Ta'lim 28.05.2019 47

MAKTABLARDA SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ...

"Mening maktabim-mening uyim"

25-may kuni yurtimizning barcha umumta’lim maktablarida bo‘lgani kabi viloyatimizdagi ta’lim maskanlarida ham joriy o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan "Mening maktabim - mening uyim" shiori ostida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Avval ta’kidlanganidek, bu yilgi "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari ortiqcha dabdababozliklardan holi, faqat 1- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi.

E’tiborli jihati, bu yilgi tadbir xalq ta’limi vazirligining tavsiyasiga ko‘ra butunlay yangicha ruhda, mahalla faollari, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari hamda ota-onalar ishtirokida o‘tkazildi. Jumladan, shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimi Fotima Qodirova Qarshi shahridagi 29-maktabda o‘tkazilgan "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirida qatnashib, qayta tiklangan 11 yillik ta’lim tizimidagi ilk 11-sinf bitiruvchilarini katta hayotga qo‘yayotgan dastlabki qadamlari bilan tabrikladi.

- O‘tgan o‘quv yili yangiliklarga boy bo‘ldi, - deydi 29-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Iqbol Boltayeva. - Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, viloyatimizning 9 ta maktabida majburiy maktab dasturi doirasida joriy o‘quv yilidan shaxmat darslari o‘tiladigan bo‘ldi. Ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga a’lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medallari beriladigan bo‘ldi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda kuy-qo‘shiqlardan iborat bayram dasturi namoyish qilindi. O‘quv yilida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar hamda ustoz-murabbiylar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir so‘ngida 11-sinf bitiruvchilari va 1-sinf o‘quvchilari so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangi ostida kuzatib qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tamiz, yakunlangan o‘quv yili avvalida viloyatimizdagi umumta’lim maktablariga 62 ming 132 nafar o‘quvchi birinchi sinflarga qabul qilingan bo‘lsa, ayni damda 32 ming 627 nafar o‘g‘il-qiz 11-sinfni bitirdi.

S.ALLAYOROVA