Iqtisodiyot 08.01.2019 21

MARRA YUKSAK, LOYIHALAR ISTIQBOLLI

Investitsiya dasturi

MARRA YUKSAK, LOYIHALAR ISTIQBOLLI

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 19-dekabrda "O‘zbekiston Respublikasining 2019- yilga mo‘ljallangan  Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini imzolangandi. Ushbu hujjat asosida tasdiqlagan dasturda viloyatimizda joriy yilda amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ishlar ham belgilab berildi. Xususan, unda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini texnik va texnologik yangilash, yangi quvvatlarni ishga tushirish, ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirish, shu maqsadda katta hajmdagi investitsiyalarni samarali o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish salmog‘i ortadi

2019-yilgi Investitsiya dasturi doirasida "Muborak gazni qayta ishlash zavodi" MCHJda propan-butan aralashmasi olish qurilmasining yangi 4-nitkasi barpo qilinishi yakunlanadi. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 38 ming tonna suyultirilgan gazni tashkil etadi. Korxona mahsuldorligi oshishiga imkon beruvchi ushbu inshoot joriy yil oxirida to‘la ishga tushishi kerak. Umumiy investitsiyaviy qiymati 73 million AQSH dollariga baholangan mazkur loyiha doirasida ushbu davrda 60,7 million dollar o‘zlashtirilishi kerak. Qo‘shimcha ravishda esa 66 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, joriy yilda ushbu yirik sanoat korxonasidagi ishlab turgan propan-butan aralashmasi olish qurilmasining 1-, 2-, 3-nitkalari ham modernizatsiya qilinishi darkor. Tashabbus muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqishi natijasida korxonaning suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 21 ming tonnaga ortadi. Buning uchun 16,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilmoqda.

 Ayni shu yo‘nalishdagi o‘zgarishga "SHo‘rtanneftgaz" MCHJda ham qo‘l uriladi.  Taklif etilgan loyiha asosida hozirda foydalanishda bo‘lgan propan-butan aralashmasi olish qurilmalarini yangilash ishlari nihoyalanadi. Umumiy bahosi 49 million AQSH dollari bo‘lgan bu tadbir doirasida 2019 yilda 46,7 million dollarga teng ish bajariladi.

Ilk klasterda qayta ishlash boshlanadi

Viloyatimizda birinchilardan bo‘lib paxtachilik-tekstil klasteri tashkil etayotgan "G‘uzor tekstil impeks" MCHJda to‘qilgan gazlama ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu quvvat ishga tushirilgach, har yili 11,5 million kvadrat metr mato tayyorlanadi. Investitsiya loyihasini to‘laqonli hayotga tatbiq etish uchun qariyb 15 million AQSH dollari sarflanmoqda.  Albatta, zamonaviy fabrika samarali ishlashini 100 nafar yangi ishchi ta’minlab berishi ahamiyatlidir.

"Koson don" MCHJning ancha eskirib qolgan tegirmoni ham texnik qayta jihozlai. Ushbu korxonada 2019-yilda energiya samarador uskuna o‘rnatilishi belgilangan.

Temir yo‘lni elektrlashtirish to‘liq tugallanadi

Dasturda 2019-yilda Qashqadaryoda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan ishlar ko‘lami ham aniq ko‘rsatilgan. Jami 13 milliard 929 million so‘m xarj etilishi evaziga bir qator obyektlar quriladi va boshqalari rekonstruksiya qilinadi. Xususan, qirg‘oqlarni mustahkamlash va boshqa muhofaza chora-tadbirlariga 5 milliard 35 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Chiroqchi tumanida "Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi"ning ma’muriy binosi yangidan bunyod etiladi. Bu qurilishga 1 milliard 92 million so‘m mablag‘ sarflanadi.

Dasturda Qarshi-Kitob temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish aynan 2019 yilda tugallanishi ko‘rsatilgan.  124 kilometrga yetadigan mazkur tarmoqda bu davrda yana 20 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajariladi.

118 kilometr kollektor holati yaxshilanadi

Bu yil ham viloyatda melioratsiya tadbirlari sifatli bajarilishi uchun qator choralar ko‘riladi. Investitsiya dasturida ushbu yo‘nalishdagi loyihalarga 29 milliard 633 million so‘m sarflanishi belgilangani ham uning ko‘lamidan darak berib turibdi. Ushbu jabhada 15 obyektda ish olib boriladi. Misol uchun, Mirishkor tumanidagi "Janubiy" magistral kollektori 4 kilometri rekonstruksiya (1 milliard 900 million so‘m) qilinadi. Kasbi tumanidagi vertikal drenaj quduqlari ham rekonstruksiyaga tushgan. Koson tumani "Boburdaryo", "Chashma" va "Farovon" suv iste’molchilari uyushmalari hududida kollektor-drenaj tarmoqlari quriladi. Shunday qilib, yil yakuniga qadar vohada 118 kilometr uzunlikdagi kollektor, 37,8 kilometr yopiq gorizontal drenajlar, 2 dona quduq yaroqli holda foydalanishga topshiriladi.

Aylanma yo‘l qurilishi davom ettiriladi

Viloyatda avtomobil yo‘llari qurilishi borasidagi ishlar ham faol davom ettiriladi. Jami 275 kilometr uzunlikdagi yo‘llar holati   yaxshilanishi uchun 99 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtiriladi. Asosiysi, xalqaro ahamiyatga ega, vohamiz hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida qurilish jarayoni jadal tus oladi. "Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz" M-39 avtomobil yo‘lining 1240-1315-kilometri, "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau" A-380 avtomobil yo‘lining 130-150-kilometri uchastkalarida rekonstruksiya ishlari bajariladi. Qarshi shahri aylanma  4 polosali avtomobil yo‘lining 29 kilometri (A-380 avtomobil yo‘li 43-kilometridan 70-kilometriga qadar) quriladi.

Shuningdek, davlat ahamiyatidagi 3 obyektda ham qurilish ishlari amalga oshiriladi. "G‘uzor-Chim-Ko‘kdala" 4R87 avtomobil yo‘lining 35 kilometri, Qarshi-Shahrisabz yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining turli uchastkalaridagi 17 va 77 kilometr qismi tartibga keltiriladi.  Mahalliy ahamiyatga ega "Shahrisabz-Miroqi" avtomobil yo‘li rekonstruksiya dasturiga kiritilgan. Ushbu transport tarmog‘ining 3 kilometri rekonstruksiya qilinadi.

2 ta bolalar musiqa va san’at maktabi yangilanadi

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturdan faqat Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 2-sonli 108 o‘rinli talabalar yashash joyi o‘rin egalladi. Ushbu bino  4 milliard 668 million so‘m mablag‘ sarflanib, kapital ta’mirlanadi. Yana ushbu dasturga asosan, Qarshi ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari maktab-internati uchun 200 o‘rinli yangi yotoqxona binosi qurib beriladi. Qolaversa, viloyatdagi 2 ta ta’lim muassasasi - Qamashi tumanidagi "Qoratepa" va Kasbi tumanidagi "Qodirobod" bolalar musiqa va san’at maktabi 8 milliard 170 million so‘m investitsiya hisobidan yanada obodlashadi. Ular zamonaviy talablarga muvofiq rekonstruksiya qilinadi.

Viloyat perinatal markazi zamonaviy binoda ish boshlaydi

Aytish joiz, Qashqadaryoda ancha eskirgan, nochor ahvolga kelib qolgan tibbiyot muassasalari joriy holatini tubdan yaxshilash, yangilarini barpo etishga investitsiya dasturi doirasida salmoqli mablag‘ - 51 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.  Jumladan, 2018 yilda Qarshi shahridagi viloyat perinatal markazida boshlangan bunyodkorlik ishlari davomiyligi ta’minlanadi. Joriy yilda 200 o‘rinli yangi tug‘ruq majmuasi, 50 qatnovga mo‘ljallangan viloyat perinatal hamda ona va bola skrining markazi, 50 qatnovga mo‘ljallangan viloyat reproduktiv markazi qurib bitkaziladi.

Mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, Dehqonobod tumani Chuchukquduq qishlog‘ida zamonaviy qishloq vrachlik punkti barpo etiladi. Bir martada 50 qatnovga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan ushbu muassasa qurilishiga 1 milliard 350 million so‘m atrofida mablag‘ ajratiladi.

Shu bilan birga, vohamizdagi 11 ta tibbiyot maskani -  Qarshi shahri, Kitob, Chiroqchi, Kasbi, Muborak, Shahrisabz, Dehqonobod va Qamashi tuman tibbiyot birlashmalari tasarrufidagi ta’mirtalab bo‘lim va filiallar rekonstruksiyasi bajariladi. Misol tariqasida Kitob tuman tibbiyot birlashmasining 100 o‘rinli bolalar bo‘limi qayta chiroy ochishini qayd etish mumkin. "Obod qishloq" dasturi doirasida esa 2 ta obyektni (Koson tumani Maydayobu qishlog‘idagi tez tibbiy yordam stansiyasi va Dehqonobod tumani Qum qishlog‘idagi QVP) kapital ta’mirlashga kirishiladi. Jarayon 2020-yilda tugallanishi lozim.

64 ta maktab va 40 ta bog‘chadagi nochor sharoit o‘nglanadi

 Investitsiya dasturida tegishli davrda viloyatimizdagi qancha umumta’lim maktabi binosida rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilishi ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Birinchi yo‘nalishda 52 maktab, ikkinchisida 12 ta maktab qamrab olingan. Shu maqsadda xarjlanadigan 86 milliard 196 million so‘m mazkur ta’lim dargohlarida maqbul sharoitlarni yaratishga imkon berishi darkor. Xususan, 2019 yilda G‘uzor tumani Batosh qishlog‘idagi 21-maktabning 120 o‘rinli filiali rekonstruksiya qilinadi. Shahrisabz tumani Amir Temur mahallasidagi 8-maktab esa kapital ta’mirga muhtoj. 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi evaziga ushbu ta’lim muassasasidagi ahvol o‘nglanishi kutilayapti.

Bugun Qashqadaryodagi aksar maktabgacha ta’lim muassasalari holatini qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Ulardagi sharoitlar esa talabga to‘liq javob bermaydi. Shu ma’noda viloyatda bu borada ham jiddiy ish olib borish lozim bo‘ladi. Tegishli dastur doirasida amalga oshiriladigan ishlar esa bunga keng imkon beradi. Jami 5450 o‘ringa ega qariyb 40 ta ishlab turgan bog‘chani rekonstruksiya qilishga ajratilgan 134 milliard so‘m har holda kichik mablag‘ emas, albatta. Maktabgacha ta’lim muassasalarining 3400 o‘ringa mo‘ljallangan binolari esa qaytadan quriladi, 2050 o‘rinli mavjud bloklarning holati tubdan yaxshilanadi.  Misol uchun, Qamashi tumanidagi 125 nafar bolani o‘z bag‘riga qabul qiluvchi 14-bog‘cha yanada obod bo‘lishiga 3 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ sarflanadi.

Sariq aholi punktiga suv keladi

Sir emas, viloyatda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi qoniqarli emas, mavjud infratuzilma esa ancha eskirib qolgan. 2019 yilda ushbu muammoni baholi qudrat bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Bu yo‘nalishga 71 milliard so‘mdan ziyod pul jalb qilinadi. 157,5 kilometr uzunlikdagi quvurlar yangilanadi, 35 ta suv ta’minoti inshootida qurilish ishlari olib boriladi. Ichimlik suvi yetib borishi qiyin bo‘lgan Muborak tumanidagi Sariq aholi punktida yangi ta’minot tizimi bunyod etiladi. Shu maqsadda 10 kilometr masofaga quvur tortilib, bir dona suv inshooti quriladi. Yakkabog‘ tumanidagi "Markaziy" suv taqsimlash uzeli esa rekonstruksiya qilinadi. Umumiy hisobda shu yo‘nalishga tegishli 39 ta obyekt manzilli dasturga kiritilgan.

Chet el krediti jalb qilinadi

Investitsiya dasturida 2019-yilda chet el kreditlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan loyihalarga ham batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, 2020-yilda to‘liq ishga tushishi lozim bo‘lgan sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish quvvati uchun ushbu davrda xalqaro kredit tashkilotlari taqdim etadigan 820 million AQSH dollari o‘zlashtiriladi.

2017-2021-yillarda "SHo‘rtan gaz-kimyo majmuasi" MCHJ ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishni ko‘zda tutuvchi loyiha doirasida Rossiyaning "Gazprombank" va Xitoy davlat taraqqiyot bankining 100 million AQSH dollarilik moliyaviy ko‘magi jalb etiladi.

2019 -yilda yakunlanishi belgilangan Qarshi nasos stansiyalari kaskadi kapital ta’miriga ham 6,2 million dollar miqdorida xorijiy kredit yo‘naltiriladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida viloyatimizdagi 400 ming gektardan ziyod ekin maydonida sug‘orish ishlari yaxshilanadi.

Paypoq zavodida endi sochiq ham ishlab chiqariladi

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokida hayotga tatbiq etiladigan loyihalar manzilli ro‘yxatiga viloyatimiz bo‘yicha 4 ta subyekt tashabbusi kiritilgan. Xususan, "Muborak tekstil sifat" MCHJ negizida sochiq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Janubiy Koreyaning "Geola Ko LTD" kompaniyasi chet ellik sarmoyador sifatida maydonga chiqqan. Bu yo‘nalishga olib kirilayotgan mablag‘ 2,5 million dollarga teng. Loyiha 2019-yilda to‘liq amalga oshishi kerak, buning samarasida yiliga 5 million dona sochiq ishlab chiqarish quvvati ishga tushiriladi.

Xitoyning "Anchun konch sement" kompaniyasi esa vohamizning qurilish sanoatiga qariyb 200 million dollarlik investitsiya yo‘naltirishni maqsad qilgan, shu asosda Chiroqchi tumanida yangi faoliyat boshlagan "Qarshi konch sement" xorijiy korxonasi negizida sement ishlab chiqarish tashkil etiladi. Quvvat esa yiliga 1,2 million tonna. Loyiha 2022-yilga kelib muvaffaqiyatli nihoyalanishi ko‘zda tutilgan.

Turkiya texnologiyasi asosida - zamonaviy issiqxona

 "Big agro" MCHJ tomonidan ilgari surilgan yerosti issiq suvlaridan foydalangan holda issiqxona va bog‘dorchilik komplekslari barpo qilish tashabbusi ham tegishli dasturda qo‘llab-quvvatlangan. Shu loyiha doirasida turkiyalik hamkorlar - "Ijan Sera" kompaniyasining 12,5 million dollarlik investitsiyasi evaziga  100 gektar maydonda bog‘, 400 gektar joyda esa innovatsion issiqxona yaratish ko‘zda tutilgan.

Koreya biznesi vakili - chiller uskunasi ishlab chiqarishda yetakchi sanalgan "Senchiri" kompaniyasi ham viloyatimizda investitsiyaviy faoliyat ko‘rsatishga istak bildirgan.  Bu firma hududda sanoat ko‘lamida qo‘llanadigan sovitish va isitish qurilmalari tayyorlashni tashkil etadi. Yangi korxona uchun Qarshi shahri tanlangan. 2 yil davomida 5 million dollar investitsiya jalb qilingach, loyiha o‘z samarasini berishni boshlaydi.

Talimarjon IES quvvati ortadi

Tegishli dasturdan hali to‘la mukammal ishlab chiqilmagan, texnik-iqtisodiy asoslanmagan, ammo 2019-yilda bajarishga kirishilishi lozim bo‘lgan investitsiya loyihalari ro‘yxati ham joy olgan. "Muborak gazni qayta ishlash zavodi" MCHJda oltingugurt olish uskunasi ishdan chiqayozgan quvvatlarini kompensatsiya qilish masalasi shular sirasiga kiradi. Sentabr oyiga qadar tasdiqlanadigan loyihaning prognoz qiymati 143 million dollarga baholangan. Ushbu ro‘yxatda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish hisobiga kengaytirish borasidagi loyihani ham ko‘rish mumkin. Texnik-iqtisodiy asosi aprelda tasdiqdan o‘tsa, loyihani amalga oshirish uchun taxminan 910 million dollar atrofida mablag‘ sarflanadi.

Bundan tashqari, Shahrisabz shahrining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, Koson va Muborak tumanlari markazlari ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash rejasi ham hali yechimlarga ega emas. Jami 55 million dollar ajratiladigan bu investitsiya loyihasi yuzasidan joriy yil mart oyida aniq to‘xtamga kelinishi kutilmoqda.

Istiqboldagi istiqbolli loyihalar

Keng ko‘lamli ushbu dasturga muvofiq, bir qator istiqbolli investitsiya va infratuzilma tarmoq loyihalarini ko‘rib chiqish belgilangan. Mazkur ro‘yxatdan esa viloyatimizga daxldor quyidagi loyihalar o‘rin olgan. Jumladan, MTO texnologiyasi asosida olefin ishlab chiqarish. Ya’ni plastmassa tayyorlashda ishlatiladigan bu mahsulot metanoldan olinadi. Potensial investor sifatida AQShning UOP kompaniyasi ko‘rsatilgan. Loyiha prognoz qiymati 3 milliard dollardan oshadi.

Qolaversa, Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyalari qurish bo‘yicha ham loyihalar ishlab chiqiladi. Bunday stansiyalarning elektr energiyasi hosil qilish quvvati 100 MVtdan 2 ming MVtgacha yetishi mumkin.

"O‘zbekgidroenergo" AJ esa Shahrisabz tumanida bajarilishi lozim bo‘lgan 3 quvvatni barpo etishga tashabbus bildirgan. Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari (qariyb 100 million dollar atrofida) hisobidan ushbu hududdagi Oqsuv va Oqdaryo   daryolarida kichik-kichik gidroelektrstansiyalar ishga tushirilishi darkor. Mazkur energobloklar har birining mahsuldorligi 10 MVtdan ziyodni tashkil qiladi.

Kaliy o‘g‘itini granulalash o‘zlashtiriladi

Kelgusida "Dehqonobod kaliy zavodi" MCHJ negizida ham 2 ta loyihani ro‘yobga chiqarish mo‘ljallangan. Bu sanoat korxonasida bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan sulfat kaliy va kaliy tuzining boshqa turlarini (yiliga 20 ming tonna), shuningdek, granulalangan kaliy xlorid (yiliga 180 ming tonna) ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Buning uchun taxminan 25 million dollar sarf etiladi. Hozircha potensial investor yoki kreditor aniqlanmagan.

Yana bir yirik sanoat giganti - Qarshi shahridagi "Qarshi leather" qo‘shma korxonasi modernizatsiya qilinadi. Ushbu maqsad ro‘yobi uchun 4 million dollar yo‘naltiriladi. Ammo loyiha quvvati qanday bo‘lishiga halicha aniqlik kiritilmagan.

Fransiya taraqqiyot agentligi Qamashi va G‘uzor tumanlari ichimlik suvi ta’minoti tizimini yanada takomillashtirishga ko‘maklashadi. Moliyaviy ko‘mak miqdori esa 39 million dollar bo‘lishi kutilayapti. Natijada mazkur hududlarda aholiga suv yetkazib berish imkoniyati sutkasiga 33,2 ming kub metrga yetadi.

Xulosa o‘rnida aytganda, mazkur investitsiya dasturida Qashqadaryo xalq xo‘jaligining barcha sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar qamrab olingan. Ularning ko‘lami keng, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori. Bu borada zarur samaradorlikka erishish esa har bir manzilli chora-tadbirning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga bog‘liq. Yuz berajak salmoqli o‘zgarishlar vohamiz aholisi turmushi yuksalishi, hudud jadal ravnaqi ta’minlanishiga xizmat qilishi muqarrar.

M.SHUHRATOV