Qishloq xo'jaligi 12.07.2019 105

MASHAQQATLI MEHNAT VA MUNOSIB RAG‘BAT

Hosil bayrami

Yerga urug‘ qadab, ekin parvarishlash - mashaqqatli ish. Dehqon yerni tayyorlashdan tortib, hosilni yig‘ib olguniga qadar tinim bilmaydi, kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qiladi. Ammo mavsum davomida qilgan ishi bo‘y ko‘rsatib, kutilgan hosil olingan kuni barcha charchoqlar unutiladi. Mashaqqatli va zahmatli mehnat evaziga yaratilgan ulkan xirmon nafaqat dehqonga, balki rizqi but, dasturxoni to‘kin bo‘lishini bilgan barcha odamlarga zavq-shavq, olam-olam quvonch baxsh etadi.

Shu ma’noda aytganda, Mirishkor tumanilik dehqonlarning joriy yilda davlatga g‘alla sotish bo‘yicha shartnoma rejasini oshig‘i bilan bajarganligi munosabati bilan tashkil etilgan hosil to‘yi ham ko‘p millatli tuman mehnatkashlarining haqiqiy bayramiga, katta-kichikning birdek shodiyonasiga aylanib ketdi.

- Bu yil dehqonlarimiz uchun juda samarali keldi, - deydi tuman hokimining  o‘rinbosari G‘anisher Fayziyev. - Yil boshidanoq pillakorlarimiz 1090 quti ipak qurti parvarishlab, rejadagi 60 tonna o‘rniga 62 tonnadan oshiq "kumush tola" yetishtirgan edi. Mana endi g‘allakorlarimiz yana bir yuksak natijaga erishib turibdi. Bu yil fermerlarimiz 22 ming 350 gektar maydonda g‘alla parvarishlagan bo‘lsa, davlatga don sotish bo‘yicha shartnoma rejasi viloyatda birinchilardan bo‘lib bajarildi.

Darhaqiqat, tuman mirishkorlari bu yil 65 ming tonnadan ortiq hajmdagi g‘alla xirmonini bunyod etishdi. Har gektar yerdan 60-70 sentnerdan hosil olgan fermerlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

- Hududimizda 20 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 1016 gektar yerga g‘alla ekilgan edi, - deydi "Yangiobod" MMTP rahbari Sherali Aminov. - Ob-havoning qulay kelishi, barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida tumanda hududlar orasida birinchi bo‘lib shartnoma rejasini bajardik. Har gektar yerdan o‘rtacha 50 sentnerdan oshirib hosil olindi. 

Darhaqiqat, g‘allachilikda yangi tajribalarning qo‘llanilayotgani, urug‘lik don tayyorlash tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va samarali amalga oshirilishi evaziga yil sayin yerdan yuqori hosil olinmoqda. Mirishkorda ham bu borada ilg‘orlik ko‘rsatayotgan fermerlar soni talaygina. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehnatini munosib rag‘batlantirish esa yutuqlarning bardavom bo‘lishini ta’minlaydi. Shunga ko‘ra, tashkil etilgan hosil bayramida 65-70 sentnerdan yuqori hosildorlikka erishgan 10 nafar fermerga Prezident sovg‘alari - yengil avtomobillar topshirildi.

- Bu yil 60 gektar yerda g‘alla parvarishladik, - deydi tumandagi "Abdurahmon ota" fermer xo‘jaligi rahbari Abdusalim Abduraimov. - Har gektar yerdan 70 sentnerdan hosil oldik. Bu avvalo yaxshi daromad ko‘rishimizni ta’minladi. Shu bilan birgalikda, erishgan yutuqlarimiz uchun avtomobil bilan mukofotlanishimiz yanada quvonchli bo‘ldi. Hukumatimiz tomonidan biz fermerlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, qaratilayotgan e’tibordan behad mamnunmiz. Ayni paytda 60 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlayapmiz. Hozir g‘o‘zalarimizning rivoji juda yaxshi. Nasib etsa, paxta sotish rejasini ham ortig‘i bilan bajarib, bildirilgan ishonchni oqlash harakatidamiz.

Ta’kidlab o‘tish joiz, bugun Mirishkorning barcha hududi obod va ozod go‘shaga aylanib bormoqda. Bu esa tuman ahlining fidoyi mehnati, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, oilasining ham, yurtining ham farovonligini ta’minlashga bo‘lgan intilishi samarasidir. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bugun mirishkorliklar nafaqat paxta va g‘alla yetishtirish, balki bog‘dorchilik, chorvachilik va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida ham yuqori marralarni zabt etayapti. Bir qarich yerdan ham kattagina daromad olayotgan, tomorqasida yetishtirgan mahsulotni jahon bozorlariga yetkazib berayotgan oilalar ko‘p.

Bu yutuqlarda tumanda istiqomat qilayotgan 23 mingdan oshiq oila, qariyb 114 mingga yaqin kishi - o‘zbek, turkman, arab, tojik va    boshqa millat vakillarining birdek hissasi bor, albatta. Hosil to‘yi ana shu mehnatkashlarning quvonchli bayramiga, erishayotgan yutuqlari tantanasiga aylanib ketdi. Viloyatimiz san’at ustalari hamda poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat, zavq-shavq ulashdi.

Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerakki, so‘nggi yillarda tashkil etilayotgan turli tantanalar, tadbirlar munosabati bilan kam ta’minlangan oilalar farzandlarining xatna to‘ylari hamda nikoh marosimlarini o‘tkazib berish ham ajoyib an’anaga aylanib bormoqda. Mirishkor tumanida o‘tkazilgan hosil to‘yida ham shunday oilalar farzandlari bo‘lmish 6 nafar juftlikning nikoh, 24 nafar bolaning esa xatna to‘ylari o‘tkazib berildi. Ularga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Jahongir BOYMURODOV