Ta'lim 02.07.2019 9

MAGISTRLARGA DIPLOM TOPSHIRILDI

Qarshi davlat universitetida magistrlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar hamda  jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani va bu borada barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib qo‘yilganligini alohida takidlashdi.

Magistratura bo‘limi boshlig‘i  O‘tkir Toshevning aytishicha, oliygohni joriy yilda 13 ta mutaxassislik bo‘yicha 55 nafar magistr tamomlayotgan bo‘lsa, ularning hammasi ish bilan ta’minlangan. O‘nga yaqini universitetning o‘zida qolib, ilmiy ishlarini davom ettirishadi. Ular safida "Yosh kitobxon" tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi, o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi magistranti Surayyo Shodiyeva ham bor.

- Ustozlarimdan minnatdorman, - deydi u hayajon bilan. - Ilmiy ishimning qamrov doirasi keng bo‘lganligi uchun universitetda qolib, uni davom ettirishimni  aytishdi. Izlanishlarim kelajakda o‘zbek adabiyotining xorijiy ixlosmandlari ko‘payishiga oz bo‘lsada xissa qo‘shadi, degan umiddaman. 

Bundan tashqari Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialida ham magistratura yo‘nalishida 2018/2019-o‘quv yiliga oid o‘quv reja va dasturlarni  tugatgan,  yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli  o‘tgan yoshlarga magistrlik diplomlarini topshirish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutini 10 ta mutaxassilik bo‘yicha 55 nafar magistr tugallagan bo‘lsa, TATU Qarshi filialidan 2 ta yo‘nalishda tahsil olgan 5 nafar magistrlar "uchirma" bo‘ldi.

Z.NAZIROVA