So'nggi yangiliklar 04.10.2019 22

MAKTAB O‘QITUVCHILARI - HARBIY TA’LIM MUASSASASIDA

Ko‘rgazmali mashg‘ulot

O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida viloyat mudofaa ishlari hamda xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida umumta’lim maktablarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

- O‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy xizmatga oid bilim va ko‘nikmalarini kengaytirishda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Xusenov. -  Shundan kelib chiqib, so‘nggi yillarda bu fanga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirildi. Xususan, bugungi kunda ushbu fan o‘qituvchilarining malaka va mahoratlarini tizimli ravishda oshirib borish, bu ishga uzoq yillar harbiy sohada xizmat qilgan va katta tajribaga ega kadrlarni jalb etish  bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulot ham bu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ta’lim-tarbiya jarayonini tashkillashtirish va sifatini yaxshilash, uslubiy mahoratni takomillashtirish borasida to‘plangan tajribalar bilan o‘rtoqlashib, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ilg‘or usullarini targ‘ib etish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, ishtirokchilarga otish va saf tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jismoniy tayyorgarlik jarayonida to‘siqlardan o‘tish va harbiy topografiya yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishning usul va uslublari yuzasidan nazariy va amaliy bilimlar berildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi va zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Jahongir BOYMURODOV