Jarayon 12.04.2019 105

MAHALLA MA’MURIY BINOSI YO‘QLIGI FAOLIYAT SAMARADORLIGIGA NECHOG‘LIK TA’SIR KO‘RSATADI?

Munosabat

Mahalla - ulkan dorilfunun, noyob, dunyoda o‘xshashi yo‘q tuzilma. Shu bois ushbu tizim tobora takomillashtirib borilmoqda. E’tibor qiladigan bo‘lsak, avvallari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga bir-ikki vazifa yuklangan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur institut 30 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan. Hududlar farovonligi deysizmi, turmush obodligimi, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylashmi, oilalar jipsligini ta’minlashu, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashmi, aholining tadbirkor va ishbilarmon bo‘lishimi, barcha-barchasida mahalla tuzilmasining o‘z o‘rni, ahamiyati bor.

Shu ma’noda davlatimiz rahbarining 2019-yil  2-apreldagi "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ko‘pchilik tomonidan katta mamnunlik bilan qabul qilingani bejiz emas. Chunki unda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini oshirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Xususan, murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha "mahalla - sektor - Xalq qabulxonasi - mahalla" prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi.

Hech kimga sir emas, ayrim hududlarda yig‘in ma’muriy binolari yo‘qligi yoki zarur sharoitlar yaratilmagani oqibatida mahalla faollari, fuqarolar ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Bu vaqt sarfiga, ayrim hollarda e’tirozlarga sabab bo‘lgani ham bor gap.

Ayni paytda viloyatimizda 767 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lsa, ularning katta qismi turli tashkilotlar binosida faoliyat olib boradi. Yа’ni o‘z ma’muriy binosiga ega emas. Endi farmon ijrosi doirasida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan foydalanib kelinayotgan davlat mulki bo‘lgan binolar biriktirilgan yer maydonlari bilan xatlovdan o‘tkazilib, ular belgilangan tartibda fuqarolar yig‘inlariga mulk huquqi bilan beriladi. Shuningdek, tumanlar va shaharlar markazlarida "Mahalla markazi" majmualari va fuqarolar yig‘inlari binolari namunaviy loyihalar asosida quriladi.

Yoshlar - kelajagimiz, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi. Biroq ishsiz yurgan, yumush izlab xorijga ketgan, turli buzg‘unchi oqimlarga qo‘shilib qolgan yoshlar ham afsuski bor. Farmonda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratilib, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligi mustahkamlab qo‘yildi.

Ayni paytda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, bo‘sh turgan binolarning holatini o‘rganib, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga imkoniyat yaratib berilayapti. Mahallalarda chorvachilik, parrandachilik, tomorqadan foydalanish borasida katta tajribaga ega oilalar juda ko‘p. Ular ayrim xonadonlar va yoshlarni otaliqqa olib, o‘z tajribalarini o‘rgatmoqdalar.

Umuman olganda, farmon hamda u bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasidagi ishlarni samarali bajarish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Omon XUSHMURODOV,

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari