Yilnoma 06.05.2017 915

MUAMMOLAR TEZKOR O‘RGANILIB, JOYIDA HAL ETILMOQDA

2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

MUAMMOLAR TEZKOR O‘RGANILIB, JOYIDA HAL ETILMOQDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilinishi zamirida odamlarning dardu tashvishlariga yechim topish, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, pirovardida barchani hayotdan rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam. Shu ma’noda davlatimiz rahbari nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari, Davlat maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligida joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar yurtdoshlarimizni tobora kengroq jalb etmoqda. Bunday qabulga kelayotgan har bir fuqaroda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar Prezidentimizga yetib boradi va albatta yechimini topadi, degan ishonch mujassam. Chunki bu jarayonda har bir murojaat e’tiborga olinmoqda va fuqarolarning qonuniy talablari qanoatlantirilmoqda.

Navbatdagi sayyor qabul Mirishkor tumanida tashkil etildi. Qabulda mazkur hudud aholisi bilan birga Muborak va Kasbi tumanlari murojaatchilari ham qatnashdi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 2-may kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga Qashqadaryo viloyatidan 73 ming 809 ta murojaat kelib tushgan. Birgina Mirishkor, Kasbi va Muborak tumanlaridan 6129 murojaat yo‘llangan.

Murojaatlar asosan uy-joy, moddiy yordam, sudlarda ishlar ko‘rilishi, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, mehnat va bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi yo‘nalishlar bilan bog‘liq. Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Mirishkor, Muborak va Kasbi tumanlari hokimliklari mas’ul xodimlari mazkur murojaatlarni bevosita muhokama qilishdi.

Muboraklik Halim Pirnazarovga 2007-yilda tuman hokimining qarori bilan yer maydoni ajratilgan. Fuqaro bu yerda uy qurib, bog‘ yaratgan. Biroq tuman arxitektori yo‘l o‘tishi sabab, uy ham, bog‘ ham buzilishini aytgan. O‘rniga yer berish xususida-ku, gap ham bo‘lmagan. Qabul davomida mazkur murojaat atroflicha o‘rganilib, masala fuqaro foydasiga hal qilinadigan bo‘ldi.

Oysha Jalilova esa Kasbi tumanidagi dehqon bozorida o‘zi yetishtirgan go‘sht va sut mahsulotlarini sotish bilan 1995-yildan beri shug‘ullanib kelgan. Biroq bozor buzilib, qayta tiklanishi sabab uning ishi to‘xtab qolgan. Savdo do‘konining narxlangan puli berilmagan, boshqa joyda faoliyat ko‘rsatish uchun esa sharoit yaratilmagan.

- Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat qilganim mushkulimni oson qildi, - deydi Oysha Jalilova. - Endi tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish niyatidaman. Oddiy odamlarning dardini eshitib, ularning dardu tashvishlarini o‘rganayotgan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.

Mirishkor tumani Elobod qishlog‘ilik Erniyoz Yangiyev esa dehqonchilik qilish uchun uyi yonidagi 15 sotix bo‘sh maydonni so‘ragan. 2015-yildan beri turli mutasaddilarga murojaat qilgan, biroq ijobiy javob ololmagan. Qabul davomida unga obodonlashtirish uchun yer beriladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligidagi xuddi shunday sayyor qabul shu kuni Qarshi san’at kollejida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Qarshi shahri, Qarshi va Koson tumanlari aholisining muammolari, ularni o‘ylantirib kelayotgan turli masalalar va takliflari o‘rganilib, muhokama qilindi. O‘rtaga tashlangan muammolar yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov 4-may kuni Dehqonobod tumanidagi sanoat va xizmat ko‘rsatish kollejida Dehqonobod, G‘uzor va Nishon, Shahrisabz tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlari aholisi uchun sayyor qabul tashkil etgan bo‘lsa, kecha Ko‘kdala pedagogika-iqtisodiyot kollejida Chiroqchi va Qamashi tumani aholisi murojaatlari o‘rganildi.

Sayyor qabullar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan yuzlab fuqarolar bilan yuzma-yuz gaplashilib, ko‘tarilgan aksar muammolarga joyida yechim topildi. E’tiborlisi, mazkur uchrashuvlarda aholi vakillari tomonidan hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan yangi taklif-mulohazalar ham bildirildi.

B.SAYFIYEV