Jamiyat 09.08.2019 33

MANSABGA "PALAGI TOZA" KISHI QO‘YILGAN BO‘LSA

Mulohaza, munosabat, munozara

MANSABGA "PALAGI TOZA" KISHI QO‘YILGAN BO‘LSA

unda nega yangi tayinlov va bo‘shatuvlarning adog‘i ko‘rinmaydi?

Rivoyatning hikmati

Ko‘chada bir kishini ko‘pchilik o‘rtaga olib do‘pposlayversa, u zarba qayeriga tushmasin:

 - Vo-oh, orqam, - deb dod solarmish.

Shu yaqindan o‘tib borayotgan otaxonning unga rahmi kelib:

- Qo‘yib yuboringlar, o‘ldirib qo‘yasizlar, - deya o‘zini o‘rtaga tashlabdi.

Keksa kishining salobati bosibmi, zo‘ravonlar kaltaklashni bas qilib birin-sirin tarqalishibdi.

Otaxon aziyat chekkan kishiga ko‘ngillik bergach so‘rabdi:

- Bolam, men bir narsaga tushunmadim, nega sen musht yuzingga, boshqa yeringga tushsa ham "vo-oh, orqam" deya dod solding, nima bu peshgirlikdanmi?

- Nahot boisini tushunmagan bo‘lsangiz, otaxon, - debdi kaltak yegan kishi. - Agar orqamda turadigan jonkuyarlarim bo‘lganida shularning meni urishga hadlari sig‘armidi...

Bu - tildan tilga ko‘chib, kim necha asr oshgan rivoyat. Unda katta hikmat bor. Yakka otning na changi, na dong‘i chiqqani kabi har birimiz tug‘ishganlarimiz, jonkuyar do‘st-birodarlarimiz bilan qudrat kasb etamiz. Yanada yalang‘ochroq ifoda etadigan bo‘lsak: "Yo zaring, yo zo‘ring bo‘lsin".

Ming shukurki, zar yoki zo‘r hamma narsaga qodir deb bilingan zamonlar ortda qoldi.

"Kattakon"ning "erkatoy" bolasi

Qishlog‘imizda Sulaymon temirchi degan kishi yashardi. Biz - qora-qura bolalar ko‘pincha uning ustaxonasi yaqinidagi tepalikda mol boqib, o‘yinga berilardik. Usta bobo turli ish qurollari yasash bilan chegaralanib qolmay pichoq charxlab, o‘roqqa tish chiqarar, tumshug‘i singan choynaklarni chegalardi. Ota-onamiz biron yumush bilan uning oldiga yuborishsa, usta bobo quloq yoki bilagimizdan ushlab:

- Ayt-chi, otang etikchimi, tuydikchi (tuydik - puflab chalinadigan sopol soz), aytsang qo‘yib yuboraman, - der edi.

Jon achchig‘i, tezroq qutulish ilinjida shosha-pisha otamizning kasbi-korini aytardik. Usta bobo salmoqlanib:

- Demak, sen ham shunday bo‘lar ekansan-da, - derdi.

Va oradan yillar o‘tib usta bobo karomat qilganidek cho‘ponning o‘g‘li cho‘pon, traktorchining o‘g‘li traktorchi bo‘lib yetishar, faqat qishloqda katta-kichik amal kursisini egallagan kishilarning farzandlari ota izidan borishar, albatta bunda "jonkuyar" otaning non-tuzini totgan, "sovg‘a" tariqasida cho‘zganlarini olgan yuqoridagi "yuzi suvli" tanishlari tirgak rolini o‘tashardi. SHo‘ro yillarida ong-shuurimizni zabt etgan tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik illatlaridan qutulish hamon oson kechmayapti. Kimdir pulning, kimdir tanish-bilishning hukmi zo‘r degan aqidadan xalos bo‘lish yo‘lini topolmayapti. Shu bois boshimizga biron ish tushib qolsa, aksarimiz bu kulfatdan qutulish uchun "pulsevar katta" yoki "yuzi suvli tanish" qidirib qolamiz. Eng achinarlisi, farzandlarimizni ham yashashning shu oson yo‘liga rag‘batlantiramiz.

Shaxsiy mashinasida kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratadigan tanishim bor. Bir kuni uni poyi-piyoda yurgan holda uchratib qoldim. Rangi ancha siniqqan, kayfiyati ham o‘ziga yarasha. "Rang ko‘r, hol so‘r" deganlaridek undan ahvol so‘radim.

- O‘zing bilasan, shu moshin izidan topgan-tutganim bilan ro‘zg‘orning qora qozonini tebratib turgandim. Shuni ham yaratgan egam ko‘p ko‘rdi, - dedi u fig‘onidan dud o‘rlab.

- Nima bo‘ldi?

- O‘tgan xafta shaharga odam olib borayotgandim. Qarama-qarshi tomondan tez kelayotgan "Neksiya" yo‘limni kesib chiqdi. Haliyam sekin yurganim ish berdi, bo‘lmasa nafaqat moshin, balki jondan ham ayrilardim.

- Qoidani buzgan shopir moshinangni tuzattirib bermadimi?

- Rulda kattakon idora boshlig‘ining hali kollejda o‘qiydigan bolasi o‘tirgan ekan. Moshinni tuzattirib berish u yoqda tursin, sal qolsa o‘zimni qamattirib yuborardi. U yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib ro‘zg‘ordan orttirgan pullarimga pachoq bo‘lgan "Neksiya"ni tuzatib berib, arang yoqamni ajratib oldim...

Bir qo‘ng‘iroq qudrati

Olis safarga chiqdim. Bir ulovdan ikkinchisiga almashib borayapman. Navbatdagi kirakash gapdongina emas, ancha-muncha chapdast ham ekan, tezlikni oshirgandan-oshirar, dam-badam qo‘l telefonida kimlardir bilan uzundan-uzun suhbatlar qurardi.

- Rulda telefon suhbati taqiqlangan shekilli, - luqma tashladi yo‘lda yo‘ldosh bo‘lganlardan kimdir.

- E aka, - bepisand qo‘l sermadi shofyor yigit, - hamma qoidaga birdek amal qilsak manzilga qachon yetib boramiz?

- Aksincha telefonda gaplashish vaqtingizni olmayaptimi?

"Injiq" yo‘lovchi gapini yakunlab ulgurmay xizmat vazifasini o‘tayotgan YPX xodimining hushtagi yangradi.

- Bunisi nima derkin, - norozi ohangda to‘ng‘illab istar-istamas tormoz bosdi haydovchi.

Biron o‘n-o‘n besh daqiqa to‘xtab turishimizga to‘g‘ri keldi.

- Manzilga yetib keldik shekilli, - dedi oramizdan birov.

- Yo‘l qoidasini buzgani uchun moshinani olib qo‘ysa, ovora bo‘lamiz-da, - uni ma’qulladi ikkinchi yo‘lovchi.

Ko‘p o‘tmay ularning taxminlari puchga chiqdi, haydovchi yigit qaytib kelib, mashina motorini o‘t oldirdi.

- Nima bo‘ldi, - so‘radim undan yo‘lda davom etarkanmiz.

- Nima bo‘lardi, shularda ishlaydigan tanishimga telefon qilib qo‘liga bergandim, hammasi iziga tushib ketdi. Yana telefonda gaplashganimga norozi bo‘lasizlar, bu "jonivor"ning qudrati zo‘r, - dedi u kerilgancha.

Navbat tanishi zo‘rnikimi?

  Akamning oyog‘i qayrilib, qaltis yedi. Chiqqan yoki singanidan hadik olib bormagan tabibi qolmadi. U tabib falon joyi chiqibdi, deb pulini oldi, bunisi pismadon yeri sinibdi, to‘g‘rilab qo‘ydim, degan bahonada ko‘zini gezartdi. Ammo oyog‘ini yerga bossa, dod-voyi tugamadi.

- Ketdik aka, - dedim uning azoblanayotganiga chidolmay, - do‘xtirga boraylik, rentgen-pentgen qildirib ko‘raylik-chi, nima bo‘lgan ekan?

Xullas, aka-uka birgalashib shahar tushdik. Sa’y-harakat besamar ketmadi, akamning oyog‘idagi og‘riqqa aniq tashxis qo‘yilib, davosi topildi, ammo...

To‘g‘ri, tibbiyotimizning bugungi taraqqiysiga gap yo‘q. Biroq sohada jonkuyar tanishing bo‘lmasa, ishing bitgunicha qiynalar ekansan. Sen soatlab rang sarg‘aytib kutib o‘tirganingda tanishi bor navbatni chetlab ishini bitirib ketaverarkan...

Ehtimol bunday holatlarga o‘zingiz ham bir emas, bir necha bor guvoh o‘tgandirsiz, "tanish" faqat tibbiyot sohasida emas, ishing tushgan idorada qo‘l kelishini o‘z tajribangizda sinab ko‘rgan bo‘lsangiz ajabmas. Ammo qachongacha ish bitirish uchun "tanish" qidirish davom etarkin? Axir biz borgan soha mutasaddisi bajarayotgan ishi uchun o‘zi ishlayotgan idoradan binoyigina maosh oladi-ku!

Meni bir narsa hayratga soladi. Kattayu kichik darajali rahbarlik kursisida o‘tirgan kishilarning tomirini surishtirib kelsangiz, uchdan ikkisining otasi, tog‘a yoki amakisi mansabdor yoki "pultopar soha"da ishlaganiga guvoh bo‘lasiz. "Palagi toza oila bolasi-da, tarbiyasi shunday bo‘lgandir" demoqchimisiz. Unda nega yangi tayinlov va bo‘shatuvlar adog‘i ko‘rinmaydi? Agar amal kursisida o‘tirgan kishi bu mansab-martabaga o‘z halol xizmatlari evaziga erishgan bo‘lsa-ku nur ustiga a’lo nur, biroq u "jonkuyar ota"ning yoki "tanish-bilish"ning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ko‘tarilgan bo‘lsa-chi?

Tag‘in bir manzara.

Har yili oliygohlarga qabul jarayonida ko‘pchiligimiz oyog‘i kuygan tovuq misol tipirchilab, farzandimizni o‘qishga joylab qo‘yadigan "tanish" izlab qolamiz. Davralarda "Falonchining karmoni baquvvat, o‘g‘lini eng zo‘r o‘qishga joylasa kerak", "O‘g‘limga "parovoz-marovoz" deganlarini izlab yuribman, tanishlaring bo‘lsa yordam beringlar", qabilidagi gurunglar qulog‘imizga chalinadi.

Ammo qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan oliygohga kiritib qo‘ygan o‘g‘il yoki qizimiz bir umr tirgakka zor bo‘lib qolishini, kelgusi hayotda mustaqil yo‘l topolmay qiynalishi mumkinligini o‘ylamaymiz. Oliygohda o‘qish ehtiyoji farzandning o‘z intilishi, igna bilan quduq qazigan misol qarich yoshidan to‘plagan bilimi evaziga qondirilishi mumkinligiga hali-hanuz shubha bilan qaraydiganlar topiladi oramizda.

Qissadan hissa

Yoshlarni og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurish ko‘nikmasidan qancha tez xalos etsak, bundan faqat va faqat o‘zimiz manfaatdor bo‘lamiz. Yaqinda oddiy kasb izidan ro‘zg‘or tebratib kelayotgan hamqishlog‘imizning qizi o‘zi test topshirgan yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori ball jamlab oliygohda davlat granti asosida o‘qish imtiyozini qo‘lga kiritdi. Aksincha, bu maqsadga "yo‘li"ni topib erishmoqchi bo‘lganlarning niyati puchga chiqdi. Oddiygina qishloq qizi erishgan muvaffaqiyat yuragimni tog‘dek ko‘tardi. Bo‘lar ekan-ku, qachongacha "vo-oh, orqam" deb kimlardan, qayerlardan madad qidiramiz? O‘zimizga, bilim salohiyatimizga tayanaylik! O‘sha biz panoh istagan kishi ham vaqtini xayrli ishlar, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida sarf etsin. Shunda ezgu maqsad va o‘ylarimiz tezroq ijobat bo‘ladi. Ming shukurkim, vaqtida Sulaymon temirchi bashorat etgan etikchining bolasi etikchi bo‘ladigan zamonlar tarixga aylanib borayapti.

Abdunabi ABDIYEV,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi