Jamiyat 27.08.2019 37

MEROS QOLGAN UY-JOY MOJAROGA SABAB BO‘LDI

Shahrisabz tumanilik Q.Imomov 1997-yilda otasi yashayotgan hovlining bir tomonidan 2 xonali uy qurib, ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik o‘rtadan devor tortilib, hovli ikkiga bo‘lingan. Unda oilasi bilan yashab kelmoqda.

Ammo otasi vafot etganidan so‘ng uning uyi yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi mojaroni yuzaga keltiradi. Bunga esa tuman hokimining 2017-yil 20-iyundagi tegishli qarori sabab bo‘lgan.

Ya’ni, Shahrisabz tumani hokimining o‘sha qarorida marhum R.Imomovga tegishli 5 xonali uy-joyning meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi e’tirof etilgan. Lekin bu joyda 5 xonali uy yo‘q. Marhum otaga tegishli 3 xonali hamda uning yonida o‘g‘ilning alohida 2 xonali uyi bor. Agar tuman hokimining qarori amal qiladigan bo‘lsa, Q.Imomov o‘z uyini da’vogar qarindoshiga qoldirib, chiqib ketishi kerak edi.

Shu bois u tuman hokimining mazkur qarorini bekor qilishni so‘rab Shahrisabz tumani ma’muriy sudiga murojaat etadi. Sudning o‘rganishlaridan so‘ng da’vogar tomonidan keltirilgan dalillar o‘z isbotini topadi va Shahrisabz tumani hokimining 2017-yil 20-iyundagi tegishli qarori haqiqiy emas, deb topiladi.

Ammo sud qarori endi ikkinchi tomonning noroziligiga sabab bo‘ladi. Xususan, tuman hokimining qaroridan manfaatdor bo‘lgan K.Usmonova viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritib, Shahrisabz tuman ma’muriy sudining 2018-yil 27-apreldagi hal qiluv qarorini bekor qilish hamda tuman hokimining qarorini o‘z kuchida qoldirishni so‘raydi.

Viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya sudlov hay’ati tomonidan holat o‘rganilganda, haqiqatan ham Shahrisabz tumani hokimining ishga aloqador qarori qonun hujjatlariga muvofiq emasligi, Q.Imomovning uyi alohida ekanligi va uning marhum otasi R.Imomov nomida bo‘lgan uy uch xonadan iborat ekanligi aniqlandi.

Shunga ko‘ra, viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarori bilan Shahrisabz tumani ma’muriy sudining 2018-yil 27-apreldagi qarori o‘zgarishsiz, K.Usmonovaning da’vosi esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Bu marhum R.Imomovning uy-joyiga meros huquqi faqat uch xonali uyga tegishli ekani, Q.Imomovning uyi esa o‘ziga qolishini anglatadi.

R.AZIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori

A.CHULLIYEV,

viloyat prokuraturasi guruh rahbari