Jamiyat 08.10.2019 26

MASHINA SOTILDI, EGASI ESA BEXABAR

Hammasi Nishon tumani Nuriston qo‘rg‘onida yashovchi Oltinoy Hoshimovaning (maqoladagi barcha ism va familiyalar o‘zgartirilgan) mashinali bo‘lish istagidan boshlandi...

U mashina olishni istar, ammo buning uchun yetarli mablag‘i yo‘q edi. Shunday istak og‘ushida ukasining sinfdoshi Fotih Fayziyevni uchratib qoldi. O‘zaro suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, Fotih mashina olib sotish hamda ularni ijaraga berish bilan shug‘ullanar ekan. Buni eshitgan Oltinoy darhol unga dardini yordi.

- Ukajon, sog‘lig‘im yaxshi emas, ko‘p piyoda yura olmayman, - deya gapni uzoqdan boshladi u. - Bitta mashina olmoqchimanu, lekin yetarli mablag‘im yo‘q. Shu bois, ijaraga mashina topish maqsadida yurgandim. Shu ishda yordam bersang, juda katta yaxshilik qilgan bo‘larding-da.

- Harakat qilaman, - dedi uning dardu nolasini tinglagan Fotih ham. - Menga ikki-uch kundan keyin telefon qiling, bir chorasini topamiz.

Oltinoy ikki kundan so‘ng unga telefon qildi.

"Qarshi shahriga keling, bitta "Matiz"im bor, shuni olib ketasiz", dedi Fotih. Oltinoy shu kuniyoq u bilan uchrashib, har oyda 900 ming so‘m to‘lash sharti bilan mashinani olib qaytdi.

U ijaraga bo‘lsa-da mashina olganidan xursand, uni bemalol haydab yurardi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay ko‘ngilsiz holat ro‘y berdi. Ya’ni mashinani boshqarib borayotib, tezlikni oshirishi natijasida boshqaruvni yo‘qotdi va yo‘l chetidagi beton to‘siqqa borib urildi. Joni omon qoldi, ammo mashinaning ahvoliga qarab bo‘lmasdi. Har dardi ichida ayol "Matiz"ni yuk mashinasiga ortib, bir amallab uyiga olib bordi. Endi uni epaqaga keltirish uchun kattagina mablag‘ kerak, buncha pul esa unda yo‘q edi. Buyog‘i avval tanish-bilishlardan ham ancha-muncha qarz bo‘lib qolgan, ularning ham pulini berishi kerak. Xo‘sh, nima qilishi mumkin?

Shu haqda bosh qotirar ekan, kutilmagan qarorga keldi: mashinani sotaman, Fotihga bir-ikki yil ichida pulini qilib bersam rozi bo‘ladi-da. Agar unga hozir urib olganimni aytsam ham, baribir sotib pulini qilib berishimni talab qiladi. Buni esa shu ahvolida u aytgan pulga olmasligi aniq. Yaxshisi, unga aytmay turganim ma’qul.

U shu xayol bilan mashinaga xaridor izlay boshladi. Ko‘p o‘tmay yaqin tanishi orqali bir xaridor topdi ham. O‘zini  Bekmurod deb tanishtirgan kishiga mashinani 1700 AQSH dollariga sotdi. Hujjatlari masalasiga kelganda esa, "Mashina ukamniki, u hozir Rossiyada. Tez orada keladi, shundan so‘ng o‘zim rasmiylashtirib beraman", deb aytdi.

Xalqimizda bir xato ikkinchisini boshlab keladi, degan gap bor. Mashinani sotib olgan kishi ham uni to‘g‘rilab, so‘ng yana sotish taraddudiga tushdi. Buning uchun esa hujjat kerak edi. U bir necha marotaba Oltinoydan hujjatlar haqida so‘radi, ammo tayinli javob bo‘lmagach, aslida unda hujjat yo‘q ekanligini tushundi.

Mashina aslida Baxtiyor ismli kishiniki bo‘lib, undan Fotih sotib olgan, oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan, bu haqda texnik pasportga kerakli muhr ham tushirilgan, ammo mashinaning o‘zi hali Fotihning nomiga o‘tkazilmagan edi. Buni bilgan mashinaning yangi egasi hamda Oltinoy o‘zaro til biriktirib, maxsus kimyoviy modda yordamida ana shu muhrni o‘chirishdi. So‘ng Baxtiyorga borib, mashina bir necha marotaba sotilib, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib ketgani, endi uni rasmiylashtirish uchun ham hujjatlar masalasi chigallashib ketganini aytib, bu borada yordam so‘raydi. Ularga ishongan Baxtiyor ham notariusga kelib, mashinani sotgani haqida yana shartnomaga qo‘l qo‘yib beradi. Qarabsizki, asl egasi bexabar mashina ikkinchi kishidan uchinchisiga, uchinchisidan to‘rtinchisiga sotib yuboriladi. "Matiz"ning pulini allaqachon ishlatib yuborgan Oltinoy Hoshimova esa Fotihning pulini topib kelarman-da, degan o‘y bilan Rossiyaga yo‘l oladi.

Xalqimizda qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan so‘ng ham chiqadi, degan naql bor. Aslida Fotih Fayziyevga tegishli bo‘lgan ushbu mashinaning tegishli hujjatlari qalbakilashtirilib, sotib yuborilgani ham ko‘p o‘tmay fosh bo‘ldi. Ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

F.SALOHOV,

viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi katta tergovchisi, mayor