Yilnoma 29.08.2017 848

MAHALLADA MUROJAATLAR BILAN QAY TARTIBDA ISHLANADI?

2017-yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

MAHALLADA MUROJAATLAR BILAN QAY TARTIBDA ISHLANADI?

Aksariyat kishilar zarurat tug‘ilmasa, majbur bo‘lmasa, turli idoralarga huda-behuda borib yurmaydi, shikoyatlar yozmaydi. Kim ham biror amaldor qabulida sarg‘ayib, umidvor bo‘lib o‘tirishni istaydi? Albatta, hech kim. Shuni unutmaslik kerakki, qayerda noqonuniy xatti-harakat, adolatsizlik va e’tiborsizlik bo‘lsa, shu joyda murojaatlar, "yoz, ha yoz" ko‘payadi.

Umumiy murojaatlar tahlili aksariyat shikoyat va arizalar quyi bo‘g‘inlarda, nari borsa mahallaning o‘zida hal bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Ayni shu bo‘g‘inda mas’uliyatsizlik, o‘z ishiga jiddiy yondashmaslik oqibatida fuqarolarimiz oddiy maishiy masalalar yuzasidan hatto davlat rahbariga murojaat qilishga majbur bo‘lishayapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kitob tumani Xalq qabulxonasiga murojaat qilayotgan aksariyat fuqarolar ham murojaati tegishli quyi tashkilotlarda hal bo‘lmagani uchun ariza yozayotganliklarini bildirishgan. Shunga muvofiq Xalq qabulxonasi xodimlari o‘z vakolati doirasida davlat idoralari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida murojaatlar bilan ishlash ahvolini o‘rganish, bu boradagi qonunlar buzilishining oldini olish choralarini ko‘rib bormoqda.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz "O‘nboshining ishini yuz boshi, yuzboshining ishini mingboshi, mingboshi ishini amir bajarmasligi kerak", degan ekanlar. Demakki, birkitilgan mas’uliyat mahalla mutasaddilari zimmasidami, buni ularning o‘zi hal qilishi, yechim topishi shart.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-iyuldagi "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilingan. Namunaviy nizom fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibini belgilaydi. Nizomda ariza, taklif, shikoyat, anonim murojaat, murojaatning dublikati, takroriy murojaat va elektron murojaat kabi tushunchalar qo‘llaniladi. Fuqarolar yig‘inlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyati viloyatlar, tumanlar va shaharlar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Fuqarolarimiz har qanday masala yuzasidan maslahat so‘rab yoki najot izlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga borishi mumkin. Mahallada ishlovchi mas’ul xodimlar fuqaroga muammosi qayerda, kim bilan va qanday hal qilinishi borasida to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi kerak. O‘zlari bilan bog‘liq masalalarni joyida hal qilish chorasini ko‘rishi shart.

Xo‘sh, mahalla mutasaddilari murojaatlar bilan qay tarzda ishlashi kerak? Bu boradagi tartib-taomillar nimalardan iborat?

Tegishli tartibga ko‘ra, har bir mahallada murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnali yuritilib, unda murojaatning tartib raqami, murojaat qiluvchi shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatning takroriyligi, nazoratga olinganligi to‘g‘risidagi belgi, ijrochining ismi va familiyasi yozilishi kerak. Mahalla mas’ul kotibi murojaatni ro‘yxatga olish kitobiga qayd qilib, hisobga olish kartochkasini to‘ldiradi va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismiga ro‘yxatga olish shtampini qo‘yadi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi. Ro‘yxatga olingan murojaatlar tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay fuqarolar yig‘ini raisiga kiritiladi. Rezolyutsiya qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida mas’ul kotib murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimiga imzo qo‘ydirgan holda beradi.

Mahalla raisi murojaat o‘ziga tegishli bo‘lmasa besh kun muddat ichida murojaatni tegishli organga yuboradi. Bu haqda muallifga ma’lum qiladi. Ariza yoki shikoyat albatta murojaat qiluvchi ishtirokida ko‘rib chiqilishi kerak. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi murojaatlarni ko‘rib chiqishga tegishli mutaxassislarni chaqirishi mumkin. Murojaatga javob xati murojaat etilgan tilda bayon qilinishi maqsadga muvofiq. Murojaat qiluvchiga javob berilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi.

Nazoratga olingan murojaat mahalla raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan nazoratdan chiqariladi. Murojaatlar o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish talab qilsa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Takliflar esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi, natijalari haqida o‘n kun muddatda taklif kiritgan shaxsga yozma ravishda ma’lum qilinishi kerak. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati mahalla raisi tomonidan qisqartirilishi ham mumkin.

Anonim murojaatlar va qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar esa ko‘rib chiqilmaydi. Murojaat anonim deb e’tirof etilganda bu haqda mas’ul kotib tomonidan xulosa tuzilib, mahalla raisi tomonidan tasdiqlanadi.  

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mahalla raisi tasdiqlagan jadval asosida belgilangan kunlar va soatlarda    jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish tashkil etiladi. Sayyor shaxsiy qabullar mahalla raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Mahalla mas’ul kotibi murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va tahlil qilib boradi. Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda qonun talablarini buzgan shaxslar tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi.

Ko‘rib turganingizdek, mahalla mutasaddilarining murojaatlar bilan ishlash tizimi aniq-tiniq bayon etib qo‘yilgan. Biroq ayrim mahallalar mas’ullari ana shu talablarga rioya qilmayotgani sababli mahallaning o‘zida hal qilinadigan masala yuzasidan yuqori idoralarga kelib tushadigan murojaatlar soni ko‘p. Aholini davlatdan rozi qilish barchamizning birgalikdagi burchimiz ekan, bu boradagi ishlarni quyi bo‘g‘inlardan yaxshilash choralarini ko‘rishimiz kerak.

Abdishukur OMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kitob tumani Xalq qabulxonasi mudiri