Jarayon 16.08.2019 42

MUHOKAMALAR DAVOM ETMOQDA

Qonun ijodkorligi

Qarshi shahrida tashkil etilgan "Kasaba uyushmalari to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida kasaba uyushma tashkilotlari faollari hamda qator tashkilotlar vakillari ishtirok etib, unda o‘nlab taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

1992-yilda qabul qilingan amaldagi qonun 22 moddadan iborat bo‘lsa, ushbu yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda xalqaro huquq normalari, Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari va yurtimizda kechayotgan islohotlar, mehnat munosabatlarida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar inobatga olinib, u kengroq qamrov kasb etdi. Unda 69 modda bor. Asosiy o‘zgarishlar ish beruvchilar va mehnatkashlar o‘rtasida ijtimoiy ahamiyati yuqori, adolatli va umume’tirof etilgan shartlar asosida mehnat munosabatlari o‘rnatish, bunda kasaba uyushmalari o‘rni va rolini oshirish borasida ko‘zga tashlanadi.

- Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qonun loyihasining ijodkori ham, muallifi ham tom ma’noda xalq bo‘lsin, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Tursunpo‘lat Norboyev. - Shuning uchun ham "Kasaba uyushmalari to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandan keyin, umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Zero, qonun bilan yuzma-yuz faoliyat yuritayotgan mutaxassislar undagi huquqiy bo‘shliq, kamchiliklarni yaxshi bilishadi. Ular bildirgan takliflar esa ushbu qonun loyihasini takomillashtirish uchun ham zarur.

Davra suhbati davomida chet ellarda mehnat faoliyatini olib boradigan ishchi-xodimlar haq-huquqlarini ta’minlash, xususiy ish beruvchilarning javobgarligi masalalarida qator takliflar bildirildi.

Yangi qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda.

Z.NAZIROVA