Iqtisodiyot 09.08.2019 42

MAHALLIY XOM ASHYODAN XARIDORGIR MAHSULOT

Kichik biznes

Yakkabog‘ tumanidagi "Arsenal nur baraka" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlaridan biri hisoblanadi.  Ayni paytga qadar jamiyat tasarrufida issiqxona xo‘jaligi, 600 tonnalik zamonaviy sovutish ombori hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritayotgan edi.

Tadbirkor Dilmurod Xudoyberdiyevning sa’y-harakatlari bilan jamiyat  negizida yana bir yirik tashabbus - Xitoy texnologiyasi asosida plastmassadan turli buyumlar ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.

- Yangi loyihani amalga oshirish rejasi paydo bo‘lgach, bozorni obdan o‘rgandik, - deydi Dilmurod Xudoyberdiyev. - Shundan so‘ng plastmassa buyumlar ishlab chiqarishga qaror qildik.   Boisi, bunday mahsulot o‘zining foydalanish uchun qulayligi hamda hamyonbopligi bilan xaridorlar e’tiborini qozongan, talab yuqori. Qolaversa, zarur xom ashyo o‘zimizda mavjud. Ya’ni, ishlab chiqarish jarayonida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida tayyorlanadigan xom ashyo dan foydalaniladi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, 800 million so‘m bank krediti hamda 50 ming AQSH dollari qiymatidagi o‘z mablag‘lari hisobiga Xitoydan zamonaviy texnologiya xarid qilingan. U bir necha xil uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan plastmassa qutilarni ishlab chiqarish imkonini beradi.

- Ayni paytda chelak, tog‘ora, kichik tovoqchalar kabi buyumlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik, - deydi tadbirkor. - Bundan tashqari, bir necha xil o‘lchamdagi plastmassa qutilarni ishlab chiqarayapmiz. Eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari, mahsulot yetishtiruvchilar hamda saqlovchilar ularning asosiy xaridori hisoblanadi.

Bozor talabini bilish, raqobatbardosh va kundalik iste’mol uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish tadbirkorlik faoliyatining rivojini ta’minlaydigan muhim jihatlardan biri sanaladi. Shuni ilg‘ay olgan tadbirkor Dilmurod Xudoyberdiyev rahbarlik qilayotgan jamiyat tasarrufidagi korxonalarda 60 nafar kishi ish bilan ta’minlangan. Tadbirkor esa yana yangi loyihalarni amalga oshirish harakatida. Misol uchun, yaqin vaqt ichida temir-beton plitalar ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu reja ham amalga oshsa, ish o‘rinlari soni yanada ko‘payadi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: korxona faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.