Iqtisodiyot 16.07.2019 63

MAHSULOT ISHLAB CHIQARGANLAR QQS TO‘LAB, IMPORT QILUVCHILAR OZOD BO‘LISHI QANCHALIK TO‘G‘RI?

Davra suhbati

Viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi "Talimarjon" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Nishon tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Unda davlatimiz rahbarining 2019-yil 27-iyundagi "Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyati bo‘yicha fikrlashildi. Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik va sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning  eksport salohiyatini kengaytirish va rag‘batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar xususida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik subyektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibida mavjud nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayotgani ta’kidlandi.

- Bugungi kunda o‘zimizda mahsulot ishlab chiqarganlar qo‘shilgan qiymat solig‘i  to‘layapti, lekin import qilganlar undan ozod, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farhod Mirzayev. - Masalan, ko‘mir ishlab chiqaruvchilarni oladigan bo‘lsak, respublikamizda "Angren-ko‘mir", "Sharg‘unko‘mir", "Boysunko‘mir" va boshqa bir qancha tashkilotlar ko‘mir ishlab chiqaradi va buning uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i  to‘laydi. Chetdan olib kelinadigan ko‘mir mahsulotlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17-yanvardagi qarori bilan bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan. Ichki bozormi yoki tashqi, hammaga bir xil sharoit yaratish uchun import qiluvchilardan ham bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyozlar olib tashlanayapti. Bu bilan yuqorida aytib o‘tilganidek, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida adolatli raqobat tamoyillarini joriy etish ta’minlanadi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan qator masalalar bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.

N.XO‘JAYEV