Ma'naviyat 13.08.2019 5

MENING YULDUZIM

Esse

1

Yoz oqshomlari somonsuvoq supada aka-ukalar onamizning bir tomonida, opam va singlim ikkinchi tomonda yoshimizga qarab tizilib yotamiz. Uyquga ketgunimizcha navbatma-navbat kattalar ertak aytishadi, bir muddat hamma istaklaring ijobat bo‘ladigan sehrli ertaklar olami barchamizni bor qayg‘u-g‘ami, pirovard natijadagi quvonchi bilan o‘z og‘ushiga singdirib oladi. Tun uzun, ertaklar sanoqli, kimdir yangi ermak topadi:

- Qani, yetti qaroqchini kim birinchi ko‘rsatib beradi?

Aslida u dastlab yetti qaroqchini ko‘zi bilan mo‘ljalga olgan, so‘ngra yangi o‘yinni taklif etgan bo‘lib chiqadi.

- Yetti og‘a-ini, yetti yulduz, yetti marotaba sanasang savob bo‘ladi...

O‘yinning eng og‘ir sharti shu so‘zlarni nafas olmasdan yetti bor takrorlash kerak, bir zumda qiy-chuv boshlanib ketadi:

- Ey, g‘irromlik qilma, nafas olding-ku.

- O‘yindan chiqsin.

- Endi mening navbatim.

Ermaklar o‘rin almashinaveradi, har o‘yin o‘zgarganida safimizdan kimnidir uyqu elitgan bo‘ladi. Kenjatoy ukamning ko‘zi ilinganidan foydalanib onamning issiq quchog‘iga kiraman, negadir mening ko‘zlarim yumilishiga yulduzlar jimiri yo‘l qo‘ymaydi. "Voy-bo‘, bunchalik ko‘p bo‘lmasa ular", osmonning qaysidir burjidagi yulduz chaqindek ko‘k bag‘riga iz solib so‘nadi.

- Uf-f, - deydi onam chuqur xo‘rsinib, - harna kofirning boshiga bo‘lsin-da.

- Nega unday deysiz, - so‘rayman qiziqsinib.

- Aytishlaricha, falakda har kimning o‘z yulduzi bo‘larkan, ko‘kda yulduz uchganda qaysidir insonning hayoti poyoniga yetarmish.

Onamning mulohazalari sabab falakdan o‘z yulduzimni qidirib boshlayman, boshqalaridan shu’ladorlarini otamga, aka-ukalarimga, opam va singlimga taqsimlayman, negadir har gal eng yorqin yulduz onamniki bo‘lib chiqaveradi, go‘yo taratayotgan nuri volidam allasiga monanddek, yarim tun issiq bag‘ir va shu jimir sehrida uyquga ketaman...

Oradan yillar o‘tdi, ulg‘aydim, uch o‘g‘il, uch qizning otasiman, qay kundir isitmam oshib yotib qoldim, tuni bilan alahlab uydagilarga tuzuk uyqu bermabman, tongga yaqin ko‘zim ilinibdi, yuzimni silagan g‘adir-budir, ammo mehribon iliqqina kaft taftidan ko‘z ochaman - onam:

- Yaxshi bo‘lib qoldingmi bolam, o‘zingga qarab, issiqqina kiyinib yurmaysanmi?..

Onam joni achib nimalarnidir gapirardi, men esa o‘zim uchun aziz va mo‘tabar zotning chuqur botgan ko‘zlaridan, biroz so‘lg‘in tortgan chehrasidan nimanidir izlab tikilaman va topaman, beixtiyor shivirlayman: "Rost ekan".

Ishga otlanayotganimda kenja qizim:

- Dada, momom kasal yotibdilar, - degandi.

Men esa indamaygina yo‘limga ketgan, ko‘p o‘tmay uning aytganlarini unutgandim. Har kun hovliga kim necha bor kirib chiqsam-da, onamning hujrasiga burilib, xabar so‘rashga bir muddatgina vaqt topmabman-a, o‘z volidasi qadriga yetmagan farzand, men kimman o‘zi? Balki "Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada" deganlari shudir. Onam hayotining so‘nggi davrlarida men bilan bir hovlida yashadilar. U kishi qizim bilan yashaydigan uy oldida otameros yog‘och so‘ri bo‘lardi, goh ish, goh gap-gashtakka berilib, har kun tun yarimlab qolganda oyog‘im yig‘ilardi. Shunday paytlari uyga qaytib kelgunimcha onam rahmatli xoh sovuq, xoh issiq bo‘lsin so‘rida cho‘michdekkina bo‘lib o‘tirar, balki gohida murgilab ham olarmidi, ammo oyoq tovushim eshitilganidan:

- Bolam, sog‘-omon kelib qoldingmi, buncha kech izg‘ib yurmasang, qayerda eding, - deb so‘rardi.

Ba’zan u kishining hadeb tergayverishidan ensam qotardi:

- Endi yosh bolamidim, meni bo‘ri yermidi, yotmaysizmi nabirangizni quchog‘ingizga olib.

- Hah, bolam-a, otang o‘tgandan buyon senga suyanib qolganman, erkaksiz uyda tinch uxlab bo‘larmidi.

Onamning bu so‘zlari zamirida nima yotganini endi - nabiralar orttirib angladim, to‘ng‘ich o‘g‘limda mening yoshligimdagi kabi ulfatbozlik xislati bor, negadir u oyoq yig‘ilar vaqtdan kech qolsa goh men, goh onasi bir-birimizga sir boy bermay ko‘cha qarab kelaveramiz, o‘zini ko‘rgach yoki do‘qqillab o‘tgan oyoq tovushlarini eshitgachgina ko‘nglimiz tinchiydi...

...Kechki payt, falakda yulduzlar bir-biriga ko‘z qisib o‘ynashar, ammo dilda oldingi tuyg‘u yo‘q, ularga befarqqina qarayman, yetti qaroqchi ham, eng yorqin sayyoralar ham nazarimni tortolmaydi, o‘z yulduzimni ham qidirmayman, men uni allaqachon kashf etgan va yo‘qotishga ham ulgurgan ekanman, u bir umr yonginamda goh sezilib, goh sezilmay menga hamrohlik qilgan ekan: ONAM      MENING YULDUZIM EKAN...

2

Kechqurunlari bolalarim momosining yoniga ertak eshitgani shoshilishardi. Bobosi haqidagi hikoyalarni ham shu chog‘larda eshitishgan:

"Mayli bolajonlarim, eshitinglar. O‘shanda oltmish sakkizning oxiri, oltmish to‘qqizning boshi juda qurg‘oqchil keldi. Dekabr, yanvar oylari o‘tibdi hamki, bir tomchi yog‘ingarchilikdan darak yo‘q, go‘yo kuz, qish ham yozning davomidek issiq. Bobongiz kechalari uch-to‘rt marotaba ko‘chaga chiqib osmonga termuladi, uyga kirib uf tortadi:

- Onasi, bunday ahvolda ekin-tikin, chorvaning holi nima kechadi?

- Hali qish chiqqani yo‘q-ku, qor-por yog‘ib qolar, - tasalli bergan bo‘laman.

Chindan ham oltmish to‘qqizning fevral oyi boshida kutilmaganda havo keskin sovib, pag‘a-pag‘a qor yog‘di. Biram yog‘di, biram yog‘di, qorning dastidan ko‘chaga chiqolmay qoldik. Tunlari izg‘irin uv soladi.

Yosh bolalar bir parcha quyoshga zor, derazadan ko‘chaga termulishadi. Xullas, bahorning tashrifi kechikib ketdi. Bir kuni bobongiz Qarshiga, "obkom"ning yig‘ilishiga ketib, tun yarmida qaytdi. Yuzlari so‘lg‘in, kayfiyati tushkun.

- Nima gap, tinchlik ekanmi, - tashvishlanib so‘radim.

- Tinchlik qayerda, tog‘larning qori eriy boshlabdi. Chimqo‘rg‘on suv havzasining qulash xavfi bormish. Shuning uchun havzaning suvini Qashqadaryo orqali bizning cho‘llarimizga oqizishga qaror qilishdi. Pomuq suv ostida qolish xavfi bor, ko‘chasizlar deyishyapti. O‘zingdan rahbar chiqqaniga nima yetsin, birgina Mahmasho Ollayorov "U yerda ham xalq bor, tarqatib bo‘ladimi", deb qarshilik ko‘rsatdi. Yig‘ilishdan so‘ng menga "Sizlar bardam bo‘linglar, odamlar vahimaga tushmasin, suv qishloqning atrofidan aylanib o‘tadigan qilib damba ko‘tarish kerak. Men kattalar bilan gaplashib, qo‘shimcha yordam so‘rayman. Baribir asosiy og‘irlik o‘zlaringizga qoladi, elni oyoqqa  turg‘izish kerak", deya tayinladi.

Shu-shu qishloqdan orom qochdi, ishga yaragan banda borki, saharmardondan ketmon, bel ko‘tarib suv keladigan yo‘lga to‘g‘on bosishga ketadi. Biri-biridan qo‘rqinchli mish-mishlar tarqadi: "Suv besh metr balandlikda kelayotganmish", "Pomuqning o‘rni suv yotoq bo‘larmish". Hamma kun sanaydi, tuni bilan odamlar navbatchilik qilishadi. Har ehtimolga qarshi qishloq chekkasidagi Juhut, Chuqurqo‘l mahallalaridagi ayrim oilalar ichkariroqdagi xonadonlarga ko‘chirib keltirildi. Bilmadim, tahlikali kunlarning nechanchisidir bobongiz uyga keldi, ozib-to‘zib ketgan, ko‘zlari uyqusizlikdan kirtaygan, ammo nimagadir sevinayotganlarini sezish mumkin edi:

- Bo‘ldi, xavfning katta qismi ortda qoldi, endi qishlog‘imizni suv bosmaydi.

Bobongiz boshqa hech narsani   aytmadi, oradan vaqt o‘tib O‘rin shofyor o‘shanda nima gap bo‘lganini aytib berganida rosti yuragim orqaga tortib ketdi. U paytlar xo‘jalik markazi Jeynov qishlog‘ida edi. Bu yerga kelgan kattalar xo‘jalik rahbarlaridan (bobongiz ham ulardan biri) Pomuq aholisini xavfsizroq joylarga ko‘chishga ko‘ndirishni talab qilishar, bobongiz esa suvni Chandir zaxkashiga ochib yuborishga ruxsat berishlarini, shunda qishloq ustidagi xavf bartaraf bo‘lishini tushuntirishga urinarkan.

- Navbatdagi dahanaki jangdan Yangiboy aka hafsalasi pir bo‘lib chiqdi, - deb hikoya qilgandi O‘rin shofyor. - Kabinaga o‘tirgach bir uf-f tortdi-da, "Dunyoning ishlarini qarang O‘rinboy, bir zaxkashni minglab odamlar yashaydigan qishloqdan afzal ko‘rishayapti", dedi.

Ikovlashib Pomuqqa qaytishibdi. Jeynovdan qishlog‘imizga o‘tadigan barcha yo‘llarni allaqachon suv bosgan, faqat Chandir zaxkashi oldiga bosilgan to‘g‘ondan o‘tish mumkin ekan. Mashina zaxkashdan pastga tushgach, bobongiz shofyordan bir daqiqaga mashinani to‘xtatishini so‘rabdi.

- Agar meni to‘lqin tortib ketsa chiqaraman deb urinma, qishloqqa xabar ber, - tayinlabdi bobongiz zaxkash ustiga piyoda ko‘tarilarkan.

O‘rin shofyor bobongizning nima qilmoqchiligini bilmay qotib turganida, u kishi besh panjalarini botirib zaxkashning u chetidan-bu chetigacha iz qilibdiyu, orqasiga qarab qochibdi.

Panja izlaridan o‘tgan ko‘pirib turgan suv zaxkash oldiga ko‘tarilgan tuproqni bir hamlada ag‘darib, oqimga yo‘l ochibdi.

- Yangiboy aka sal hayallaganlarida to‘lqin oqizib ketishi hech gap emas edi, - deydi O‘rin shofyor.

Shunday qilib bobongiz qishloqni yemirishga shay turgan suvni zaxkashga oqizib yuborgan ekan.

...Bu gurungni bolalik yillarimiz biz ham ko‘p eshitgandik, mana endi bolalarim tinglab turganidan iftixor hislarini tuyib uyquga bosh qo‘yaman.

3

Belanchakning g‘ijirlashi uyqumni qochirdi.

- Nima gap, onasi, - so‘radim betoqat bo‘lib belanchak tebratayotgan xotinimga.

- Keliningiz bolasini berib ketdi, uxlamayotgan emish.

- Qulog‘i og‘rigandir.

- Boya peshinda qo‘shnimizning keliniga iltimos qilib, qulog‘iga sutini sog‘dirgandim.

- Bolasi o‘g‘il ekanmi?

- Qiz shekilli.

- Qizning suti qizga naf keltirmaydi, o‘g‘illi kelin topish kerak edi.

Xotinim uyqu aralash ming‘irladi:

- Sut bo‘lsa bo‘ldi-da bobosi...

Yana xotiralarim ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. O‘shanda ukam beshik yoshida edi. Tog‘amning xotini big‘illab turgan chaqalog‘ini ko‘tarib keldi:

- Navbahor opa, bolam hech tinchlik bermayapti.

Onam chaqaloqni bag‘riga bosdi:

- Bolam, - dedi u kishi menga qarab. - Qozondagi chuchitilgan yog‘ni olib kel.

Yugurgilab dahlizdan chuchitilgan yog‘ solingan idishni ko‘tarib kirdim.

Onam keng yenglarini shimarib, idishdan bir qoshiq chamasi kaftlariga oldi, keyin chaqaloqning ko‘ylagini ko‘tarib, qo‘llari bilan ishqalashga tushdi. Big‘illab yig‘layotgan jujuqcha bir muddat kaft taftidanmi tinim oldi, keyin negadir tag‘in yig‘lashga tushdi.

- Bolangning qulog‘ini og‘ritib qo‘yibsan-da egachi. Voy qizginam-a, seni shunchalik azoblab qo‘yishdimi?

Onam chaqaloqni yonboshlatib, qulog‘iga sut sog‘di. Dunyoni buzib o‘tirgan chaqaloq bir zum lablarini burib turdi-da, pishillab uyquga ketdi. Onam qoniqish bilan bolani onasiga uzatdi:

- Qiz bolaning qulog‘i og‘risa, eng yaxshi em o‘g‘li bor ayolning suti, shuni unutmang egachi, - degandi...

...Nabiram uyni supurib, supurgini tik qo‘ysa koyiyman:

- Supurgini tik qo‘yma qizim, uydan baraka qochadi...

...Kelinim dasturxonni yig‘ib olmasa, jig‘ibiyronim chiqadi:

- Dasturxonni muntazir qilmanglar, "mening qadrim yo‘qmi" deb ozorlanadi...

Onamning hikmatlari hamon xonadonimiz qut-barakasini oshirib turganga mengzaydi. U kishini xotirlab qo‘limni duoga ochaman...

Abdunabi ABDIYEV