Jarayon 11.06.2019 45

MILLIY GVARDIYA XIZMATCHILARI YANGI UYLI BO‘LDI

Tadbir

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 30 nafar harbiy xizmatchilariga Qarshi  shahrida qurib bitkazilgan yangi ko‘p qavatli uyning xonadonlari kalitlari topshirildi.

Shu munosabat bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unga mahalliy hokimlik mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, harbiylar va ularning oila a’zolari taklif etildi.

Qayd etish joiz, bugun yurtimizda Qurolli Kuchlar shayligini zamon talablari asosida kuchaytirishga alohida e’tibor berilayapti. Davlat rahbarining 2017-yil 24- yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Ushbu hujjatga asosan, nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibini sifat jihatidan yuksaltirish, balki fidoyiligi bilan ajralib turgan harbiy xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, ularni imtiyozli asosda uy-joy bilan ta’minlash belgilangan.

Albatta, bu bekorga emas. Oilasi tinch, farovonlikda, o‘z ko‘z oldida yashayotgan harbiy o‘z muqaddas burchini mardona va sidqidildan ado etadi.  Ortiqcha tashvish nimaligini bilmaydi.

Mazkur sovg‘adan behad  xursandligi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari yuz-ko‘zidan ham bilinib turdi. Tantanalar sadosi ostida yangi, barcha qulayliklarga ega xonadonlar kalitlari o‘z egalariga berildi.

San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiq tadbirga xushchaqchaqlik baxsh etdi.

Marosimda viloyat hokimi - harbiy-ma’muriy sektor rahbari, Zafar Ro‘ziyev ishtirok etib, yangi uy sohiblarini tabrikladi.

M.SHUHRATOV

Murodulla  KOMILOV olgan surat.