So'nggi yangiliklar 27.12.2018 9

MAHALLA - MENING TAQDIRIMDA

Ko‘rik-tanlov

MAHALLA - MENING TAQDIRIMDA

Qarshi shahrida "Mahalla - mening taqdirimda" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etgan tadbirda quyi bosqichlarda yuqori natija qayd etgan 15 jamoa 3 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Dastlab ishtirokchilar o‘z mahallasi tarixi, yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishida mahallaning o‘rni, "oila-mahalla-ta’lim muassasasi" hamkorligining ahamiyati bo‘yicha bilimini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, keyin mahalla faoliyati, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar bo‘yicha savollarga javob berishdi. Oxirgi shartda har bir jamoadan bir ishtirokchi "Mahalla - mening taqdirimda" mavzusida insho yozdi.

- Ko‘rik-tanlov nizomiga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 9-sinf hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning 1 va 2-bosqich o‘quvchilaridan iborat jamoalar ham shakllantirildi, - deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi bosh mutaxassisi Alisher Ahmedov. - Tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va ishtirok etish jarayonida yoshlar mahalla tuzilmasi va uning ahamiyati xususidagi bilimlarini yanada boyitishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Koson tumanidagi Mudin mahallasining "Palandara" jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Qarshi tumani Navbahor mahallasining  "Navbahor" va Qarshi shahri Mahallot mahallasining "Prezident vorislari" jamoalari munosib ko‘rildi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

SH.KARIMOVA