Ma'naviyat 24.09.2019 32

MIRZO ULUG‘BEK NEGA CHINGIZXONNI o‘ziga qarindosh bilgan?

Mutolaa uchun uch asar

MIRZO ULUG‘BEK NEGA CHINGIZXONNI   

o‘ziga qarindosh bilgan?

Ziyolilar davrasida bo‘lganimizda, turli soha vakillarining elu ulusimiz tarixi borasidagi bahslariga guvoh bo‘lamiz. Shunday bahslar jarayonida hamda o‘tmishimizga oid kitoblar bilan tanishganda, ko‘plab qarama-qarshi fikrlar va xulosalarga duch kelamiz.

Xalqimiz va davlatchiligimiz tarixiga oid kitoblardan biri Mirzo Ulug‘bekning 1425-yilda yozilgan "To‘rt ulus tarixi" ("Tarixi arba’ ulus") asaridir. Sohibqiron Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek 1394-1449-yillarda yashab, 1411-yildan Movarounnahr va Turkiston hukmdori bo‘lgan. Uning astronomiyaga oid "Ziji jadidi Ko‘ragoniy" asari katta shuhrat qozongan. Adolatli va ma’rifatli hukmdor bo‘lishi bilan birga buyuk olim, ilmu fan va madaniyat homiysi tariqasida nom qoldirgan.

Mirzo Ulug‘bekning "To‘rt ulus tarixi"da dastlab Odam Atoning yaratilishi, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassalam va unga qadar o‘tgan payg‘ambarlar tarixi bayon qilingan. So‘ngra Turkiston zaminida podshohlik qilgan Turkxon, Mo‘g‘ulxon, Qoraxon va O‘g‘izxonlar, turklar va mo‘g‘ul qavmlari haqidagi ma’lumotlar bitilgan. Alanquva va undan tarqalgan avlod, ya’ni Buzunjor qoon, Buqaxon, Dutumonxon, Qobulxon, Boysung‘urxon va Yasugay Bahodir haqida aytib o‘tilgan.

Chingizxonni "Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam" va Amir Temurni "Sohibqironi akbar Amir Temur Ko‘ragon" deb e’tirof etgan.

Savol tug‘iladi: Mirzo Ulug‘bek nega Chingizxonga bunchalik katta hurmat bilan qaragan? Chingizxon va Amir Temur avlodlarining amakivachchalar ekanligini isbotlashga harakat qilgan?

Asarda yozilishicha, Alanquva avlodidan Tuminaxon podshohning Qobulxon va Qochuvli bahodir ismli egizak farzandlari bo‘lgan. Qobulxon Chingizxonning uchinchi bobosi bo‘lsa, Qochuvli bahodir Amir Temurning sakkizinchi bobosidir.

Farzandlari xohishiga ko‘ra, Tuminaxon Qobulxon avlodi xon va Qochuvli bahodir avlodi lashkar amiri bo‘lishini vasiyat qiladi. Bu hujjat "Tuminaxon ol tamg‘asi" deb ataladi. Ushbu ahdnoma haqida Amir Temur ham "Temur tuzuklari"da eslab o‘tgan. Ulug‘bek shu vasiyat asosida davlat boshqarilganini ta’kidlaydi. Qochuvli bahodir vafot etgach, sipoh sardorligiga amakisi Erdumchi barlos tayinlanadi. Barcha barloslar uning avlodlaridir. Yasugay Bahodir o‘g‘li Chingizxon hokimiyat tepasiga kelgach, Qochuvli bahodir avlodidan Qorachar no‘yon lashkarboshi bo‘ladi. Ular Turkiston taraflarga birgalikda kelishgan.

Chingizxon o‘zi xonlik qilgan barcha hududlarni to‘rt ulusga ajratib, to‘rt o‘g‘li, ya’ni Jo‘ji, Chig‘atoy, O‘qtoy va Tuluxonga bo‘lib beradi. O‘g‘li Chig‘atoyni Movarounnahr va bir qator boshqa hududlar hukmdorligiga tayinlab, Qorachor no‘yonni lashkarboshilikka qo‘yadi. Shuningdek, o‘g‘li Chig‘atoyga "Tuminaxon ol     tamg‘asi"ga rioya etish va Qorachar no‘yon bilan bamaslahat ish yuritishni tayinlaydi.

Bu odat chingiziy hukmronlar davrida davom etadi. Chingiziy hukmron Qozonxon Amir Qazag‘an tomonidan mahv etilgach, chingiziylardan Donishmandcha, Bayonqulixon xon etib tayinlangan. Amir Temur real hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Suyurg‘atmishxon va Mahmud Sulton xon etib qo‘yilgan.

Ammo aksariyat tarixchilarimiz Chingizxon va Amir Temurning ajdodlari birligini inkor etishadi. Mirzo Ulug‘bekning "To‘rt ulus tarixi" asaridagi ma’lumotlarga shubha bilan qarashadi. Bu shubha va inkorni qaysi tarixiy hujjatlar bilan isbotlash mumkin? Biz - tariximizni bilishga ixlosmandlar Mirzo Ulug‘bek bobomiz yozib qoldirgan ma’lumotlarga ishonmasligimiz kerakmi?

1644-1664-yillarda Xorazm davlatida hukmronlik qilgan Abulg‘oziy Bahodirxonning "Shajarayi turk" ("Turk sulolasi tarixi") asari tariximizni o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Abulg‘ozixon Chingizxonning o‘g‘li Jo‘ji avlodidan bo‘lib - davlat arbobi, olim, muarrix va shoirgina emas, shu bilan birga, iste’dodli adib sifatida takrorlanmas meros qoldirgan. Sharq xalqlari tarixi, madaniyati, adabiyotining o‘tkir bilimdoni sifatida o‘zbek xalqi madaniyatiga behad katta hissa qo‘shgan.

"Shajarayi turk" tarixni o‘rganish, bilish va undan tegishli xulosalar chiqarish zarurligi bilan boshlanadi. Asarda turk-mo‘g‘ul qabilalari, o‘zbeklar va turkman urug‘lari hamda Xorazmning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid qimmatli ma’lumotlar bor. Shuningdek, til va madaniy meros hamda dehqonchilikka oid ko‘p fikrlar uchraydi.

Muallif "Shajarayi turk" asarida 400 dan ortiq tarixiy shaxs nomini tilga olgan, ulardan 110 kishining hayoti va faoliyati qisqacha bayon etilgan. Kitobda Odam Atodan boshlab turklarning qadimgi xonlaridan Mo‘g‘ulxongacha, Chingizxon, uning o‘g‘illari, ya’ni Mo‘g‘ulistonda hukmronlik qilgan O‘qtoy qoon, Movarounnahr va Turkistonda hukmronlik qilgan Chig‘atoyxon, Eronda podsholik qilgan Tuluxon va Xorazm, Dashti Qipchoq hududlarida hukmronlik qilgan Jo‘jixon hamda ularning avlodlari tarixi yoritilgan. Shuningdek, asarda chingiziylardan bo‘lgan Shayboniyxonlar tarixiga oid ma’lumotlar ham mavjud.

Asarda turkiy xalqlar Nuh payg‘ambarning Yofas otli o‘g‘lidan tarqalgani, Yofasning Turk, Turkning To‘tak, To‘takning Debboquyxon, Debboquyxonning Alanchaxon ismli o‘g‘li podsho o‘tganligi aytilgan. Alanchaxonning Tatar va Mo‘g‘ul ismli o‘g‘illari bo‘lib, tatarlar va mo‘g‘ullar shu ikki o‘g‘ilning avlodlari ekanligi ta’kidlangan. O‘g‘uzxon davrida yirik davlatda amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Abulg‘ozixon Chingizxon avlodlarini turkiylarning qiyot urug‘idan, onasi Ulun va xotini Bo‘rtoni qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan, deb ko‘rsatgan. Abdulg‘ozixon ham Mirzo Ulug‘bek kabi Tuminaxonning Qobulxon va Qochuvli bahodir ismli egizak farzandlari bo‘lib, Amir Temur va barcha barloslar Qochuvli bahodirning avlodi ekanligini ta’kidlagan. Xalifa Nosir Bag‘dodda turib Chingizxon bilan Xorazm shohi Sulton Muhammad o‘rtasidagi yovlikni kuchaytirgan bo‘lsa-da, katta urush kelib chiqishiga Chingizxon elchilari va savdogarlarining o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.

1801-1874-yillarda yashagan rus generali Mixail Ivanin Chingizxon va Amir Temur davridagi tarixiy voqealar, ular yuritgan siyosat va harbiy san’atlarini chuqur tahlil qilib, "Ikki buyuk sarkarda. Chingizxon va Amir Temur: harbiy san’ati, strategiya va taktikasi" asarini yozadi. Maqsad - chor Rossiyasiga O‘rta Osiyo davlatlarini bosib olish va Hindistonga yo‘l ochish yo‘llarini ko‘rsatib berishdan iborat bo‘lgan. Bu borada e’tibor Pyotr I davridan boshlangan harakatlarning samarasini ta’minlashga qaratilgan.

Asarda yozilishicha, hamma istilochilar qatori hokimiyatga erishish, boylik to‘plashga intilish borasida Chingizxon va Amir Temur ham shafqatsiz bo‘lgan. Qo‘shinlar ta’minoti el-ulus imkoniyatiga bog‘liq ekanligini inobatga olib, dehqonlar, chorvadorlar va hunarmandlarning turmush sharoitini yaxshilashga e’tibor qaratishgan. Ularning qo‘shinidagi tartib, harbiy tarbiya va taktik qoidalar zamonasidan o‘zib ketganligi sababli doimo zafar qozonishgan.

Ivaninning yozishicha, Chingizxon ham, Amir Temur ham muhim masalalarni ko‘pchilikning fikri bilan qurultoyda hal qilgan, ular kim bilan ittifoqchi bo‘lishni, dushmanlarini bir-biriga yov qilib qo‘yishni, josuslar xizmatidan foydalanishni, sarkardalarni tanlash va sodiqligini ta’minlashni yaxshi bilishgan. O‘ljalarni taqsimlashda saxiy va adolatli bo‘lishgan. Xatoga yo‘l qo‘yganlar bir necha marta kechirilgan, ayblanuvchilarning aybi isbotlangan taqdirdagina jazoga tortilgan.

Ikki sarkarda ham tartib va adolat o‘rnatishga, odamlar va ularning mulkini xavfsiz ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratishgan. Elu ulus orasida Yelu Chusoy kabi hurmati bor kishilarni atrofiga to‘plab, ularga amal berishgan. O‘g‘il bolalar uch yoshidan boshlab jismoniy va harbiy mashqlar bilan shug‘ullantirilgan. Chingizxon va Amir Temur ham diniy bag‘rikenglikka e’tibor qaratib, din vakillarini soliqlardan ozod qilgan va ularga muruvvat ko‘rsatgan.

Ivaninning e’tiroficha, ko‘p hollarda hukmdorlarning farzandlarini yoshligidan xushomadgo‘ylik, mug‘ambirlik, yolg‘on va ikkiyuzlamachilik o‘rab oladi. Bu holat shahzodalarni ma’naviy qashshoqlashtiradi. Xonlarning qurultoyda saylanishini ma’qullamaydi. Chunki saroy ayonlari o‘z manfaatlariga qarshi turmaydigan muloyim xonlarni saylashga harakat qilishadi. Xorazm hukmdori Sulton Muhammadning Chingizxondan yengilish sabablari sifatida ichki ziddiyatlarning kuchayganligi, qo‘shindagi tarqoqlik va davlat ishlariga Turkon Xotunning aralashib ketgani ko‘rsatiladi.

Asarda Amir Temur qo‘shinlarining tarkibi, tuzilishi va jang qilish san’ati batafsil yoritilgan. Ko‘chmanchi chorvador xalqlardan o‘z vaqtida katta qo‘shin tuzish imkoniyati yaxshi bo‘lgan. Amir Temur savdogarlar, elchilar, sayohatchilar, karvonboshilar va darveshlar orqali boshqa mamlakatlar haqida ma’lumotlar olishni yaxshi bilgan. Siyosat bilan maqsadga erishish mumkin bo‘lsa, urush qilmaslikka harakat qilgan. Adolatsizlik va zolimlik hukmron davlatni bosib olish oson bo‘lgan. Soliqlar solishda el-ulusning iqtisodiy ahvoliga jiddiy e’tibor qaratilib, soliq undirishda majburlov man etilgan.

Shu bilan birga, Chingizxonning Yoso qonuni va Amir Temurning     "Temur tuzuklari" haqida fikr yuritilgan. Sohibqiron Amir Temurning harbiy san’ati nafaqat chor Rossiyasi zobitlariga, balki bolsheviklarning "Qizil komissarlar kurslari"da ham chuqur o‘rgatilgan.

Albatta, kitob o‘qish yaxshi, biroq yaxshi kitoblarni tanlab o‘qish va uqmoq har tomonlama afzaldir.

Abdishukur OMONOV