So'nggi yangiliklar 29.12.2018 32

MO‘JIZAKOR YANGI YIL

"Prezident archasi"

MO‘JIZAKOR YANGI YIL

"Prezident archasi" tantanalari bolajonlarning sevimli bayramidir. Chunki har yili ko‘tarinki ruhda tashkil etiladigan tadbirlarda tuhfa etiladigan Prezident sovg‘asi orziqqan dillarni jamiyatdan mustahkam o‘rin egallashga undaydi, hamisha mehr-e’tibor og‘ushida ekanliklaridan mamnun qiladi.

Ayni jihat viloyat musiqali drama teatrida bugun bo‘lib o‘tayotgan "Mo‘jizakor Yangi yil" deb nomlangan teatrlashgan bayram tomoshasida ham o‘z aksini topdi. Tadbirga Mehribonlik va Muruvvat uylari, bolalar maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining farzandlari va boshqa bolalar taklif etildi.

Tadbirni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev tabrik so‘zi bilan ochib, ertamiz egalari puxta o‘qib-o‘rganib, yuksak marralarni zabt etishlari lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng bolajonlarga Prezident sovg‘alari ulashildi.

Ma’lumki, 2019-yil arafasida yurtimizda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, Mehribonlik va Muruvvat uylarida tarbiyalanayotgan hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 11 turdagi o‘quv qurollari va 17 xil shirinlikdan iborat sovg‘alar tayyorlandi. Ana shunday sovg‘alardan 960 tasi viloyatimizga yuborildi.

Qiziqarli sarguzashtlarga boy voqealar, kuy-qo‘shiqlar, raqslarni o‘zida jamlagan sahna ko‘rinishi asnosida kichkintoylarga ahillik, hamjihatlik, mehnatsevarlik, odob va bilim insonga ziynat bag‘ishlovchi fazilatlar ekani ko‘rsatib berildi.

Bayram shukuhi barcha hududlarda hukmron. Sevimli ertak, multfilm qahramonlari, Qorbobo va Qorqiz ishtirokida archa atrofida ijro etilayotgan qo‘shiq va raqslar, teatrlashgan  tomoshalar bolalar uchun, ayniqsa, esda qolarli bo‘layapti. Bolajonlar quvonchidan masrur dillarda esa bir tilak: Yangi yil yanada barakali, yanada omadli kelsin!

N.XO‘JAYEV