Ta'lim 17.09.2019 43

MASHHUR BOYLAR FARZANDLARI QAYERDA O‘QIYDI?

Globallashuv va biz

"eBay" kompaniyasining texnik direktori o‘z farzandlarini maktabga kompyutersiz jo‘natadi. Silikon vodiysidagi boshqa gigant kompaniyalar - "Google", "Apple", "Yahoo!", "Hewlett-Packard" xodimlari ham xuddi shunday yo‘l tutishadi.

Rossiyadagi zamonaviy onalar "Mening bolam ikki yoshida o‘zi mustaqil planshet o‘ynay olardi", deya bir-biriga maqtanishadi. Ikkinchisi ham unga jo‘r bo‘ladi: "Meniki esa yetti yoshida "Yutub"da kanal ochgan". Ularning barchasi birgalikda "Evoh, nima uchun ruchkada yozib o‘qitishadi, axir bu u qadar zamonaviy emas-ku", "Eh, nega bolalarni she’rlarni yod olishga majbur qilishadi - bu axir o‘tgan asr-ku, yaxshisi, kompyuter orqali taqdimot qilishni o‘rgatishlari kerak", deya maksimal darajada kompyuterlashgan maktablar haqida jar solishadi. Aslida esa ular o‘zlarini aldashmoqda.

14 yoshgacha smartfondan mahrumlik

Hozirgi kunda Silikon vodiysining gigant kompaniyalari xodimlari o‘rtasida "Waldorf of the Peninsula" nomi ostidagi maktab asosiy urfga kirgan. Mazkur maktabning binosi Amerika Qo‘shma Shtatlariga asos solinishi davrida barpo etilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sinfxonalarning ichkarisi imkon qadar eskicha ko‘rinishda saqlangan: odatiy, xuddi sovet davridagidek, doska rangli bo‘yoqlarda, kitob javonlari turli adabiyotlar bilan to‘ldirilgan, hech qanaqangi planshetlarsiz yog‘och partalar, ular o‘rnini darsliklar va daftarlar egallab turibdi. O‘qitish davrida bu yerda odatiy, zamonaviy texnologiyalarga bog‘liq bo‘lmagan asbob-uskunalardan foydalanishadi: ruchka, qalam, cho‘tka, bo‘yoq, qog‘ozli alifbo va boshqa darsliklar. Ayniqsa, hech bir gadjetsiz. Ulardan sinfxonalarda foydalanish taqiqlangan va uyda ham tavsiya etilmaydi. 

Bolalar tarbiyasida xuddi shunday yo‘lni bundan 10-15 yil avval eng yuqori martabali daholar ham bosib o‘tishgan. "Microsoft" kompaniyasi yetakchisi Bill Geytsning uch nafar farzandi - Jennifer Katarin, Rori Jon va Fibi Adel 14 yoshgacha smartfonga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘lishgan. Jahonning eng badavlat insonlaridan biri Geyts mazkur yoshda bolalariga gadjetlarni xarid qilar ekan, ularning uyali aloqadan foydalanish vaqtini keskin ravishda cheklab qo‘ydi. U elektron uskunalar farzandlarining sog‘lig‘iga zarar yetkazishidan qo‘rqishini bot-bot ta’kidlardi.

Kitob - o‘yin-kulgidan a’loroq

"Apple" kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs to‘rt nafar farzandini texnologik moslamalar, xususan, "iPad"ga haddan tashqari qiziqishidan keskin tarzda asragandi. U bolalar uchun tungi vaqtda va dam olish kunlari gadjetlardan foydalanishda taqiq kiritgan. Bundan tashqari, kechqurun oila kechki ovqatga yig‘ilganida ham uyali telefonlardan foydalanish man etilgan. Stiv shu qadar jo‘shqin suhbatdosh ediki, uning uch qizi va o‘g‘li mazkur taqiqni judolik sifatida qabul qilishmas, aksincha, otalari bilan bo‘lgan muloqotdan astoydil huzur qilishgan.

Ko‘plab texnologik kompaniyalarning rahbarlari Geyts va Jobsning bola tarbiyasidagi ibratli yo‘lini tanlashni ma’qul ko‘rishadi. Masalan, "3D Robotics" kompaniyasining ijrochi direktori Kris Anderson ota-ona nazoratini qo‘llagan va uyidagi barcha elektron moslamalarda vaqtni cheklab qo‘ygan. U o‘z misolida elektron gadjetlar bilan haddan tashqari mustahkam aloqa o‘rnatish qanday sabablarga olib kelishiga ishonch hosil qildi. Andersonning fikricha, yangi texnologiyalar bolada elektron yangiliklarga qaramlikni vujudga keltiradi.

IT sohasida inqilob qilishga muvaffaq bo‘lgan bir qator liderlar ham ozodlik "dushmanlari" sifatida namoyon bo‘lishgan. Misol uchun, "Tvitter" asoschisi Evan Uilyams bolalariga planshet va smartfonlardan foydalanishda faqatgina kuniga bir soat ruxsat bergan. Agarda, ular buning uchun otasiga qat’iy norozilik bildirishadigan bo‘lsa, u "Uyda bir qancha yuzlab qog‘ozli kitoblar mavjud. Agar istasangiz vaqtichog‘lik qiling - qancha sizga qulay bo‘lsa, o‘qing!" deya javob qaytaradi.

Gadjetsiz shahzoda

Yaqinda Angliya taxtining yosh vorisi - shahzoda Jorj maktabga yo‘l oldi. U Londonning janubi-g‘arbida joylashgan "Thomas's Battersea" nomli nufuzli tayyorlov xususiy maktabida o‘qiydi. Ommaviy axborot vositalari maktab oshxonasi taomnomasiga katta e’tibor qaratishdi: u yerda bolalarni gamburgerlar o‘rniga bedanalar va marakuy mevalari bilan siylashar emish, biroq, bu maktab Buyuk Britaniyaning eng nufuzli maktablaridan biri ekani va ushbu ta’lim maskanida kompyuter gadjetlaridan foydalanish huquqiga yalpisiga taqiq kiritilganiga juda kam kishi e’tibor qaratdi.

Axborot texnologiyalarisiz ta’limni yoqlovchilar kompyuterlar bolada ijodiy fikrlashni, serharakatlilikni, insoniy o‘zaro munosabatlar va ziyraklikni o‘ldirishiga ishonchlari komil. "Ta’lim - bu eng avval insoniy kechinmalar, tajribaning ortishi, - deydi pedagog-novator Pol Tomas. - Bolada savodxonlik, sanash mahorati va tanqidiy fikrlash qobiliyati zarur bo‘lganda texnologiya ularni faqatgina chalg‘itadi". IT sohasi daholarining bolalari o‘qiydigan maktabga yo‘l olsangiz, ular umuman o‘zlarini texnologiyalar va zamonaviylikdan mahrum bo‘lgan, deya sanamasligiga guvoh bo‘lasiz.

Ekspert fikri

- Ota-onalarimiz to‘xtovsiz tarzda kitoblar o‘qisak, bunday qiziqishni meyoridan oshib ketgan, deb hisoblashib, qattiq hayajonga tushishadi, - deya ta’kidlaydi psixolog Anna Maslova. - Internetning bu qadar murosasiz dushmani bo‘lish yaramaydi. Xo‘sh, agarda internet bo‘lmaganida, ular shunday ham vaqtlarini o‘zgacha tarzda bekor o‘tkazishardi - darvoza ostonasida sang‘ib yurishi mumkin edi. Gap shundaki, buning salbiy ekanligi noma’lum. Internetga qaramlikka qarshi bunday tarzdagi kurash va taqiqni bu boradagi yagona panatseya (alximiklar tomonidan go‘yo har qanday kasalga davo deb qaralgan dori) deb hisoblash kerakmas. Avvalo, internetga qaramlik paydo bo‘lishining ichki sabablarini izlash zarur. Balki bu bolaning haqiqiy hayotda tengqurlari bilan muloqot yetishmasligi sababidandir. Balki, u sizlar - ota-onalar bilan qay tariqa muloqotga kirishni bilmas. Shunday holatlarda go‘dak tushunishni, qo‘llab-quvvatlashni va maqtovni aynan internet-guruhlardan izlaydi.

Muallif: Yuliya TUTINA

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi