Ma'naviyat 31.05.2019 62

MING OYDAN AFZAL KECHA

Ramazon - rahmat va mag‘firat oyi

Alloh taolo Ramazon oyini oylarning eng ulug‘ va sharaflisi qilib qo‘ygan. Ramazon oylarning sayyidi, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat saylidir. U ko‘plab fazilatlarni o‘z ichiga olgan. Jumladan, islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi bo‘lmish Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘lgan. Ushbu oyda islom tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan juda ko‘p olamshumul voqealar sodir bo‘lgan. Shu bois butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi. Qur’oni karim mazkur oyda Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga nozil qilingan. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopib qo‘yiladi, Allohning rahmatlari ko‘plab nozil bo‘ladi. Shaytonlar va jinlarning ashaddiylari zanjirband qilinadi. Ushbu oyda bir fazilatli kecha borki,  uning fazli va barokati bemisldir. Alloh taolo bu kechaning fazilati haqida 5 oyatdan iborat "Qadr" surasini nozil qilgan.

"Qadr" - "ulug‘lash", "ta’zim qilish" ma’nosini anglatadi. YA’ni bu kecha o‘ziga xos fazilatlarni o‘z ichiga olgani uchun qadri baland, ulug‘ kechadir. Shuningdek, bu tunni ibodat va zikr bilan o‘tkazgan kishi qadrli, ulug‘ bo‘lishiga ishoradir. "Qadr" so‘zining yana bir ma’nosi "toraytirish" degani. Bunday nomlanishiga sabab, mazkur kecha haqidagi ma’lumotning yashirilishi va ta’yin qilinmasligidir.

Xalil ibn Ahmad aytadi: "Bu kechaning qadr (toraytirish) kechasi deb nomlanishiga sabab shuki, u kechada maloikalarning Yerga azbaroyi ko‘p nozil bo‘lganidan Yerda joy kamayib, torayib qolishidir". Yana aytadilarki, "qadr" "qadar" ma’nosida. Zero, bu kechada yil davomida sodir bo‘ladigan ishlar belgilanadi, taqdirlar bitiladi, tug‘iladiganlaru o‘ladiganlar, najot topadiganlaru halokatga yuz tutadiganlar, baxtiyor insonlaru baxtsiz kimsalar, hosildorligu qurg‘oqchiliklar, ofiyatu balolar, hamma-hammasi yozib, belgilanadi. Bandalarning taqdirlarini yozish deganda mazkur narsalarning lavhi mahfuzdan boshqa bir narsaga ko‘chirib yozilishi yoxud farishtalarga bildirilishi iroda qilinadi.

Laylatul Qadrni Ramazon oyining qaysi kunlarida kutish haqida janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir qator hadislarni Imom Buxoriy o‘z "Sahih"larida rivoyat qilgan. Abdulloh Ibn Umar (raziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning bir qancha sahobalari Laylatul Qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishgan ekan. Shunda, Rasululloh (s.a.v.): "Sizlarning tushlaringiz Laylatul Qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi, deb o‘ylayman. Kimki Laylatul Qadrni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!", dedilar". Oisha (raziyallohu anho) rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa: "Rasululloh (s.a.v.) "Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar, deb aytdilar",  dedilar.

Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib dedilar: "Kimki Qadr kechasini unga iymoni borligi uchun hamda savob umidida bedor o‘tkazsa, uning avvalgi qilgan gunohlari mag‘firat qilinur".

Oisha onamiz (raziyallohu anho) Payg‘ambarimiz alayhissalomdan Qadr tunida qanday duo o‘qish haqida so‘raganlarida, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday buyurganlar: "Allohumma innaka Afuvvun, Kariymun, tuhibbul-’afva fa’fu ’anniy", ya’ni, "Ey Alloh, Sen afv qiluvchi (kechirimli), karamli, olijanob zotsan, mening gunohimni kechir!". Demak, Qadr kechasi bo‘lishini umid qilgan holda ibodatlar bilan bedor o‘tkaziladigan kechalarda mazkur duoni ko‘p o‘qish sunnatga muvofiq hamda manfaatli bo‘lar ekan.

Alloh taboraka va taolo xabar berib aytganidek, Qadr kechasi to tong otgunga qadar tinchlik, osoyishtalik va salomatlik kechasidir. Umuman olganda, Ramazon oyining barcha kechalari va kunduzlari rahmat, mag‘firat va tinchlik-omonlikka yuz o‘giriladigan oy hisoblanadi. Shuning uchun ham oylar sultoni bo‘lgan Ramazonni xotirjamlik va osoyishtalikda o‘tkazishimiz, uning har bir kun va soatini g‘animat bilmog‘imiz lozim. Agar tinchlik, eminlik bo‘lmasa, turli ixtilof va kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, u vaqtda ne’matlar zavol topadi, o‘rtadan totuvlik, hamjihatlik va baraka ko‘tariladi. Imom Buxoriy (rh.) Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qilgan ushbu hadisning ma’no va mazmuni bunga yorqin dalildir. Unda bunday deyilgan: "Nabiy (s.a.v.) Laylatul Qadr qaysi kuni bo‘lishini xabar qilish uchun chiqdilar. Yo‘lda ikki musulmonning janjallashayotganini ko‘rib, o‘sha kun yodlaridan chiqib qoldi. Janob Rasululloh sahobalarga: "Men sizlarga Laylatul Qadr bo‘ladigan kunni aytmoqchi bo‘lib chiqqan edim, biroq yo‘lda falonchi bilan pistonchining janjallashayotganini ko‘rib, yodimdan ko‘tarilib ketdi. Qadr kechasini Ramazonning yigirma to‘qqiz yoki yigirma yetti yoki  yigirma beshinchi kunlarida kutinglar"! Shulardan kelib chiqib, aytish joizki, kishi Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kechalarini ibodat bilan qoim qilsa, inshoalloh Qadr kechasini topadi.

 Chunonchi, hadisi shariflarda ham vorid bo‘lganki, "Nabiy alayhissalom Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kirganda ibodatga bel bog‘lar, tunlarini qoim qilar va ahli oilalarini ham (tungi ibodatlarga) uyg‘otardilar".

"Qadr" surasida Qadr tuni ming oydan yaxshiroq ekani bayon qilindi. Bu ming oy taqriban 82 yildan ko‘p muddatni anglatadi. Demak, mazkur tunni toatu ibodat bilan bedor o‘tkazgan inson shuncha yil nafl ibodat qilganlik savobini ham olar ekan, inshoalloh. Mufassirlar xabar berishlaricha, avvalgi qavmlar juda uzun umr ko‘rgan va buning natijasida ko‘plab yaxshiliklarni qilishga muvaffaq bo‘lgan ekanlar. Sahobai kiromlar Nabiy alayhissalomdan o‘tgan qavmlardagi solih kishilarning uzoq yillar, yuzlab yillar davomida Allohga ibodat qilganlari va yana  boshqa ko‘plab ishlarni sodir qilganlari haqida eshitishgandan so‘ng mahzun bo‘lib qolishgan ekan. Chunki, bu ummatning o‘rtacha umri oltmish yosh atrofida bo‘ladi. Shundan so‘ng "Qadr" surasi nozil qilinib, inson yaxshiliklarga erishishi uchun yuzlab yil mobaynida toat-ibodat qilishi shart emasligi, balki birgina kechani ibodat va ezgulik bilan tiriltirsa, ming oy ibodat qilgandan yaxshiroq savobga ega bo‘lishi xabar berildi.  

 Qadr kechasining ayrim alomatlari bor. Bu haqda sahih hadisi shariflar ham vorid bo‘lgan. Ularda aytilishicha, Qadr kechasida sukunat hukm suradi, yulduzlar uchmaydi, havo mo‘tadillashadi: issiq ham bo‘lmaydi, sovuq ham bo‘lmaydi. Ertalab quyosh qizarib, gardish bo‘lib,  yog‘du sochishi o‘ta zaif holatda bosh ko‘taradi. YA’ni mazkur kecha nihoyasidagi tongda quyosh nurlari ko‘zni qamashtirib yubormaydigan darajada zaif bo‘lar ekan. Sababi, o‘sha tun va kunda farishtalar ko‘plab tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini to‘sib qo‘yar ekanlar. Bir hadisda Qadr kechasida yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ham aytilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham birinchi marta Qadr kechasi haqida xabar berganlaridan so‘ng o‘sha kecha yomg‘irli (suv va loy) bo‘lib, peshonalarida loy izlari qolganini Imom Buxoriy va Imom Muslim hazratlari Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Tabariy va Bayhaqiy rivoyatida yana mazkur muborak kechada kasalliklar paydo bo‘lmasligi, sho‘r suvlar chuchuk bo‘lishi, daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turishi kabilar zikr etiladi.

Inson o‘ziga Alloh taolo o‘sha kechaning barokatidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko‘ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo‘lishi kerak. Qadr kechasining va undagi bedorlik, ibodat, namoz, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru, duolar fazlidan o‘tgan gunohlari kechirilishidan umidvor bo‘lishi kerak. Lekin yana shu narsani ham unutmasligimiz lozimki, Ramazon oyining har bir kuni va tuni ulug‘dir. Shuning uchun ham bu kunlarni g‘animat bilgan holda, unda ibodat va ro‘zalardan tashqari boshqa xayrli va savobli ishlarga ham ko‘proq e’tibor qaratishimiz, keksalarni ziyorat qilib duolarini olishimiz, nochor oilalar bo‘lsa, ularga ham e’tiborli bo‘lib, hojatmandlarning mushkulini osonlashtirishga harakat qilishimiz va shu kabi savobni ko‘paytiruvchi ishlarga intilishimiz  dinimiz ko‘rsatmalaridandir.

Kimki, Laylatul Qadrni ko‘rsa, alomatlarini bilsa, u inson darhol o‘ziga, yashab turgan muqaddas Vataniga va barcha mo‘min-musulmonlar haqqiga duoyi xayr qilmog‘i lozimdir. Zero, hammaga ham uning alomatlari ko‘rinavermasligi mumkin.

Muhammadi QORAYEV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakilligi yetakchi mutaxassisi,

Qarshi shahridagi Qum qishloq jome masjidi imom-xatibi