Jamiyat 11.01.2019 19

MARKAZIY OSIYODA YAGONA

14- yanvar - Vatan himoyachilari kuni

Vatan - muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!

MARKAZIY OSIYODA YAGONA

Tarixdan ma’lumki, Ikkinchi jahon urushidagi keskin burilish 6300 tank hamda 2 million 240 ming askar, 4400 qiruvchi samolyot jangga kirgan 1943- yilgi Kursk jangida boshlangan.

Qaqshatqich to‘qnashuvdan so‘ng fashist jangchilariga birinchi marotaba orqaga chekinishga buyruq berilgan. O‘z navbatida zirhli texnikalar har qanday mamlakat mudofaasini tashkil qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani isbotini topganki, ushbu haqiqat bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Qudratli armiyalar quruqligu botqoqlik, nishonni uzoqdan o‘qqa tutadiganu to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangga kiradigan zamonaviy tanklariga ega.

O‘zbekiston armiyasining ham asosiy kuchi harbiy tanklar bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, Qurolli Kuchlar ixtiyorida 420 tank, 179 samolyot, 715 ta jangovar mashina, 143 ta o‘ziyurar to‘p, 880 to‘p va 109 ta yoppasiga o‘t ochish qurollari mavjud.

Biz uchun e’tiborga molik jihati esa, Markaziy Osiyoda yagona tank brigadasi Muborak tumanidagi harbiy qismda joylashgan.

Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yanada oshirish, harbiy sohani zamon talablariga mos holga keltirish bilan bog‘liq mutlaqo yangicha yondashuv, ko‘lamdor islohotlar samarasini mazkur harbiy qism misolida ham ko‘rish mumkin.

Bu yerda birgina o‘tgan yil davomida loyiha qiymati 37 milliard so‘m bo‘lgan 17 ta obyektda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, harbiy qism butunlay zamonaviy qiyofa kasb etdi. Jumladan, askarlar oshxonasi, tibbiyot punkti va kazarmalar kapital ta’mirlandi, harbiy xizmatchilarning ovqatlanishini tashkil qilishda autsorsing tizimi joriy qilinib, askarlarning oshxona ishlariga jalb qilinishiga barham berildi. Bundan tashqari, issiqlik va elektr tarmoqlari yangilandi. Madaniyat va sport saroylari qurildi.

- Harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yashash va xizmat vazifalarini o‘tashlari uchun yaratilgan qulay sharoit mas’uliyatli va sharafli burchni sidqidildan bajarishda muhim o‘rin tutmoqda, - deydi harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ziyodbek Mamajonov. - Misol uchun, yangidan qurilgan muhtasham madaniyat saroyida harbiylar va ularning oila a’zolari uchun turli konsertlar, ko‘ngilochar dasturlar tashkil etilmoqda. Sport saroyida esa sportning 12 turi bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan, trenajyor zallari ishlab turibdi. Qolaversa, harbiylarning farzandlari uchun ham sport to‘garaklari ochilgan.

Darhaqiqat, harbiy qism ko‘plab chempionlariga ega. Abdumalik Muhammadiyev o‘tgan yili Mudofaa vazirligi tizimida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan bo‘lsa, mayor Sobir O‘razov Xitoyda ushu sport turi bo‘yicha o‘qib keldi, Otabek Jabborov armrestling bo‘yicha 75 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi, Javohir Raimov Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug   miqyosida qo‘l jangida tengsiz deb topildi. Ayni paytda harbiy qism sportchilari Qurolli Kuchlar tizimida o‘tkaziladigan boks musobaqasiga   tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Jangovar mashinalar parki. Turli tumanlardan kelgan yoshlarga harbiy texnikalar haqida ma’lumotlar berilmoqda. Vodiylik harbiy xizmatchi Mahmudjon Soataliyev dushman zirhli texnikasini yo‘q qilish, tankning qurollanish bo‘limi ishlash holatlari, tank ekipajlari harakati, qurol-aslahalarini jang holatiga keltirish, nishonni mo‘ljallash kabi muhim vazifalar haqida gapirib beradi. Uning uqtirishicha, harbiy tank bilan birga o‘zini ham boshqara olishi kerak. Tankda mexanik haydovchi, komandir, mo‘ljalga oluvchi operator va o‘qlovchidan iborat tarkib bo‘lib, hammasini kerakli qaror va to‘g‘ri mo‘ljal hal qiladi.

Ayni paytda muomaladan chiqarilgan va himoya qatlamlari o‘zgacha eski tank e’tiborni tortadi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu himoya qatlami ichiga portlovchi modda joylangan, dushman snaryadi tankka kelib urilganda,   portlashni ichkariga o‘tkazmaslikka xizmat qiladi.

Naridagi maydonda esa harbiy qurol-aslahalar namoyishi. Ko‘rinishdan kinolenta saqlanadigan aylana qopqoqli jihozni eslatadigan mana bu mina 150 dan 500 kilogrammgacha yuk tushganda, portlaydi, ya’ni tanklar uchun mo‘ljallangan. Jimjimalisi esa Fransiya qurolli kuchlarida foydalaniladi, biroq ta’sir kuchi kamroq. Dushman minalarini aniqlashda ishlatiladigan muhandislar razvedka asboblari ham barchaga birday qiziq.

- Qurol-yarog‘ni, harbiylar hayotini televizordan ko‘rish boshqa, yaqindan his etish boshqa ekan, - deydi Kasbi tumani Jizza qishlog‘idan kelgan o‘quvchi Sanjar Tursunov. - Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kirmoqchiman, bugun bu yerdagi zirhli texnikalar, ularning ishlash jarayoni bilan tanishib, ahdim qat’iylashdi.

Aslida tinch va osoyishta hayotni ta’minlash xalq va armiya birligini taqozo etadi. Qurolli Kuchlar tizimidagi islohotlar ayni shu maqsad ro‘yobiga qaratilganki, balki shu sabab xalqimiz milliy armiya deganda, mustaqilligimizning mustahkam qalqonini tushunayotir.

N.XO‘JAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.