So'nggi yangiliklar 20.08.2019 45

MILLIY HUNARMANDCHILIK - MILLAT FAXRI

Ochiq muloqot

"Uzoq vaqt tarixiy kitoblardan bobomiz Amir Temur hayotini, shaxs va sarkarda sifatidagi faoliyatini o‘rgandim. Hozir qo‘limda o‘sha davrga xos liboslar, qurol-aslahalar, idish-tovoqlar haqida yetarlicha fakt bor. Uni ko‘pgina tarixchi olimlarga ko‘rsatib, ijobiy fikrlar oldim. Galereya ochib, unda Amir Temur va uning zamonasidagi hayot, odamlarni aks ettirmoqchiman. Buning uchun menga moddiy ko‘mak zarur".

Bu fikrlar Qarshi shahrida tashkil etilgan "Milliy hunarmandchilik - millat faxri" mavzusidagi ochiq muloqotda shahrisabzlik hunarmand Shohruh Temirov tomonidan bayon qilindi.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi, Markaziy bank viloyat boshqarmasi hamda "Hunarmand" uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorlikda uyushtirgan tadbirda hunarmand-tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, ular faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan holatlar haqida so‘z bordi.

Ma’lumki, bizda turizm sohasi rivojlanayapti. Bu jarayondan hunarmandlar ham manfaatdor. Binobarin, turistlar oqimining ko‘pligi milliy qadriyat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan hunarmandchilik mahsulotlariga ham talabni oshiradi. Ammo hunarmandlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xorijliklarni qanchalik o‘ziga rom eta olayapti? Muloqotda ana shu kabi savollar yuzasidan ham fikrlashildi.

Tadbir doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yurituvchi usta va yosh hunarmandlarning qo‘l mehnatlari namoyishga qo‘yildi.

Z.NAZIROVA

S.NARZIYEV olgan surat.