Jamiyat 13.09.2019 43

MASHAQQATLI MEHNATNING MUNOSIB E’TIROFI

Zamonamiz qahramonlari

"Dehqonobod kaliy zavodi" mas’uliyati cheklangan jamiyati so‘nggi yillarda mamlakatimizda barpo etilgan eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda korxonada 2 ming nafar kishi mehnat qilmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning qariyb 20 ta davlatiga eksport qilinayapti. Quvvat ham kichik emas. Misol uchun, birgina o‘tgan yilning o‘zida xorijga 230 ming tonnadan oshiq kaliyli o‘g‘itlar sotilgan. Shu bilan bir qatorda, korxona tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va pirovard natijada iqtisodiy salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan yangi-yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Albatta, erishilayotgan bu yutuqlar zamirida shu yerda mehnat qilayotgan mutaxassislar, ishchilarning ulkan hissasi bor. Ularning fidokorona mehnatlari samarasi bugun har jabhada aks etmoqda.

Prezidentimizning 2019-yil 29-avgustdagi farmoni bilan jamiyatning lahim o‘tish kombayni mashinisti Shavkat Safarovning "Shuhrat" medali bilan taqdirlanishi ham korxona ishchi va xodimlari mehnatiga berilgan yana bir munosib baho bo‘ldi.

- Hali zavodning qurilish ishlari olib borilayotgan bir paytda, ya’ni 2008-yilda shu yerda ish boshlagan edim, - deydi Shavkat Safarov. - Har doim astoydil ishlashga, bilim va tajribamni muttasil oshirib borishga harakat qilaman. Eng asosiysi, buni rahbariyatimiz ham doimo qo‘llab-quvvatlab, zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Ishga kirganimdan so‘ng dastlab Rossiyada 6 oy davomida malaka oshirib kelgan edim. 2013-yilda yana korxona ma’muriyati tashabbusi va bevosita ko‘magi bilan Belarus davlatida bo‘lib, bir oylik o‘quv kursini tamomlab qaytdim. O‘rganganlarimni korxonaga kelib, amaliyotda qo‘llash bilan birga, boshqa hamkasblarim, yosh xodimlarga ham o‘rgatishga harakat qilayapman. Qilayotgan xizmatlarim Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, "Shuhrat" medali bilan taqdirlanishim zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirdi. Kuchim, shijoatim boricha ana shu ishonchni, e’tirofni oqlashga harakat qilaman. Mana shunday yirik korxonada ishlayotganimdan, katta va ahil  jamoa bilan birgaligimdan baxtiyorman.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tamiz, Shavkat Safarov "Dehqonobod kaliy zavodi" mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari safidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan uchinchi kishi bo‘ldi.

Jahongir BOYMURODOV