Jarayon 02.07.2019 155

MUHTOJLAR UCHUN UY-JOY OLISHDA QANDAY IMTIYOZLAR BOR?

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonida imtiyozli ravishda uy-joy olishga oid arizalar ko‘p uchraydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi va viloyat hokimligiga tushayotgan murojaatlarning uchdan bir qismi ana shu masalaga oid.

Xo‘sh, muhtoj fuqarolar imtiyozli asosda uy-joy olish uchun qayerga, kimga va qay tartibda murojaat qilishi kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-yanvardagi     tegishli qarori bilan "Ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi to‘g‘risida nizom" tasdiqlangan. U asosida 2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida uy-joylarni (5, 7 va 9 qavatli) qurish va rekonstruksiya qilish uchun "Ipotekabank" ATIB tomonidan buyurtmachiga kreditlar berish tartibi, shuningdek, ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni ustun darajada yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra:

o‘z uy-joyining yo‘qligi va ijara (arenda), bepul foydalanish shartlarida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashash;

bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;

ko‘p bolali oila;

ona (ota)ning to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;

ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

oila tarkibida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs mavjudligi;

turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi kabi mezonlardan biri mavjud hollarda fuqarolar va tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar arzon ko‘p kvartirali uylarni olishi mumkin. Ular buning uchun ariza, o‘zi va birgalikda qarz oluvchilarning moliyaviy holati va imtiyozli tarzda uy-joy olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar bilan hududiy komissiyaga murojaat qilishi kerak.

Nizomda hududiy komissiyaning namunaviy tarkibi belgilangan. Komissiya raisi - shahar hokimi, komissiya raisining o‘rinbosari - shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ladi. Yana yettita davlat va  nodavlat tashkilotlar vakillari ham ushbu komissiya tarkibiga kiritilgan. Komissiya vakolatiga oid murojaatlarni ro‘yxat bo‘yicha qabul qilib, murojaatchiga ariza qabul qilinganligi haqida tilxat bilan ro‘yxat nusxasini topshiradi.

Hududiy komissiya qabul qilib olingan barcha hujjatlarni o‘rganib, uy-joyga muhtoj fuqaroga biriktirilgan kvartiraning rekvizitlarini ko‘rsatgan holda protokol qarorini qabul qiladi. Murojaat rad etilganda ikki ish kunida ariza bergan fuqaroga asoslantirilgan yozma bildirishnoma yuborilishi shart.

Uy-joyga da’vogar fuqaro dastlabki badal, ya’ni kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi pul mablag‘ini unga xonadon biriktirilganidan keyin 60 kalendar kundan kechikmay bankka to‘lashi kerak. Aks holda hududiy komissiyaning kvartirani ushbu fuqaroga biriktirish haqidagi qarori o‘z kuchini yo‘qotadi.

Bundan tashqari, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan "Ariza beruvchi - uy quruvchining 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida nizom" doirasida ham ijtimoiy ustunlik asosida uy-joy xarid qilishlari mumkin. Bunda nizom talablari asosida shakllantirilgan tegishli tuman hokimligi huzuridagi Talabgorlarni tanlash komissiyasiga murojaat etiladi. Uning tarkibi kamida to‘qqiz kishidan iborat bo‘lib, hokim, birinchi o‘rinbosar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi rahbari, yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari doimiy ishlaydigan komissiya a’zosi bo‘ladi. Komissiya ishiga bank, injiniring kompaniyasi filiali rahbari va tegishli mahalla raisi kuzatuvchi sifatida taklif qilinadi.

Ushbu nizomga ko‘ra, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deganda: mulk huquqi bilan turar joyi yo‘q; boshqa oila yoxud oilalar bilan bir uyda yashovchi; ko‘p   bolali; daromadi yuqori bo‘lmagan, ya’ni bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan; to‘liq bo‘lmagan oilada bir yoki undan ko‘p bola yashayotgan; oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi yoki birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjudligi; umumiy uy-joy maydoni 16 kvadrat metr (kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kvadrat metr)dan kam bo‘lganlik holatlari tushuniladi.

Ushbu keltirilgan asoslardan biri toifasiga mansub 18 yoshga to‘lgan fuqaro qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylardan xarid qilish uchun ariza bilan komissiyaga murojaat etishi mumkin. Bunday murojaat 15 kun ichida ko‘rib chiqilib, tanlov natijalari bo‘yicha komissiya qarori qabul qilinishi kerak.

Komissiya o‘rganish natijalari bo‘yicha bir ish kunida ariza beruvchiga keyinchalik injiniring kompaniyasi va uy-joy qurilishida ishtirok etuvchi tijorat bankining filialiga taqdim etish uchun yozma tavsiya beradi. Bu rad etilganda esa murojaatchi yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan "Og‘ir ijtimoiy  vaziyatga tushib qolgan  xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida nizom" asosida ham ko‘zda tutilgan toifa uchun qator qulayliklar yaratilgan. Ular bu bilan dasturlar doirasida qo‘shimcha muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan kompleks holda qurilgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli (2 va 3 xonali) va maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli (2 va 3 xonali) arzon uy-joylarga ega bo‘lishlari mumkin. 

 Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uylar boshlang‘ich badali, ya’ni qiymatining 10 foizi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hisobidan hamda qolgan 90 foizi ipoteka asosida tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, ularga ajratilgan imtiyozli kreditni qoplash talabgorning o‘z mablag‘lari, doimiy daromadga ega bo‘lmagan va kreditni qoplashga layoqati yetarli bo‘lmagan taqdirda u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Arzon uy-joylardan xarid qilish uchun ariza muhtoj xotin-qiz, uning o‘zi ariza berish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, tuman (shahar) sektorlari rahbarlari tomonidan yuqorida nomi keltirilgan ikki nizom talablari asosida shakllantirilgan hududiy komissiya yoki tanlash komissiyasiga berilishi mumkin. U vakolatli shaxs tomonidan qabul qilingach, 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

Komissiya tomonidan tushgan arizani ko‘rib chiqishda uy-joyga muhtoj xotin-qizlar quyidagi ijtimoiy mezonlar asosida aniqlanadi:

ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;

boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi;

ko‘p bolalilik (uch va undan ortiq);

ariza beruvchi oilasining daromadi;

ijtimoiy xususiyatiga ko‘ra alohida xonada yashashi kerak bo‘lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) bemor ayollar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida);

ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

ariza beruvchi uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;

birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar;

yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bola parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida);

kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida).

Mamlakatimizda inson qadr-qimmatining yuksalishi, ayniqsa keyingi yillarda yaqqol o‘z ifodasini topmoqda. Bunda kuchli ijtimoiy himoyaning ustuvorlik kasb etayotgani uy-joy   sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga alohida yondashuv asosida g‘amxo‘rlik qilinayotganida ham ko‘rinadi. Binobarin, o‘z oldimizga har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga sharoit yaratish vazifasini qo‘yganmiz va bu yo‘ldagi ildamlashlar odamlar hayotidagi aksi bilan ahamiyatli bo‘layapti.    

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari