So'nggi yangiliklar 01.08.2019 35

MAHALLA RAISLARIGA SHE’RXONLIK NEGA KERAK?

Tanlov

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda xalqimizning ma’naviy-adabiy merosidan boxabar va she’riyatga oshno bo‘lgan, ijodkor mahalla raislarini aniqlash va rag‘batlantirish, bu orqali mahallalarda kitobxonlik muhitni shakllantirish maqsadida “She’riyatga oshno kishi aslo kam bo‘lmaydi!” shiori ostida she’rxonlik tanlovi o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbir Muborak tumanida ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilar mumtoz adabiyot vakillari Yassaviy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Berdaq, Furqat, Nodirabegim, Uvaysiy hayoti va ijodi haqidagi savollarga javob berib, ular ijodidan namunalar o‘qishgan bo‘lsa, so‘ng o‘zlari xohlagan  mavzuda adabiy qarashlarini namoyish etishdi.

Yakunda  Muborak mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tolib Avezov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.

- Adabiyotga, san’atga qiziqishim odamlar bilan ishlashda ham qo‘l kelmoqda, - deydi Tolib Avezov. - Ayniqsa, janjalli vaziyatlarda, murosasizlikka duch kelganimda ikki tomonni yaxshi gap, shirin so‘z, hikmatli jumlalar orqali murosaga keltirishga,  muammolarni bosiqlik bilan hal etadi urinaman. Bu, albatta, foyda berayapti.  

Xuddi shunday tadbir viloyatimizning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Shohista BOZOROVA