Ta'lim 07.06.2019 48

MILLAT PESHQADAMI

Tarix va biz

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Namanganda Ibrat nomidagi maktab-internatga tashrifi chog‘ida ushbu maktabni a’loga bitirganlar oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz grantga qabul qilinishi bo‘yicha topshiriq bergan edi. E’tiborlisi, mazkur muassasaga respublikamizning istalgan viloyatidan o‘quvchilar hujjat topshirishlari mumkin.

Xo‘sh, bugun izdoshlariga keng imkoniyatlar yaratib berilgan Ibrat kim o‘zi? Quyida shu haqida to‘xtalsak.

Ishoqxon Ibrat jadidchilik harakati vakili va iste’dodli ijodkor bo‘lish bilan birga, XIX asrning mustamlakachilik davri va sobiq sho‘rolarning qatag‘on yillariga qaramay, misli ko‘rilmagan darajada ulkan ma’rifatparvarlik harakatiga boshchilik qilgan shaxs edi. Dunyo kezib, ko‘p tilli lug‘at yaratish bilan birgalikda, o‘zi maktab ochib, bolalarga dunyoviy ta’lim berganining o‘zi uning shaxsini ko‘rsatib turibdi.

Ibrat Qo‘qon madrasasida o‘qirkan, Furqat, Zavqiy, Muqimiy singari ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurdi. Bu albatta uning dunyoqarashiga katta ta’sir o‘tkazdi. Shu asnoda rus va fors tillarini o‘rgandi. Madrasani tugallab, qishlog‘iga qaytgach, yangi usul maktabini ochdi. Ammo zamonasining qoloq fikrli kimsalari kofirlar maktabi deb yopib tashladi.

1887 yilda Ibrat farzandlik burchini ado etish maqsadida onasi Huribibini Haj safariga olib bordi, afsuski, onasiga Vatanga qaytish nasib etmadi. O‘pka shamollashi oqibatida yo‘lda vafot etib, Jidda shahrida dafn etildi.

Shundan so‘ng Ibrat ilm istagida turli mamlakatlarga sayohatga otlandi. Istanbul, Rim, Afina, Sofiya kabi yirik madaniy markazlarda bo‘ldi, bir muddat Afg‘onistonning Kobul, keyin Hindistonning Bombey va Kalkutta shaharlarida istiqomat qildi. Bu paytda arab, fors, hind, urdu va ingliz tillarini o‘rgandi, yaratilajak asarlari uchun ma’lumot va materiallar to‘pladi.

1907-yil yurtga qaytib "usuli savtiya" maktabini ochdi. Bu yerda 25 bolaning xat-savodini chiqardi. So‘ng Qozon shahridan Husain Makayevni o‘qituvchi sifatida taklif etdi. 1908-yilda Ufa va Orenburg shaharlariga borib, Gaufman degan matbaachidan 10 yilga to‘lash sharti bilan litografik mashina sotib oldi va uni Namanganga poyezdda, To‘raqo‘rg‘onga esa tuyalarga yuklab olib keldi, o‘z xonadonida "Matbaai Ishoqiya" nomli bosmaxonasini ochdi.

Bosmaxonada savod chiqarish uchun mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanmalar, risolalar, darsliklar, plakatlar, asarlar  chop etila boshlaydi. 1913-yilda "Altijor al-Namangan" nomli gazeta ochish maqsadida hukumatga ariza beradi, ammo bunga ruxsat berishmaydi.

Ibrat o‘z uyida "Kutubxonai Isxoqiya" nomli boy va ulkan kutubxona tashkil etadi. Kutubxonada ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, turk, tatar, fors, tojik tillarida ko‘plab kitoblar bo‘lib, undan nafaqat o‘zi, balki qishloq ahli unumli foydalangan. Ammo uning nodir kitoblari 1918-1920-yillar taloto‘pida, qolaversa 30-yillar qatag‘oni davrida yo‘q qilinadi.

Ishoqxon Ibrat jahon ilmi va madaniyatiga oid har qanday yangilikni katta qiziqish va ishtiyoq bilan kutib olar va o‘z xalqiga namoyish etishga harakat qilardi. U otasidan qolgan uch tanob yerda xalq uchun gulbog‘ yaratib, favvora qurdiradi, 150 tup archadan alleya barpo etadi. Rus va Yevropa manzarali daraxtlarini o‘tqazadi.

To‘raqo‘rg‘on va Xonobod qishloqlarida 20 yil davomida adolatli qozi sifatida xalq mehrini qozonadi.

"Lug‘ati sitta al-sina" ("Olti tilli lug‘at") asari rus tilini o‘rganishni istagan o‘zbek ziyolilari va o‘quvchilari uchun asosiy qo‘llanma bo‘ldi. Tilshunos olim sifatida katta va mukammal "Jome’ ul-xutut" ("Yozuvlar majmuasi") nomli ilmiy asarini o‘z bosmaxonasida nashr etadi. 1916-yilda yozgan "Tarixi madaniyat"  asarida qayd etishicha, keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asarlar va 30 yillik nazmiy ijodining majmui bo‘lmish "Devoni Ibrat" she’rlar to‘plamini yaratadi.

Uning tarixshunoslikka oid "Tarixi Farg‘ona", "Tarixi  madaniyat" va "Me’zon ul-zamon" ilmiy asarlari bizgacha yetib kelgan.

Hayotiy tajribalari asosida yozilgan "Me’zon ul-zamon" ("Zamon torozisi") asari 9 bobdan iborat bo‘lib, bir bobda to‘y va marosimlardagi ortiqcha dabdababozlik, sarf-xarajatlar kishilarning manmanligini  ko‘rsatishini, aslida bu sarf-xarajatlar ikki yoshning istiqbolli kelajagi uchun sarflansa to‘g‘ri va oqilona bo‘lishini kuyunib yozsa, yana bir bobda shariatda aza asli uch kun ekanligi, ammo o‘ylab topilgan "yetti", "qirq" va "yil" deb nomlanuvchi azador xonadon uchun ortiqcha chiqim bo‘lgan urf-odatlarni keskin tanqid qiladi.

O‘z umrini ana shunday ulug‘ maqsadlar uchun safarbar etgan bobomizning ezgu ishlari qattiq qarshiliklarga uchradi va oxir-oqibat 1937-yilda qatag‘on qilinib, og‘ir ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar oqibatida Andijon turmasida 75 yoshida bu dunyoni tark etadi.

Ibrat o‘z taxallusiga monand ibratli hayot kechirdi. Bugun uning nomini adabiylashtirish maqsadida asarlari nashr etilayotgani, shoir xotirasiga katta bog‘ barpo etilib, bu yerda Ibrat nomidagi maktab tashkil qilingani u zotga bo‘lgan ehtiromimizning bir bo‘lagidir.

Gulida ABDULLAYEVA tayyorladi.