Ushbu mablag‘ evaziga har biri biznesini rivojlantirish uchun zarur asbob-uskunalar sotib olib, mahsulotlarining turi va hajmini oshirish niyatida. Ahamiyatlisi, shuning hisobidan bu hunarmandlarning shogirdlari, ya’ni ish bilan band va doimiy daromadga ega bo‘lgan yoshlar soni ham ko‘payadi.

Umuman olganda, Dehqonobod tumanidagi ochiq muloqot mamlakatimiz Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni doirasida o‘tkazilib, unda sohaga doir yangi qonun va qonunosti hujjatlarining mohiyati, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ahamiyati xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.

-O‘rganilgan murojaatlar asosan joylardagi tijorat banklari filiallari xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlarga yetarlicha tushuntirishlar berilmagani hamda o‘z mijozlari bilan muloqot o‘rnatilmagani natijasida kelib chiqqani ayon bo‘ldi, - deya ma’lum qilinmoqda respublika Markaziy banki saytida. - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni qisqa muddatlarda hal etilishini tegishli bank filiallari rahbarlari shaxsan o‘z zimmalariga oldilar... Kelib tushgan hamda qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan har bir murojaatning belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va mantiqiy yakuniga yetkazilishi qat’iy nazoratga olindi.

O‘z muxbirimiz

Suratlar cbu.uz saytidan olindi