Yilnoma 17.08.2017 1021

MAS’ULIYAT KAMAYSA, MUROJAAT KO‘PAYADI

Xalq qabulxonasi – adolat maskani

MAS’ULIYAT KAMAYSA, MUROJAAT KO‘PAYADI

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil qilingan Xalq qabulxonalari aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kasbi tumanidagi Xalq qabulxonasi misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, o‘rganishlar hududda aholini qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklar mavjudligini, bunga ayrim rahbar va mutasaddilar panja orasidan qarab kelishganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish yoki tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkinligi, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinishi lozimligi qayd etilgan.

Biroq tuman hokimligi, bandlikka ko‘maklashish markazi, moliya bo‘limi va pensiya jamg‘armalarida o‘tkazilgan tekshirishlarda mazkur qonun normalari buzilishi hamda ushbu qonun talablariga to‘liq rioya etilmagani aniqlangan. Shunga asosan tegishli qonun talablarini buzgan 40 nafardan oshiq mansabdor shaxs ma’muriy va 5 nafar mansabdor shaxs intizomiy jazoga tortilishi  ta’minlandi.

Misol uchun, AT “Xalq banki” tuman filiali tomonidan Kasbi qishlog‘ida yashovchi Akmaljon  Bozorovning chorva mollari sotib olish uchun kredit berish to‘g‘risidagi murojaati uch oydan oshiq muddat ichida hal qilinmasdan, fuqaroning qonun bilan belgilangan huquqlari buzilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  Kasbi tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan tuman hokimligi arxitektura va qurilish bo‘limiga yuborilgan fuqarolarning murojaatlari ifodalangan xatlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan, qonunda belgilangan muddatlar asossiz ravishda o‘tkazib yuborilib, fuqarolarning sarson bo‘lishiga sababchi bo‘lingan.

Bunday qonunbuzilishga yo‘l quygan AT “Xalq banki” Kasbi tuman filiali boshqaruvchisining o‘rinbosari J.Jo‘rayev, tuman hokimligi arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i B.Rajabov Xalq qabulxonasining taklifi asosida ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman sudi tomonidan tegishli ma’muriy jarima jazosiga tortildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom talabiga xilof ravishda Xo‘jaki mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan V.Zaripovaga 2 yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalashi uchun tayinlangan nafaqa to‘lovi vedomostlariga boshqa shaxslar nomini  kiritish yo‘li bilan 1 million 601 ming 950 so‘m to‘lanmagan.

Bunday qonunbuzilish holatiga Talishbe mahalla fuqarolar yig‘inida ham yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, aybdor shaxslar intizomiy jazoga tortilib, fuqarolarning qonuniy huquqlari tiklandi.

Shuningdek, D.Avazovaning 2 yoshli bolasi uchun nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi murojaati Tinchlik mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan qonunga xilof ravishda uzoq muddat davomida ko‘rib chiqilmagan.

Kasbi qishlog‘ida yashovchi R.Abdiyevaning pensiyaga chiqishi uchun ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishni so‘rab qilgan murojaatlari bo‘yicha AT “Xalq banki” Mirishkor va Kasbi tuman filiallari tomonidan hech qanday  munosabat bildirilmagan. Oqibatda R.Abdiyeva to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan holda pensiyaga chiqqan. Xalq qabulxonasining aralashuvi bilan uning ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2017-yil iyun oyida olinib, pensiya miqdori oshirilgan.

Kasbi tuman moliya bo‘limida o‘tkazilgan tekshirishda aniqlanishicha, 41-maktab o‘qituvchisi D.Sheralovaga 2016-yil avgust oyidan buyon homiladorlik va tug‘ish nafaqasi berilmagan. Bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan choralar ko‘rish, qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilash haqida tegishli davlat organlariga  takliflar kiritildi.

Shu bilan birga, Xo‘jaxayron qishlog‘ida yashovchi Z.Asadova, Do‘stlik mahallasida yashovchi R.Ismoilov, N.Rajabova, Qamashi qishlog‘ilik O.Xo‘jayev, mug‘lonlik Z.Toshtemirova, D.Bozorova, Qoraxo‘ja qishlog‘ida yashovchi E.Suvonov, denovlik R.Botirovaning murojaatlari asosida mazkur fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va shifoxonada davolanishlari ta’minlandi.

Qo‘riq qishlog‘ida yashovchi A.Salohiddinov, Yangi qishloq mahallasilik T.Murodovning murojaatlari bo‘yicha esa ularning yashash uylariga elektr hisoblagichlar o‘rnatildi. Mesit qishlog‘ida yashovchi T.Jo‘rayevning yashab turgan hovlisidagi transformator, 10 kVli havo liniyasi va ustunlarni ko‘chirish, Qodirobod qishlog‘ida yashovchi M.Ergasheva, Pandiron qishlog‘ida yashovchi I.Shomiyevning elektr energiyasidan asossiz qarzdorlik hisoblangani to‘g‘risidagi murojaatlari iste’molchilar foydasiga hal qilindi.

Xo‘ja Kasbi mahallasida yashovchi A.Azizovning bolalar sport maktabi yonidan o‘tadigan qishloqlarni birlashtiradigan yo‘lning asfalt qilinmagani haqidagi murojaati mutaxassislar jalb qilingan holda tekshirilib, 2017-yil manziliy dasturiga 400 metr yo‘lni asfalt qilish loyihasi kiritildi va ta’mirlash rejasining ikkinchi bosqichi bilan bajarish mo‘ljallandi.

Qayd etish lozimki, murojaatlarda ayrim mansabdorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan mas’uliyatsizlikdan norozilik holatlari ko‘p bor tilga olinmoqda. Shunga asosan I.Choriyeva, Q.Mirzayev, O.Xayitov, B.Karimov, R.Xayitovalarning “Kasbi paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatidagi dividend pullari, “Tilovov Eshonqul bobo” fermer xo‘jaligi raisi N.Eshonqulovning 2016-yildagi paxta hosili pullari, O.Qobilovning pilla urug‘ini boqib topshirgani uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘ berilmagani bo‘yicha murojaatlar ijobiy hal qilindi.

Qo‘riq qishlog‘ida yashovchi G.Sharipova maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, homiladorlik va tug‘ruq ta’tiliga chiqqan. Ta’tildan qaytganidan so‘ng o‘z lavozimida ishini davom ettirish o‘rniga unga 0,25 meyorda to‘garak rahbari ishi berilgan. 2015-yil 1-aprelda esa u yana homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan. Oilaviy sharoiti og‘irligi tufayli maktab direktoriga bir necha marta ishga chiqishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan, lekin unga o‘z faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilmagan.

Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009-yil 15-yanvardagi qo‘shma qarori talablari buzilgani aniqlanib, G.Sharipovani ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqni bekor qilish, uni ishga tiklash to‘g‘risida protest kiritilib, qonun talablarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilindi.

Maymanoq qishlog‘ida yashovchi K.Hasanov esa 1955-1958-yillarda Vengriya respublikasida haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan, 1956-yil 23-oktabrdan 10-noyabr kuniga qadar Vengriyada qo‘zg‘olonni bartaraf etishdagi urushda qatnashgan. Shu sabab urush qatnashchisiga beriladigan imtiyozlardan foydalanish huquqi bor yoki yo‘qligi haqida bilishni istab yordam so‘ragan.

Mazkur murojaat atroflicha o‘rganilib, fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 1-ilovasiga asosan urush qatnashchilariga beriladigan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega ekanligi haqida yozma tushuntirish berildi.

Qayd etish joizki, amaliyotda fuqarolarning tergov va sud ishlaridan norozi bo‘lib Xalq qabulxonasiga murojaat etish hollari ham uchramoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 2-moddasiga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, xo‘jalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga ushbu qonunning amal qilishi tatbiq etilmaydi.

Ya’ni fuqarolar xo‘jalik, ma’muriy, fuqarolik va jinoiy ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlar, tergov va surishtiruv harakatlari ustidan qonun normalarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi sudga, prokurorga shikoyat qilishlari  mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga ko‘ra, fuqarolar mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari bilan o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, mansabdor shaxslarning har qanday harakatlari bo‘yicha sudga murojaat etishlari mumkinligi belgilangan. Xalq qabulxonasiga bu haqda murojaat etgan fuqarolarga qonun talablari bo‘yicha tushunchalar berib borilmoqda.

Umuman olganda, har bir mansabdor shaxs    murojaatlar ortida kimnidir qiynayotgan muammo, kamchilik, tashvishli holat, kerak bo‘lsa, inson hayoti, taqdiri turganini chuqur his qilishi, ijro intizomiga qat’iy rioya qilishi darkor. Zero, murojaatlarning ko‘payishiga qaysidir mansabdorning mas’uliyatni susaytirgani ham sabab ekanini esdan chiqarmaslik kerak.

Abduali XOLOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kasbi tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri