Yilnoma 12.10.2017 939

MODDIY YORDAM VA NAFAQA HAQIQIY EHTIYOJMANDLARGA BERILAYAPTIMI?

Xalq qabulxonasi – adolat maskani

MODDIY YORDAM VA NAFAQA HAQIQIY EHTIYOJMANDLARGA BERILAYAPTIMI?

Yoki mahalla mutasaddilari manfaat evaziga soxta vedomostlar orqali kimlarnidir boqimandalikka o‘rgatayaptimi?

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kasbi tumanidagi Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlarning 10 foizga yaqini nafaqalar va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha. Ularning ayrimlari to‘la asosga ega bo‘lsa, ba’zi kishilar tegishli tartibni bilmasdan ham murojaat qilishgan. Masalan, ayrim fuqarolar nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat etishmagan bo‘lsa, boshqalar bir turdagi nafaqa olayotgan bo‘lsa-da, ikkinchi turdagi nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash bo‘yicha ko‘mak so‘rashgan. Yana kimlardir daromadi Nizomda belgilangan mezondan oshib ketsa-da, bolalariga nafaqa yoki moddiy yordam kerakligini bildirgan. Ularga albatta, tegishli Nizom talablari bo‘yicha tushuntirish berib borilmoqda.

Bu mavzuda so‘z ketarkan, avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, yurtimizda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar doimiy qo‘llab-quvvatlanib, alohida e’tibor qaratib kelinadi. Xususan, 1994-yil 23-avgustda “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirishga oid tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni e’lon qilinib, unga asosan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam berish maxsus jamg‘armalari tashkil etilgan bo‘lsa, 2007-yil 19-martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan bolali, ehtiyojmand oilalarga, ikki yoshgacha farzandining tarbiyasi bilan band bo‘lgan, ishlamayotgan onalarga nafaqa hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilishi, barcha darajadagi hokimlarga nafaqalar va moddiy yordamni belgilangan tartibga rioya qilgan holda tayinlash va to‘lash ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

2007-yil 1-sentabrdan boshlab esa davlat byudjetidan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari hajmini, ayni vaqtda uni tayinlash va to‘lash muddatini 6 oygacha uzaytirgan holda 1,5 baravarga oshirish belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi qarori bilan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlanib, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosining daromad miqdori eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanishi qayd etildi.

Nizomga asosan ota-onasi bo‘lmagan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan, ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar, 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar, nogiron bolasi bo‘lgan oilalar, bolani to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar, ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar va yolg‘iz pensionerlar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega bo‘ladi.

Nafaqa yoki moddiy yordam olishga ehtiyojmand deb e’tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olishi mumkin.

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash (ro‘yxatdan o‘tish) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki oila a’zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanadi.

Ariza berilgandan boshlab uch kun ichida oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori aniqlansa, o‘n kun muddatda oilaning moddiy va mulkiy holati o‘rganib chiqiladi va nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida xulosa qilinadi.

Daromad oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosining o‘rtacha oylik daromadi summasi murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun oila a’zolari soniga bo‘lingan holda aniqlanadi.

Nafaqa va moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga bolalarning otasi, onasi yoki har ikkisi, ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar, shuningdek, ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va o‘z oilalariga ega bo‘lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar, bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari, bolalarning ota-onalari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.

Nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda inobatga olinadigan oila tarkibiga nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan ota-onalarning aka-uka va opa-singillari (agar ularning o‘z oilalari bo‘lsa), to‘liq davlat ta’minotidagi hamda vasiylik yoki homiylikka olingan bolalar, chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy ta’lim muassasasida o‘qiyotganligi sababli oilada bo‘lmagan ota-ona, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish joylarida jazo o‘tayotgan ota yoki ona kiritilmaydi.

Bu borada qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, nafaqa va moddiy yordamlarni tayinlashda ijtimoiy adolat qoidalariga rioya etish talab qilingan bo‘lsa-da, joylarda qonun talablariga rioya etmaslik holatlari mavjudligi achinarli.

Tekshirishlarda aniqlanishicha, ayrim davlat organlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar to‘liq aniqlanmagan, bunday oilalarga moddiy yordam yoki nafaqalar tayinlanmagan. Shundan kelib chiqqan holda tuman Xalq qabulxonasiga nafaqa va moddiy yordam masalalari bo‘yicha murojaat qilgan 20 dan oshiq fuqaroning murojaatlari qanoatlantirildi.

Xususan, Talishbe qishlog‘ida yashovchi D.Yo‘ldoshevaning 2 yoshga to‘lmagan farzandi uchun 2017-yil mart oyida, Talishbe mahallasida yashovchi M.Imomovaning 2 yoshli farzandi uchun 2017-yil mart va aprel oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa pullari mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimlari tomonidan to‘lov vedomostiga boshqa kishilarning nomi kiritilishi oqibatida to‘lanmasdan qolgan.

D.Avazovaning Tinchlik mahalla fuqarolar yig‘iniga 2 yoshli bolasi uchun nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi murojaati 2017-yil yanvar oyida mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘rib chiqilib, bo‘sh turgan pul mablag‘lari yo‘qligi sababli keyingi oydagi yig‘ilishga qoldirilgan, lekin ushbu masala fevral va mart oylarida ham ko‘rib chiqilmagan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga nafaqa tayinlash va moddiy yordam berishda ijtimoiy adolat, xolislik va oshkoralik tamoyillariga qat’iy amal qilish, ko‘rsatilayotgan moddiy yordamning aniq yo‘naltirilishini ta’minlash, uni haqiqiy ehtiyojmand oilalarga berish, boqimandalikka yo‘l qo‘ymaslik, oilalar daromadi va mol-mulkini har tomonlama hisobga olish talab qilingan.

Kam ta’minlangan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar davlat himoyasida ekan, buni buzishga hech kimning haqqi yo‘qligini shu masalaga javobgar mutasaddilar aslo unutmasliklari kerak. Zero, gap inson, uning hayoti haqida ketmoqda.

Shomurod QO‘SHOQOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kasbi tumanidagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi