Ta'lim 16.08.2019 6

MAKTAB YARMARKALARI ISH BOSHLADI

O‘quv yiliga taraddud

Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan kecha mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi viloyatimizning 131 ta umumta’lim maktabi, bozor va yirik savdo do‘konlarida maktab yarmarkalari o‘z ishini boshladi. Shu bilan birga, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hamda cho‘l hududlar o‘quvchilari ehtiyojlari ham inobatga olindi.

Qayd etish joiz, mamlakatimizdagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etilmoqda. O‘quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranets), chizg‘ich, sirkul, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog‘ozi, o‘chirg‘ich, plastilin, yelim, rangli qog‘oz, qalam yo‘ng‘ich, qalamdon, nota daftari, idora daftari, oddiy va rangli bo‘r, barxat qog‘oz, poyabzallar, sport kiyimlari shular jumlasidan.

Mazkur mahsulotlarning aksariyati yurtimizda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda viloyatimizda 600 ming 494 nafar o‘quvchi ehtiyoji inobatga olingan holda zaxira shakllantirilgan. O‘quvchilarning 63 ming 378 nafari bu yil 1-sinfga qabul qilinadi va ular uchun barcha o‘quv qurollari va jihozlari Prezident sovg‘asi sifatida yetkazib beriladi.

Maktab yarmarkalarida narx-navoning sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularda barcha turdagi to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rilayotir. Maqsad - aholiga qulaylik yaratish, farzandlarimizning yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘maklashishdan iborat.

Shuni ham aytish o‘rinliki, avvalgi yillarda nomiga tashkil etilgan maktab yarmarkalari, o‘quvchiga zarur jihozlar yarmarkada bozordagidan ko‘ra qimmat sotilayotgani kabi holatlar ham ko‘zga tashlangandi. Ushbu jarayon bu yil qanday davom etadi? Kuzatib boramiz.

N.XO‘JAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.