Madaniyat 24.09.2019 37

MAZA-MATRASIZ OHANGLARGA QAYISHIB O‘SAYOTGAN AVLOD mumtoz kuy sehrini his qila oladimi?

Bugunning gapi

MAZA-MATRASIZ OHANGLARGA QAYISHIB O‘SAYOTGAN AVLOD 

mumtoz kuy sehrini his qila oladimi?

1

- To‘ylarga borishga yurak urmay qo‘ydi, - dedi hamkasb do‘stlarimdan biri.

- Nega, - so‘radim uning  mulohazalarini oxirigacha tinglash niyatida.

- To‘yga faqat qorin to‘ydirish uchun emas, qo‘shiq tinglab, dam olish uchun ham boriladi. Hozirgi qo‘shiqlarda esa maza-matra yo‘q hisobi. "Bir, ikki, uch - bir, ikki, uch" degan so‘zni takrorlab tursangiz ham qo‘shiq bo‘lib qoldi. To‘yga falon pulga olib kelingan san’atkor cho‘ntagidan jimitdekkina mini-disk degan matohini chiqarib qo‘shadi-da, og‘zini nim ochib turaveradi, qo‘shiqlarida ma’noli so‘zdan asar yo‘q, baqir-chaqirlardan boshqa nimarsa topmaysiz, apparatining gupur-gupuri nafaqat to‘yxonadagilarning, balki yetti mahalla ahlining quloq-miyasini yeydi. Ilgarilari qanday qo‘shiqchilar bo‘lardi, tinglab maza qilardik...

2

Qarshi shahriga qatnaydigan kirakash "Damas" haydovchisi magnitofon qulog‘ini buradi, salonga torning o‘ynoqi jarangi, keyin sohir ovozda aytilayotgan mumtoz qo‘shiq taraldi:

Sog‘liq qadrini bil, xasta bo‘lmasdan burun,

Xastalik shukrini qil, toki o‘lmasdan burun...

- Yashang uka, - dedi yo‘lovchilardan biri. - Shunday kassetangiz bor ekan, oldinroq qo‘shib qo‘ymaysizmi.

- Gurunglaringizni bo‘lmay degandim.

- Aka, sho‘xrog‘idan qo‘ying, - luqma tashladi orqa o‘rindiqdagi yoshgina yigitcha.

- Navbati bilan bo‘ladi, uka, eshitib boravering.

- Yo‘q, siz tushunmadingiz, zamonaviy qo‘shiqchilardan bormi, demoqchi edim.

- Shundan yaxshiroq qo‘shiqchi bormi og‘ayni, - norozi ohangda to‘ng‘illadi berilib qo‘shiq tinglayotgan birinchi yo‘lovchi.

Uni boshqalar ma’qulladi, luqma tashlagan yigitcha ham bo‘sh kelmadi:

- Yaxshirog‘i yo‘q bo‘lsa, o‘chirsangiz ham mayli.

Men voqea rivojini kutib betaraf qoldim, endi salondagilar biri qo‘yib ikkinchisi haqiqiy qo‘shiqchilik qanday bo‘lishi kerakligi haqida qizg‘in munozaraga kirishdilar. To‘g‘ri, zamona zayli, bugungi yoshlarimiz fonogrammaga asoslangan, so‘zida maza-matra yo‘q, musiqasi qaysidir xorijiy xonanda ijodidan ko‘chirib olingan ohanglarga qayishib o‘sayapti. "Oynai jahon"da onda-sonda jonli ijroda mumtoz qo‘shiq yangrab qolsa, nabiralarim hafsalasi pir bo‘lib:

- Bobo, sizning qo‘shig‘ingiz bo‘layapti, chiqib qarang, - deyishlariga ko‘nikib qolganman.

Yillar davomida orolanib, muxlislar qalbidan joy olgan mumtoz qo‘shiqchiligimiz bilan bugungi estrada san’atimizni qarama-qarshi qo‘yish fikridan yiroqman, har ikkalasi tinglangan joyida ulug‘, ammo...

Zamonaviy estradamiz yulduzlaridan biri qishlog‘imizga to‘yga keldi, falon ming "ko‘ki"ga. To‘y sohibi uning oldidan bir siqim bo‘lib chiqdi:

- Xush kelibsiz, qadamingizga hasanot.

Ko‘p yillik qadrdonlardek hurmatini joyiga qo‘yib, oyog‘i ostiga jonliq so‘ydi.

To‘y boshlanish arafasida esa o‘sha "yulduz" oyoq tirab turib oldi:

- "Dogovor"ni oldindan bermasangizlar, sahnaga chiqmayman.

Qiziq, narxi ancha oldin bichilgan bo‘lsa, to‘ydan oldin olindi nima, xizmatni qoyillatib, xonadon sohibining rozi-rabotligidan so‘ng olindi nima? Axir qo‘shiq faqat pul uchun kuylanadimi? San’at ko‘ngil mulki ekanligi qayerda qoldi? Shu o‘rinda samarqandlik birodarim, ijodkor inson Qahramon Sayidga Romesh Rahimov degan yigit aytib bergan hikoya esimga tushdi. Otajon Xudoyshukurov Samarqand filarmoniyasida ishlagan davrlarida akkordeonchi bo‘lgan bu yigitning asl ismi Rahmon, ammo o‘z nomi bilan atasangiz ko‘pchilik tanimasdi, mohir sozandani hamma Romesh derdi.

3

O‘sha Romesh hikoya qilgan voqea quyidagicha edi:

"Bir gal Otajon aka bilan Urgut tomonga to‘yga borayotgandik. U kishi juda romantik odam edi. Qir-adirlardagi alvon lolalarni ko‘rib yuraklari hapriqib ketdi, menga qarab:

- Romesh, moshinni to‘xtat, - dedi.

Hayron qoldim, "O‘zi to‘yga kechikib borayotgan bo‘lsak, nega to‘xtashimni so‘rayapti?" Lekin ustaning gapini ikki qilolmadim, tormozni bosdim. Otajon aka ko‘m-ko‘k maysalar ustida cho‘zilib yotar, lolalarni sinlar, qulochlarini keng yoyib nafas olardi. Bir zumda u kishi go‘yo bolaga aylanib qolgandi. Shu payt kutilmagan hodisa ro‘y berdi, to‘g‘ri, buni kutilmagan deb baholash qiyin, negaki o‘sha yillar Otajon akaning dovrug‘i tog‘ oshgan, uni tanimaydigan odam kam edi.

- O-o, Otajon og‘a, sizniyam ko‘rar kun bor ekan.

Shu atrofda qo‘y boqib yurgan o‘rta yoshlardagi cho‘pon xofizga quchoq ochib kelardi.

Otajon aka ming yillik tanishini uchratgandek cho‘pon bilan achomlashib ko‘rishdi.

- Sizning qo‘shiqlaringiz jonu dilim, ammo o‘zingizni faqat televizorda ko‘rganman. Yuzma-yuz turib suhbatlashishni, qo‘shiqlaringizni tinglashni ko‘pdan orzulab yurardim. Mana o‘zingizni ko‘rish nasib etdi, endi yagona armonim konsertingizga tushish.

- Rahmat, rahmat, - dedi ustoz tavoze bilan, keyin menga qo‘l silkitib chaqirdi. - Romesh, torni olib tush.

Kechikmayapmizmi, nima qilarimni bilmay kalovlanib turdim.

- Tez bo‘l, torni olib tush, doirani ham.

- Axir, Otajon aka...

- Axir-paxiri yo‘q, sen aytgan ishni qil, to‘ydagilar kutib turishar. Muxlisni xafa qilib bo‘lmaydi.

Tor bilan doirani olib tushdim, Otajon aka chordona qurib o‘tirgancha hafsala bilan torni sozladi. Urgut kengliklarida kishini elitadigan mumtoz musiqa, izidan sohir ovoz yangradi. Otajon aka butun borliqni unutib berilib kuylar, go‘yoki minglab san’atsevarlar imtihonidan o‘tayotganga mengzardi. Mumtoz qo‘shiqlarga sho‘x Xorazm laparlari ulandi, qarasam, cho‘ponning xiyol qisilgan ko‘zlaridan shashqator yosh oqar, vujudi bilan qo‘shiq sehriga berilgandi. Shu tariqa o‘ntacha qo‘shiq ijro etildi.

- Endi armoningiz qolmagandir, yoshulli, - dedi Otajon aka sozni g‘ilofiga joylarkan.

- Sizning tantiligingizni ko‘p eshitgandim, ammo bu darajada odamoxun ekanligingizga bugun iymon keltirdim, suruvimdagi eng sara qo‘ylardan xohlaganingizcha oling, - taklif qildi cho‘pon.

- Suruvingiz bolalaringizga buyursin, bizni alqab yursangiz bo‘lgani, - samimiy xayrlashdi Otajon aka.

Hofizning xushmuomalasidan mamnun cho‘pon, mashinamiz qoyalar orasida ko‘zdan yo‘qolguncha ortimizdan qo‘l silkib qoldi..."

4

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum Tojiddin Murodovni keksalar haligacha Tojixon deb ulug‘lashadi. Yo‘q, u bunday e’tirofga qo‘shni qishloqdan bo‘lgani uchun emas, o‘z san’ati, ovozining kishini sehrlovchi mo‘jizakor toblanishi uchun erishgandi.

60-yillarning nihoyasi, to‘rtinchi yo beshinchi sinfda o‘qirdim, otam menga ish buyurar ekan:

- Agar topshiriqlarni yaxshi bajarsang, Tojixon kelgan to‘yga olib boraman, - deb va’da berdi.

Men orziqib kutgan kun ham keldi, sinfdoshlarimdan biri:

- Qo‘shnimizning to‘yiga Tojixon degan artist kelarmish, - degan xabarni aytib qoldi.

U paytlar hozirgidek ijaraga to‘yma-to‘y aylanadigan stol-stullar qayerda, to‘y dasturxoni yerga to‘shalgan chodir ustiga yozilar, mehmonlar   dasturxon atrofida chordona qurib o‘tirishardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi, to‘y boshlanib ketdi, ammo el ulug‘lagan    Tojixondan darak yo‘q.

- Akam "Sen borib ashula aytib tur, izingdan yetib boraman", deb meni yubordi, - dedi oqsoqollarga  hofizning ukasi Nuriddin Murodov.

Har holda jim o‘tirgandan shunisi ham yaxshi, quloqning kirini qoqadi, to‘y egalari Nuriddin akani davraga chiqarishdi. Soat tungi o‘n birga yaqinlashib, to‘y oxirlab borayapti hamki sevimli hofiz qorasini ko‘rsatmadi.

- Tojixon ham bor ixlosimizni bir tiyin qildi, - dedi oqsoqollardan kimdir.

- Endi kelsa so‘kib-so‘kib iziga qaytarish kerak, - dedi boshqasi.

Oqsoqollar gapni bir yerga qo‘yishdi, ammo ularning arazlari uzoq davom etmadi, shu payt sodir bo‘lgan voqea nafaqat ularni, balki butun davrani jahldan tushirib, sohir ovoz sohibiga bo‘lgan hurmatlarini o‘n chandon oshirdi. Dastlab olisdan tanish ovozda aytilayotgan "To‘ylar muborak" eshitildi, keyin chodirga torini jaranglatib chertib, bor ovozda kuylagancha Tojixon kirib keldi. U to‘xtash nimaligini bilmas, navbati bilan "Kiyik", "O‘g‘ilsiz",   "Ayrilmadimi", "Segoh", "Dugoh"... odamlar yuragidan joy olgan qo‘shiqlarni ijro etar, ovoz kuchaytirgichsiz ham uning jarangdor tovushi baralla taralar, qo‘shiq so‘zlari ta’siriga tushgan keksayu yoshning ko‘zi milt-milt yoshga to‘lgandi. Endi davrada:

- Bo‘sh kelma, hofiz!

- Baraka top! - degan hayqiriqlar yangrardi...

Haqiqiy soz sehri, qo‘shiq sehri haqida bundan ortiqroq so‘z topolmadim, xulosani o‘zingiz chiqararsiz! Tag‘in, qo‘shiqqa tobingiz qalay, degan savolning javobi ham o‘zingizga tan...

Abdunabi ABDIYEV