Ma'naviyat 26.07.2019 62

"MAHALLA KITOBSEVARLARI" HAFTALIGI

Ezgu tashabbus asosida

Bugun chekka hududlardagi mahallalarda ham kutubxonalar tashkil etilmoqda. Chunki mutolaaga oshnolik  nafaqat ma’naviyatni yuksaltiradi, fikrlash qobiliyati, nutq madaniyatini boyitadi, dunyoni tanitadi, ezgulik va adolat sari yetaklaydi. G‘uzor tumanining 43 ta mahalla fuqarolar yig‘inida namunaviy tarzda boshlangan "Mahalla kitobsevarlari" haftaligi ayni maqsad ro‘yobiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Haftalik davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi ijrosi doirasida amalga oshirilayotir.

Yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa  zavqini uyg‘otish, mahalla va har bir oilada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida ta’lim muassasalari, olis qishloqlarda ko‘chma kutubxonalar tashkil etilib, kitob savdosi, yarmarka, uchrashuv va davra suhbatlari uyushtirilmoqda. Shuningdek, "Badiiy asarlar bilimdoni", "Mening birinchi kitobim", "Men o‘qigan kitoblar", "Men kitobni nechun sevaman", "Eng yosh va faxriy kitobxon" kabi ijodiy bellashuvlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida esa "Eng namunali mahalla kutubxonasi", "Eng kitobsevar mahalla" ko‘rik-tanlovlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

- Yoshligimni eslayman, onamiz sandal atrofida bizni yig‘ib kitob o‘qib berardi, - deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar Xo‘jaqulova.  - Biz berilib, maza qilib tinglardik. Asarda qahramon yig‘lasa, qo‘shilishib yig‘lardik, quvonsa quvonardik. Bugun har bir maktabda kutubxona bor, ular fondi boyitib borilmoqda. Kitob haftaliklarida yoshlarning intilishini ko‘rayapmiz. Demak, bu intilishni  rag‘batlantirish kerak.

G‘uzordan boshlangan "Mahalla kitobsevarlari" haftaligi viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda.

 Shohista BOZOROVA