Tibbiyot 23.08.2019 45

MAKTAB VA BOG‘CHALARDA "SARIQ KASAL" TARQALISHIGA QANDAY OMILLAR SABAB BO‘LMOQDA?

Brifing

Virusli gepatit A profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar, jumladan, o‘tkazilgan emlash ishlarining samarasi o‘laroq, viloyatda joriy yilda 2018-yilning mos  davriga nisbatan kasallik 0,6 foizga kamayishiga erishildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida "Farzandlarimizni virusli gepatit A kasalligidan asraylik!" shiori ostida o‘tkazilgan brifingda shu haqda ma’lumot berildi.

Unda soha mutaxassislari, viloyat xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Brifingda viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori Sh.Sherov, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili J.Rahmonova, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Nurmatov va boshqalarning virusli gepatit A kasalligining kelib chiqish sabablari, oldini olish choralari va davolash usullari haqidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlandiki, virusli gepatit A bilan kasallanishning 60 foizi bolalarga to‘g‘ri keladi, ko‘pincha 3-7 yoshdagi bolalar kasallanadi. Virusli gepatit A bilan og‘rigan bemorlarda turg‘un va bir umrlik immunitet hosil bo‘ladi. Yuqish omillarining 54,7 foizini maishiy muloqot, 39,5 foizini oziq-ovqat va 5,8 foizini suv tashkil qiladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda kasallikning kelib chiqish sabablari - sinf va guruhlarda bolalar sonining ortiqligi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish uchun sharoitlarning qoniqarli emasligi, ya’ni oshxona va hojatxonalarda qo‘l yuvish imkoniyatining yetarlicha emasligi, muassasalar qaynatilgan suv va shaxsiy idish-tovoqlar bilan ta’minlanmagani, ertalabki filtr ishlarining sifatsiz o‘tkazilishi, dezinfeksion vositalar bilan yetarli miqdorda ta’minlanmagani, kasallik aniqlangan sinf va guruhlarda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar qo‘l uchida o‘tkazilishidir.

Brifing savol-javoblar asosida o‘tdi.

Xuddi shunday tadbir Shahrisabz shahri va G‘uzor tumanida ham tashkil etildi.

Suratda: tadbirdan lavha.

SH.BOZOROVA