Siyosat 01.02.2017 1059

MAHALLA SAYLOVLARI OSHKORALIK VA TENG SAYLOV HUQUQI MUHITIDA TASHKIL ETILDI

MAHALLA SAYLOVLARI OSHKORALIK VA TENG SAYLOV HUQUQI MUHITIDA TASHKIL ETILDI

Yurtimiz mahallalarida joriy yilning may-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylovlarda 9 ming 764 nafar fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 105 ming 471 nafar maslahatchisi saylandi.

Bu haqda so‘z borganda, bevosita Qashqadaryo viloyatiga taalluqli fakt va raqamlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Xususan, bugungi kunda viloyatda jami fuqarolar yig‘inlari soni 660 ta bo‘lib, shundan 148 tasi - qishloq fuqarolar yig‘ini,  4 tasi - shahar fuqarolar yig‘ini va 508 tasi - mahalla fuqarolar yig‘ini hisoblanadi.

Qashqa vohasida saylangan 660 nafar fuqarolar yig‘ini raisidan 607 nafari, ya’ni 92 foizi oliy ma’lumotga ega, 53 nafari (8 foizi) - o‘rta ma’lumotlidir. Saylangan ayollar soni 23 nafar bo‘lib, bu 3,5 foizni tashkil etmoqda.

Mutaxassisligi bo‘yicha olib qaraganda, Qashqadaryo viloyati  miqyosida saylangan raislarning 153 nafari, ya’ni 23,2 foizi - o‘qituvchilar, 150 nafari (22,7 foizi) - muhandislar, 147 nafari (22,3 foizi) - boshqa mutaxassisliklarga mansubdir. Saylanganlarning 34 nafari tuman, shahar va viloyat Kengashlari deputatlari ekani ham juda muhim ijobiy ko‘rsatkichdir. 

Eng muhimi, saylov asnosida to‘rt marta Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, joylarda mazkur muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir muqobillik, oshkoralik va qonuniylik tamoyillariga rioya etgan holda tashkil etilganiga bevosita guvoh bo‘ldik. Bunda, avvalambor, sohaga doir mustahkam huquqiy asos yaratilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Binobarin, hozirgi kunda mahallalar faoliyatini huquqiy kafolatlashga qaratilgan ellikdan ortiq normativ-huquqiy hujjat mavjud va ular muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda. Ushbu qonunlarning hayotimizga chuqur joriy etilishi tufayli istiqlol yillarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.

Ayniqsa, istiqlol sharofati bilan davlatchiligimiz tarixida birinchi marta "mahalla" tushunchasi Asosiy qonunimizga kiritilib, mazkur tizimning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va konstitutsiyaviy   maqomi qat’iy belgilab qo‘yilgani har qancha tahsinga loyiqdir.

Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 12-noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Prezidentimiz tomonidan bayon etilgan "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi"ga muvofiq, bir qator yangi qonunlarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, mahallalar faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy maydonni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Xususan, "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi, hech shubhasiz, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi roli va ahamiyatini yanada oshirdi hamda mahalladek qadimiy va noyob milliy institutning hozirgacha to‘liq foydalanilmagan salohiyatidan keng miqyosda samarali foydalanish uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Mazkur yangi tahrirdagi Qonun asosida bu yil ikkinchi marotaba (birinchisi – 2013-yilning noyabr-dekabr oylarida) fuqarolar yig‘ini raislari va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirish, raislar va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini ta’minlashga qaratilgan muhim qoidalar amalda yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.

Yana bir muhim jihat: saylovlar yashirin ovoz berish orqali amalga oshirildi. Bu, o‘z navbatida, ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonning demokratik tamoyillarga muvofiq ravishda va qonuniylik asosida o‘tishida muhim omil bo‘ldi. Binobarin, saylovning bu shakli fuqarolarga saylash va saylanish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi.

Saylovlarning tashkiliy-amaliy nuqtai nazardan yuksak saviyada o‘tkazilgani bu boradagi yutuqlarning yana bir muhim omili hisoblanadi.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Oliy Majlis Senati Kengashining 2016-yil 5-martdagi qarori bilan Senat Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tuzilgani, shuningdek, saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga doir  tadbirlar rejasi tasdiqlanganini qayd etish darkor.

Ushbu rejaga muvofiq, aholi o‘rtasida sohaga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga jiddiy e’tibor qaratildi. 

Jumladan, tegishli hududda doimiy yashaydigan fuqarolarning fikrlarini hisobga olgan holda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimlariga tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan eng munosib fuqarolarning saylanishini ta’minlash bo‘yicha joylardagi davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Saylovning qonun talablari doirasida tashkil etilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarida fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha tuzilgan komissiyalar hamda 9 ming 764 ta fuqarolar yig‘inidagi ishchi guruhlar muhim o‘rin tutdi, albatta.

Oliy Majlis Senati Kengashi Komissiyasi tomonidan "Mahalla" xayriya jamoat fondi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy, tuman va shaharlar komissiyalari hamda ishchi guruhlari a’zolari uchun sohaga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda saylovni tashkil qilish va o‘tkazish tartibini tushuntirish bo‘yicha 1 ming 600 ta seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgani alohida o‘rin tutadi. Shu jumladan, mazkur jarayonni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida jurnalistlar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi.

Istiqlol yillarida ushbu saylovni tashkil etish bo‘yicha boy milliy tajriba orttirildi. Ayni chog‘da, O‘zbekistonning mahalla instituti va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi amaliy tajribasi xorijda keng e’tirof etilmoqda.

Mahalla tizimi samaradorligini yanada oshirish va bu boradagi yurtimiz tajribasini dunyo miqyosida targ‘ib etishda barcha mahallalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi bo‘lim va bo‘linmalari, shu jumladan,  Fondning Qashqadaryo viloyat bo‘limi, viloyatdan Oliy Majlisga saylangan senatorlar va deputatlar, mahalliy Kengashlar noiblari ham faol ishtirok etdi.

Xulosa qilib aytganda, bu galgi fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlari chuqurlashib borayotgan, sifat jihatidan yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda bo‘lib o‘tdi.

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zosi