Ta'lim 27.09.2019 32

MOBIL GURUHLAR BOG‘CHAGA BORMAYDIGAN BOLALARDAN SHAKLLANTIRILADI

Maktabgacha ta’lim

2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, vohamizdagi Kasbi, Muborak va Chiroqchi tumanlari hamda respublikamizning yana bir qator hududlarida mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Respublika hukumatining shu yil 18-sentabrdagi qaroriga muvofiq, mobil guruhlar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalardan shakllantirilib, zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan "ISUZU NC 40" rusumli avtobuslar negizida tashkil etiladi. Shuningdek, ularga  ta’lim-tarbiya berish va o‘yin faoliyati maydonchalari uchun yer maydonlari ajratiladi.

Mobil guruhlar an’anaviy maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM) singari o‘quv-uslubiy va didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanib, u yerda pedagogik faoliyat bilan tegishli kasbiy ma’lumot va tayyorgarlik, yuksak axloqiy va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishadi. Maktabgacha ta’lim mobil guruhlari davlat MTMga biriktiriladi, xodimlari - tarbiyachi, uning yordamchisi va haydovchi shu MTM shtatida turadi va uning rahbariga hisobot beradi.

- Hukumat qaroriga asosan maktabgacha ta’lim mobil guruhlari viloyatimizning uchta tumanidagi beshta mahallada, ya’ni Kasbi tumanidagi Komilon, Muborak tumanidagi Amir Temur hamda Chiroqchi tumanidagi Naymansaroy, Xo‘jaobod va SHo‘rquduq mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida tashkil etiladi, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruz Jabborov. - Bugungi kunda tuman hokimliklari tomonidan bu mobil guruhlarning ta’lim berish va o‘yin faoliyati maydonchalari uchun yer ajratilib, Kasbi va Muborak tumanlarida qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talabiga ko‘ra, mobil guruhlarda maktabgacha ta’lim xizmatlari bepul ko‘rsatiladi, ular o‘z faoliyatini 2 smenada, bir haftada 6 kun amalga oshiradi. Guruhlar bir xil yoki aralash yosh prinsipi bo‘yicha to‘ldiriladi. Bir guruhda bolalar soni 16 nafardan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Ushbu tajriba-sinov loyihasi natijalari maktabgacha ta’lim tizimining mutaxassislari tomonidan sog‘liqni saqlash sohasi va joylardagi davlat hokimiyati ijroiya organlari vakillari bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrga qadar tahlil qilinadi. Tahlil asosida loyihani davom ettirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida hukumatga takliflar kiritiladi.

Eslatish joizki, shu yil iyul oyida maktabgacha ta’lim vazirligi va "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida maktabgacha ta’limning muqobil turlarini joriy etish jabhasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolangandi. Uning asosiy yo‘nalishi avtobuslar negizida mobil MTM tashkil etib, olis qishloqlar, tog‘li hududlar va MTM mavjud bo‘lmagan aholi punktlarida yashaydigan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishdan iborat.

Temur NIZOMOV