Madaniyat 02.04.2019 225

MUHAMMAD ALI - "SAN’AT G‘UNCHALARI" KO‘RIK-TANLOVI SOVRINDORI

San’at g‘unchalari

Shahrisabz shahridagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Muhammad Ali Rahmonov "san’at g‘unchalari" ko‘rik-tanlovining kichik guruhlar, ya’ni 11-13-yoshlilar o‘rtasida yog‘och damli cholg‘ular ijrosi yo‘nalishida qatnashib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Madaniyat vazirligi, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 150 dan ortiq yosh musiqachi o‘zaro bahslashdi.

- Bu mening respublika miqyosida erishgan ilk muvaffaqiyatim, - deydi Muhammad Ali Rahmonov. - Bu tanlovda tengdoshlarim ijodi bilan yaqindan tanishdim va hali ko‘p narsalarni o‘rganishim, bilimimni oshirishim kerakligini  tushundim.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Muhammad Alining maktabdoshi  Saodat Rashidova o‘tgan yili xuddi shu tanlovning respublika bosqichida kichik guruhlarda yog‘och damli cholg‘ular  chalish bo‘yicha qatnashib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

 Tadbir doirasida o‘quvchilarni turli tanlovlarga tayyorlashda faollik ko‘rsatgan Shahrisabz shahridagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Maqsud Aliyaqulovning mehnatlari e’tirof etildi. Unga "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi tashkilotchilari tomonidan tashakkurnoma topshirildi.

S.ALLAYOROVA