Tibbiyot 26.07.2019 68

"MAYDA TEKINXO‘RLAR" SABAB

Salomatlik

"MAYDA TEKINXO‘RLAR" SABAB

odam mehnat qobiliyati pasayib, bolalar rivojlanishdan orqada qoladi, xotira sustlashib,  uyqu buziladi

Hozirgi kunda gijja kasalligi dunyoda tarqalishi bo‘yicha nafas yo‘llari kasalliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har to‘rt kishidan biri gelmintoz (gijja)lar bilan kasallangan. Bugungi kunda odamlar, hayvonlar  va o‘simliklar hisobiga yashovchi parazitlarning 15 mingdan ziyod turi ma’lum. Shulardan askarida va ostritsa gijjalari insonlarda ko‘proq uchraydi. Gijjalar va ularning kelib chiqish sabablari, oqibatlari hamda davolash usullari xususida viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi parazitolog-shifokori Aziz HASANOV bilan suhbatlashdik.

GIJJALAR - O‘ZI NIMA?

- Odam va hayvonlarning a’zo va to‘qimalari hisobiga yashovchi mayda chuvalchanglar - gijja (gelmint)lar keltirib chiqaradigan kasalliklar gelmintozlar deyiladi. Gijja kasalligi insoniyatga juda qadim zamonlardan ma’lum bo‘lib, Abu Ali ibn Sino gijjalar ishtaha buzilishi, tana harorati  ko‘tarilishi, miya faoliyati, yurak sohasidagi noxush sezgi va ichak  faoliyati buzilishi kabi og‘ir va xavfli holatlar (simptomlar)ni keltirib chiqarishini aytib bergan.

QANDAY NAMOYON BO‘LADI?

- E’tibor bersangiz, ko‘pincha bolalarda tirnoq tishlash odati bo‘ladi. Bunga befarq bo‘lmaslik kerak. Chunki qo‘l yuvilgan taqdirda ham tirnoqda qolgan infeksiyalar nafaqat gijja, balki ichak infeksiyalari, hatto gepatit A kasalligini ham keltirib chiqaruvchi omildir. Gijjalarning  xili, soni va qaysi organda parazitlik qilishiga qarab kasallik turlicha kechadi. Har bir parazitning o‘zi "yaxshi ko‘rib" yashaydigan a’zosi bo‘ladi va shu a’zoni u ma’lum darajada shikastlaydi. Umumiy belgilari - holsizlanish, kamqonlik, jizzakilik, ko‘ngil aynishi, ich ketishi, bosh aylanishi, doimiy charchoq, vazn yo‘qotishdir. Terida toshmalarning paydo bo‘lishi parazitlarning toksinlari hisobiga yuz beradi. Gijja ichakda bo‘lsa, ich ketadi yoki qotadi, ko‘ngil ayniydi. Jigarda bo‘lsa, ko‘z oqi va badan sarg‘ayadi, shish paydo bo‘ladi, teriga har xil dog‘lar tushadi. O‘pkaga joylashgan parazitlar isitma chiqarib, yo‘tal paydo qilishi mumkin. Shuningdek, "mayda tekinxo‘rlar" tufayli odamning mehnat qobiliyati pasayadi, bolalar rivojlanishdan orqada qoladi, xotira pasayib, uyqu buziladi, hatto tish g‘ichirlatish odatga aylanadi.

YUQISH YO‘LLARI

- Gijjalar turiga qarab har xil usullarda yuqishi mumkin. Masalan, lyamblya - o‘zidan o‘zi odam organizmida ko‘payadi. Ishtaha bo‘g‘ilishi, ertalab nonushta qilishga qiynalish, bolalarda injiqlik, jizzakilik, o‘z-o‘zidan ich ketishi va qotishi - uning asosiy alomatidir.

Lyamblya, asosan, og‘iz bo‘shlig‘iga ifloslangan taom yoki yegulik orqali tushadi. Uni davolash uchun ko‘pincha klizma qilishadi. Holbuki,  bu usul uni yo‘qotishda yordam bermaydi. Chunki klizma lyamblya o‘rnashgan joygacha yetib bormaydi. Lyamblya o‘t yo‘llarida, o‘n ikki barmoqli ichakda parazitlik qiladi. Biz taom tanovul qilganimizda, ovqat hazm bo‘lishi uchun oshqozondan keyin o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tadi. Lyamblya o‘n ikki barmoqli ichakda odam organizmi uchun zarur vitaminlar, minerallar, kaliy, kalsiylar bilan oziqlanadi. U qaynatilmagan suv va ichimliklardan yuqishi mumkin. Shu bois ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoli joylarda ko‘p uchraydi.

Ostritsa organizmga joylashgach, 4-6 soat ichida kasallik qo‘zg‘atadi.  Aksariyat hollarda bolalarning bir maydonchada o‘ynashi, bitta tuvak, idish-tovoqdan foydalanish uni yuqtirishga yo‘ldir. Ostritsa, asosan, o‘n ikki barmoqli ichak hamda yo‘g‘on ichakda joylashib, o‘rmalab harakatlanadi va tuxum qo‘yadi. So‘ng o‘sha sohada qichishish yuzaga keladi. Ushbu gelmintlar 1-1,5 oy hayot kechiradi.

Askarida esa ko‘p hollarda tozalanmagan mahsulotlar hamda hasharotlardan tarqalib, oshqozon, me’da osti bezi, jigar, o‘t qopi yo‘llarida harakatlanishi mumkin. Askaridoz parazitlari bilan kasallangan bolalarda neyrodermit, astma, ekzema, pnevmoniya kabi xastaliklar uchrashi mumkin. Askaridaning hayot sikli bir necha yillarga yetadi.

Bola organizmi kurashish qobiliyati pastligi bois parazit bemalol ko‘payadi. Askarida yuvilmagan meva va sabzavotlar hamda ko‘katlar orqali inson organizmiga tushadi. Ko‘pincha zararlanish bolalarning hayvonlar bilan muloqotida, ular axlati tushgan tuproq va qumlarda o‘ynaganda ham kuzatilishi mumkin. Shu sababli bolalar ko‘chada o‘ynab kelganidan so‘ng qo‘llarini yuvishini nazorat qilish kerak.

Shuningdek, gijjalar organizmdagi vitaminlar, uglevodlar, oqsil va mineral moddalarni so‘rib oladi, organizmda kamqonlik (anemiya) va vitaminlar yetishmasligi (avitaminoz) kelib chiqadi. Juda ko‘p kasalliklarni, jumladan, tutqanoq, parishonxotirlik, teriga oq dog‘lar tushishi,  bronxit, bronxial astma, dermatit, bronxopnevmoniya va boshqalarni keltirib chiqaradi. Buning oqibatida organizm immuniteti pasayib, o‘tkir kasalliklar surunkali shaklga o‘tib ketadi. Organizm kasallikka chalinuvchan va moyil bo‘lib qoladi.

DAVOLASH MUMKINMI?

- Kasallik har bir odamda o‘ziga xos kechadi, shuni hisobga olgan holda, davolanish muolajasini olishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak. Agarda parazitlar borligiga gumon qilinsa, birinchi navbatda najas analizi bir necha kun oralig‘ida 3 marta olinadi. Gelmintlar hamda umumiy tahlil uchun qon analizi qilinadi. Shuningdek, ichki a’zolar ultratovush tekshiruvidan va rentgenografiyadan o‘tkaziladi. Yilida ikki marta shifokor ko‘rigidan o‘tib, gigiyena va tozalikka e’tibor qaratsangiz, parazitlar sizni bezovta qilmaydi.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.