Jarayon 06.08.2019 41

MAHALLIY RAHBARLARNING MULK OBYEKTLARNI BUZISH HUQUQI CHEKLANDI

Mulk huquqi himoyasi

Ma’lumki, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish borasidagi munosabatlar Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom" asosida tartibga solinardi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2018-yil 1-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida 2018-yil 1-sentabrdan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning  bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo keyingi vaqtda amaliyotda bu talablarga amal qilmaslik holatlari ko‘p kuzatilayotgani sababli bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, mulk huquqini himoya qilish maqsadida 2019-yilning 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi qabul qilindi.

Unga asosan, 2019-yil 5-avgustdan boshlab, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda ko‘chmas mulk obyektlarini buzish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Birinchi bosqichda hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Ikkinchi  bosqichda Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo‘yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha xulosalar tayyorlanadi. Uchinchi bosqichda materiallar Bosh vazirga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.

Mazkur farmoyish bilan yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar tarkibi, xatlovdan o‘tkazishga ko‘maklashish uchun hududlarga biriktiriladigan mas’ullar ro‘yxati, xatlovdan o‘tkazish hamda ularni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhiga quyidagi vazifalar yuklatildi.

 Birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararlarni joylarga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazib, ularning qonunchilikka muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy va adolatli miqdorini belgilash.

Ikkinchidan, yetkazilgan zararlarni qoplashning aniq manbalarini belgilash, agar zarar mansabdor shaxsning noqonuniy qarori qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan bo‘lsa - mazkur mansabdor shaxslardan regress tartibida undirib olish.

Uchinchidan, aybdor mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari ko‘rish hamda qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinadigan bo‘ldi.

Birinchidan, davlat dasturlari, yirik investitsiya va boshqa loyihalarni hududdagi ko‘pchilik aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshirish.

Ikkinchidan, yer uchastkalari olib qo‘yilishida ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining mulkdorlari bilan ochiq muhokamalar o‘tkazgan holda eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi obyektlari, shu jumladan, foydalanilmayotgan obyektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini tanlab olish.

Uchinchidan, hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha yozma kelishuv tuzish.

Bulardan tashqari, yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Mazkur farmoyish yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladi.

Maqsad jismoniy va yuridik shaxslarning turar hamda noturar joylarini asossiz buzishning oldini olish, ularga yetkazilgan zararlarni o‘z vaqtida qoplashga qaratilgan.

A.OMONOV